Turkiya
Respublikasi bugungi kunda, nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo siyosatida
ham muhim o’rin tutadi. Bunga asosiy omillar sifatida bu davlatning geosiyosiy
joylashuvi, Osiyo mamlakatlari ichida yuqori iqtisodiy taraqqiyoti va qudratli
qurolli kuchlarga egaligini keltirish mumkin. Turkiya konstitutsiyaviy huquqini
o’rganar ekanmiz, uning siyosiy-hududiy tuzilishiga e’tibor qaratmaslikning
iloji yo’q. Ushbu mavzuni tadqiq qilish Turkiyaning siyosiy-huquqiy
tuzilishidagi kamchilik va yutuqlarni anglashga muhim omil bo’lib xizmat
qiladi. Zero, shu o’rinda Prezidentimiz I. Karimovning quyidagi so’zlarini
eslamoq joiz: “… doimo o’rganish, izlanish, yangilikka
intilib yashash kerak. Bugungi kunda qaysi davlat yuksak taraqqiyotga erishgan
bo’lsa – bu Janubiy Koreya yoki Yaponiya bo’ladimi – bularning barchasidan
o’rganish kerak”[1]. Turkiya Respublikasi ham
shunday mamlakatlar qatoriga kiradi. Ustiga ustak, bu davlatning mamlakatimiz
iqtisodiga katta sarmoya kiritgan yirik iqtisodiy sheriklarimizdan sanalishi
ham uning turli jihatlarini o’rganishimizga turtki bo’ladi.
Mamlakatning
konstitutsiyaviy taraqqiyotiga nazar tashlasak, quyidagi manzaraning guvohi
bo’lamiz. Turkiya Respublikasi 1923-yil 29-oktabrda tashkil etildi. Shundan
so’ng 1924-yilda respublikaning birinchi konstitutsiyasi e’lon qilindi. Bu
konstitutsiyaga ko’ra, “suverenitet xalqqa tegishli” edi,
shu bilan birga butun hokimiyat bir palatali parlament – Buyuk Millat
Majlisi qo’lida to’plangan davlat boshqaruv tizimi ham yaratildi.
Parlament deputatlari xalq tomonidan to’rt yillik muddatga saylanishardi va shu
muddat davomida ular prezident saylash, bosh vazir va hukumatni tayinlash
huquqiga ega bo’lishardi. 1924-yilgi Konstitutsiya fuqaro huquq va
erkinliklarini kafolatladi va sudlar mustaqilligini e’lon qildi. 1920-yillar
davomida sud tizimi ishlab chiqildi. Turkiya Republikasida bir necha bor harbiy
to’ntarishlar sodir bo’lgan va, natijada, davlat Konstitutsiyasi ham turli
tuzatish va qo’shimchalar bilan 1961-yil 9-iyulda, 1982-yil 9-noyabrda xalq
referendumi orqali yana yangidan qabul qilingan. Hozirgi Konstitutsiya
yaratilishi 1981-yilda harbiy rejim yangi Konstitutsiya loyihasini tayyorlash
maqsadida Maslahat majlisini shakllantirishi bilan boshlangan. 1982-yil
sentabrda loyiha tasdiqlandi va umumxalq referendumida qabul qilingach, kuchga
kirdi. Ushbu Konstitutsiya Muqaddima, 7 qism, 177 moddadan iborat va fuqarolik
hamda siyosiy huquqlarning uzun ro’yhatini o’z ichiga qamrab oladi.
Maqoladan
ko’zlangan maqsad – Turkiya Respublikasida siyosiy-hududiy bo’linish
tamoyillari, markaziy va mahalliy hokimiyat organlari o’rtasidagi munosabatlar,
mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvning mamlakat hayotidagi rolini, mahalliy
miqyosdagi organlarning vakolat va majburiyatlarini o’rganish va O’zbekiston
Respublikasi siyosiy-hududiy tuzilishi bilan solishtirib, tahlil qilish hamda
ikki davlatning bu sohadagi o’zaro tafovut va o’xshashliklarini
anglashdir.
Mavzuning
o’rganilganlik darajasi. Mavzu hali
O’zbekiston Respublikasida yetarlicha tadqiq etilmagan, biroq A. Saidov, U.
Tadjixonov, A. Azizxo’jayev asarlarida ma’lum darajada yoritilgan. Shu sababli,
mavzuni o’rganish jarayonida xorij manbalaridan (rus olimlari asarlari,
Internet ma’lumotlaridan) keng foydalanildi.
Turkiya Respublikasi
siyosiy-hududiy tuzilishining konstitutsiyaviy asoslari
Turkiyaning
siyosiy-hududiy tuzilishi masalasi amaldagi Konstitutsiyasining III qism II
bo’lim 126–127-moddalarida bayon qilinadi. Quyidagi bo’limlarda shu xususida
so’zlanadi.
Turkiyaning siyosiy-hududiy bo’linishi
Mamlakatning
siyosiy-hududiy tuzilishi bu yaxlit davlat hududining
qismlarga bo’linishining muayyan tartibi, ularning huquqiy holati, markaziy
organlarining hududiy bo’linmalar bilan o’zaro munosabatidir. Siyosiy-hududiy
tuzilish shakliga turli omillar ta’sir etadi. Masalan, a)davlat va jamiyat
oldida turgan iqtisodiy vazifalar; b) davlatdagi siyosiy kuchlarning o’zaro
nisbati; d) davlat hududidagi aholining ko’p millatliligi va o’zaro munosabati;
e) davlat hududining katta yoki kichikligi; f) jamiyat ijtimoiy ongi va
boshqalar[2]. Shu aniqki, deyarli barcha davlat
Konstitutsiyalarida turlicha ko’rinishda bo’lsa ham, davlat tuzilish shakli
belgilab qo’yilgan bo’ladi. Turkiya Respublikasi ham bundan mustasno emas,
albatta.
Turkiya
Respublikasini davlat shakliga ko’ra turlasak, u boshqaruvning aralash
shaklidagi unitar davlat bo’lib chiqadi. Zero, unda parlament respublikasi va
prezidentlik respublikasiga xos xususiyatlar mavjud hamda siyosiy hududiy
tuzilishiga ko’ra, qattiq tartibdagi iyerarxik shakldagi unitar davlatdir.
“Unitar davlat” modeli va “bitta xalq” tamoyili Turkiya davlat qurilishining
eng muhim tamoyillari hisoblanadi, ya’ni xalq “bitta”, mamlakat “bo’linmas” va
davlat yagona”. Bu qoida mamlakat Konstitutsiyasining “Umumiy
tamoyillar” nomli I qismi 3-moddasida mustahkamlab qo’yilgan[3].
Turkiya Respublikasi
Konstitutsiyasining 126-moddasida quyidagicha belgilab qo’yilgan: “Markaziy
boshqaruv tashkilotlari nuqtayi nazaridan, geografik joylashuv, iqtisodiy
sharoit va ijtimoiy talablardan kelib chiqib Turkiya ellarga, ellar
esa boshqa quyi hududiy birliklarga bo’linadi”[4].
Hozirgi kunda butun Turkiya Respublikasi hududi 81 ta elga
bo’lingan. Bu termin xorijiy atamashunoslikda provinsiya atamasiga
to’g’ri kelsa, O’zbekiston Respublikasida viloyat so’zining
ekvivalentidir. O’z navbatida esa “el” “elcha”larga, ya’ni tumanlarga
bo’linadi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2007-yilga kelib Turkiya hududida 923ta
tumanlar (elcha)[5] mavjud bo’lgan. Viloyat
ma’muriy markazi o’sha viloyatning markaziy tumanida (merkez ilce)
joylashgan bo’ladi. Biroq, ba’zida istisnoli holatlar ham mavjud bo’ladi. Misol
tariqasida Hatay viloyati markazi Antakya shahrida, Kochaeli viloyati markazi
Izmit shahrida, Sakarya viloyatining markazi Adapazari shahrida joylashganini
aytib o’tish lozim. Ba’zi istisnoli hollarni inobatga olmaganda, ko’p
tumanlar buchaklarga bo’linadi. Bu hududiy birlik mamlakat hududiy
tuzilishi va mahalliy boshqaruvining eng quyi pog’onasi sanaladi[6]. Qisqagina qilib bu birlikni okrug yoki volost deyish
ham mumkin. Bu hududiy tuzilma bir necha qishloqlardan iborat bo’lishi mumkin.
Turkiya Respublikasining mahalliy boshqaruvi
Har bir provinsiyaning rahbari sifatida vali (gubernator)
turadi. Gubernator Ichki ishlar vaziri taqdimiga binoan Vazirlar Kengashi
tomonidan Prezident ma’qullagandan so’ng tayinlanadi. Gubernator o’z
provinsiyasida markaziy hokimiyatning bosh vakili sifatida faoliyat yuritadi va
bevosita Ichki ishlar vaziriga hisob beradi. Vali (gubernator)
bajaradigan ustuvor vazifalar qatoriga davlatning siyosiy yo’lini hayotga
tatbiq qilish, hukumat qaror va farmoyishlarini amalga oshirish kabilar kiradi.
Vali viloyatdagi barcha organlar, xizmatlar va mansabdorlar ishini
tashkillashtiradi va rahbarlik qiladi, qisqasi viloyatdagi butun hokimiyat
uning qo’lida to’plangan.
Mamlakat Konstitutsiyasi favqulodda holatlar e’lon qilingan vaziyatlarda
valiga deyarli cheklanmagan vakolatlar taqdim etadi. Yuqorida ta’kidlangan
vazifalar qatoriga mahalliy saylanadigan organlarni nazorat qilish ham kiradi.
Bu holatda u markaziy hokimiyatning vakili sifatida ko’riladi va fuqaro
manfaatlarini himoya qilish va mahalliy darajada boshqaruv samaradorligini
ta’minlash maqsad qilib olinadi. Mahalliy darajadagi amaldorlarni Ichki ishlar
vaziri vazifasidan ozod qilishi mumkin. Bu hodisa mazkur amaldor o’z xizmat
doirasiga aloqador qonunbuzarliklar qilgan va tergov qilinayotgan holatlarda
amalga oshiriladi. Shu bilan birga, viloyatdagi ijro hokimiyati boshlig’i
sifatida vali hukumat dasturlarini bajarishga mas’ul shaxslarning, vazirliklarga
mansub bo’lgan viloyat miqyosidagi xodimlarning va boshqa mansabdorlar
faoliyatini tashkillashtirib, tekshirib boradi. Yuqorida tilga olingan
davlatning fuqarolik ishlariga oid amaldorlari milliy hukumatning mahalliy
muassasalariga rahbarlik qiladilar. Bu muassasalar, asosan, qishloq xo’jaligi,
sog’liqni saqlash, moliya va maorif masalalari bilan shug’ullanadi. Har bir
viloyatda ushbu amaldorlar vali (gubernator)
rahbarligidagi Viloyat ma’muriy kengashini (vilayet genel
meclisi) shakllantirishadi. Bu kengash eng muhim ma’muriy qarorlarni qabul
qiladi va zaruriy holatlarda viloyat amaldorlari uchun intizomiy jazo
choralarini belgilaydi.
Vali, shuningdek, Viloyat majlisi va mahalliy savdo-sanoat
bilan shug’ullanadigan bir qancha organlarga ham rahbarlik qiladi. Vali
rahbarlik qiladigan organlar qatoriga Viloyat ma’muriy komissiyasini
ham kiritish darkor. Komissiya har bir tumandan (elchadan) bir vakil saylanishi
orqali shakllantiriladi va umumiy maslahatlashuv uchun haftada bir marta
yig’iladi. Vakillarni Viloyat majlisi saylaydi. Viloyat budjeti ijara
to’lovlari, xizmatlar uchun to’lovlar, jarimalar va davlat soliq
daromadlarining 1% miqdoridagi ulushidan shakllantiriladi. Viloyatning aksar
mablag’lari qishloq xo’jaligi dasturlarini amalga oshirish, maktab va
irrigatsion inshootlar qurish kabilarga sarflanadi.
Har bir tuman (elcha) o’zining ma’muriyatiga ega va
u tuman markazida joylashgan bo’ladi. Tuman ma’muriyati (O’zbekiston
Respublikasidagi tuman hokimiyatiga ekvivalent tushuncha) tarkibi tuman rahbari
(kaymakam), markaziy hukumatning tuman miqyosidagi vakillari
va Tuman ma’muriy kengashidan iborat. Tuman rahbarlari Ichki ishlar
vaziri taqdimiga binoan Prezident tomonidan tayinlanadi. Har bir tuman rahbari
valiga bo’ysunadi, o’z tumanida hukumat amaldorlarining majburiyatlarini
bajarishlarini monitoring qilib boradi.
Okruglar rahbarlari (bucak
mudur) vali – gubernatorning taqdimiga ko’ra, Ichki ishlar vaziri
tomonidan tayinlanadilar. Ularning soni taxminan 40 mingga yetadi[7] hamda ular o’z qishloq aholi punktlarida qonunlar
ijrosi uchun javobgar hisoblanishadi. Ularga, asosan, yerdan foydalanish, hayot
va o’lim statistikasi, mahalliy maktablar, pochta, telegraf va telefon aloqasi
uchun mas’ul bo’lgan amaldorlar yordam yordam berishadi.
Turkiya Respublikasida mahalliy o’zini-o’zi boshqaruv
Mahalliy o’zini o’zi
boshqarish bevosita fuqarolar tomonidan saylanadigan organlardir. Mahalliy
o’zini o’zi boshqaruvga Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvning Yevropa xartiyasida
quyidagicha ta’rif keltiriladi: “…mahalliy o’zini o’zi boshqaruv organlarining
qonun doirasida mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqqan holda, davlat
ishlarining ma’lum bir qismini belgilab olishi, uni boshqarish qobiliyati va
huquqlari tushuniladi”[8]. Bu xartiya 1985-yil
15-oktabrda qabul qilingan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun majburiy
qoidalardan iborat. Unda mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvning konstitutsional,
qonunchilik asoslari mujassamlashgan. Ushbu prinsiplar mamlakat konstitutsiyasi
va qonunchiligida tan olinishi talab etiladi.
Shuni unutmaslik
lozimki, mahalliy boshqaruv va mahalliy o’zini-o’zi boshqaruv o’rtasida muayyan
farq mavjud. Ular bir-biriga qarshi tushunchalar emas, balki bir-birini to’ldiradigan,
talab qiladigan tushunchalardir. Mahalliy boshqaruv markaziy hokimiyat
tomonidan tayinlanadigan organ sanalsa, mahalliy o’zini o’zi boshqarish
– saylanadigan organdir. U faqat saylanib qolmaydi, ya’ni mustaqil
ekanligini bildirib turuvchi bir qator real huquqlarga, vakolatlar majmuiga ham
ega bo’ladi.
Turkiya
Respublikasida mahalliy miqyosda markaziy boshqaruv ancha kuchliligini e’tirof
etgan holda o’zini-o’zi boshqaruv ham mavjudligini ta’kidlash joizdir. Mahalliy
o’zini o’zi boshqaruv viloyat (el) miqyosida Viloyat majlisi sifatida
namoyon bo’ladi. Viloyat majlisiga gubernator rahbarlik qiladi, uning tarkibi
esa har bir tumandan vakillar saylanishi orqali 5 yil muddatga
shakllantiriladi. Viloyat majlisi har yili yig’iladi va
Ma’muriy kengash bilan yaqindan hamkorlikda ishlaydi. Majlisning vakolatlariga
yillik budjetni qabul qilish va Ma’muriy komissiya a’zolarini saylash kiradi.
Turkiyadagi
81ta el – viloyatning har biri o’rta hisobda 8ta tumanga, har
bir tuman esa, o’z navbatida, 493ta atrofidagi buchaklar – okruglarga
bo’linadi. Viloyat markazlari, tuman ma’muriy markazlari va aholisi soni 2000
kishidan oshgan barcha shaharlar munitsipalitet (belediye) maqomiga
ega va ular saylab qo’yiladigan merlar tomonidan boshqariladi.
Munitsipial boshqaruv har bir viloyat va tuman markazida, shuningdek aholisi
2000dan oshgan barcha jamoalarda ham mavjud. Munitsipial ma’muriyat sog’liqni
saqlash, sotsial yordam, ijtimoiy faoliyat, maorif va transport sohalaridagi
milliy dasturlar ijrosi uchun mas’ul sanaladi. Bu munitsipalitetlar –
kommunalarga fuqarolar tomonidan 5 yillik muddatga saylab qo’yiladigan merlar (belediye
reisi) boshchilik qiladilar. Merga vazifasini bajarishda uning
o’rinbosarlari, bo’lim direktorlari yordam berishadi. Munitsipial kengashlar
ham mavjud va ular munitsipalitet aholisi soniga bog’liq tarzda turli
miqdordagi tarkib bilan 5 yilga saylab qo’yiladi. Munitsipial
kengash yilda 3 marta yig’iladi va budjet, rekonstruksiya
rejalari, xo’jalik masalalari, kommunal xizmatlar uchun to’lovlar va soliq
miqdori bo’yicha qarorlar qabul qiladi. Munitsipial kengashlarga mamlakatdagi
partiyalar o’z nomzodlarini qo’ya oladilar. 2009-yilgi munitsipial kengashga
saylovlarda hukmron partiya – Adolat va taraqqiyot partiyasi g’alaba qilgan.
Mer va munitsipalitet bo’limlari boshliqlari tomonidan tayinlangan turli munitsipial
qo’mitalar kadrlar masalalari bo’yicha qarorlar qabul qiladi va
moliyaviy ishlar bilan shug’ullanadi.
Mahalliy o’zini-o’zi
boshqaruvning eng kichik bo’g’ini bu qishloqlardir. Bunda
qishloq deganda aholisi 2000 kishidan kam bo’lgan manzilgohlarni tushunmoq
lozim. Qishloqlarda hokimiyat vakolatlari berilgan asosiy shaxs oqsoqol hisoblanib,
u qishloqning katta yoshli aholisi yig’inida saylab qo’yiladi. Ushbu norasmiy
yig’in to’g’ridan-to’g’ri mazkur manzilgohga daxldor bo’lgan qarorlarni ham
qabul qilishi mumkin. Shuningdek, yig’in mahalliy
maktablar o’qituvchilari va mahalliy diniy jamoat boshlig’i – imomdan
iborat Oqsoqollar kengashini ham saylaydi. Oqsoqol kommunal
loyihalar va xizmatlarning rejalashtirilishi va bajarilishini kuzatib boradi,
davlatning yuqori organlari qaror va buyruqlarini hayotga tatbiq qiladi,
delegatsiyalarni qabul qiladi. Uning xizmat vakolatlari qatoriga tartibga rioya
qilinishini tekshirish, soliqlar yig’ish va fuqarolar hayotidagi marosimlarga
raislik qilish ham kiradi. Oqsoqollar kengashi moliyani nazorat qiladi, maktab
va boshqa jamoat binolari qurish uchun yerlarni sotib oladi yoki musodara
qiladi, shuningdek fuqarolarning pul to’lovlari va yo’llar qurish, qishloq
hayotini yaxshilashga doir boshqa harakatlarga fuqarolarning mehnat hissasini
qo’shish haqidagi qarorlarni qabul qilish huquqiga ham egadir. Kengash odamlar
o’rtasidagi mojarolarni ham sinchiklab tekshiradi va jamoat oldida ayb ish
qilgan kishilarga jazo choralarini belgilaydi.
Yuqoridagilardan
ko’rinib turibdiki, Turkiyaning mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvida ba’zi
kamchiliklar mavjud va buni hukumat ham tushunib yetgan. Shu sababdan, Turkiya
Respublikasi hukumati bu sohada islohotlarni zarur deb hisoblaydi.
Zaruriy islohotlarga Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvning
Yevropa xartiyasi nizomlari asos qilib olingan. Mahalliy hokimiyat
organlarini mustahkam moliyaviy asosda tashkil etish va ularni ko’proq
mustaqillik bilan ta’minlash islohotlarning bosh maqsadi sanaladi.
Islohot rejasiga ko’ra aholi mahalliy xizmatlarga yanada ko’proq haq to’lay
boshlaydi, ko’chalarni yoritish ham mahalliy aholi zimmasiga yuklanishi mumkin.
Shuningdek, islohot katta munitsipalitetlar va ularning kichik qo’shnilarini
xizmatlar va vakolatlarni takrorlamaslikka, balki taqsimlab olishga undashga
ham mo’ljallangan.
[1] Erishgan marralar bilan
chegaralanmasdan, boshlagan islohotlarimizni yangi bosqichga ko’tarish –
bugungi kundagi eng dolzarb vazifamizdir / I. A. Karimov. – T.: “O’zbekiston”,
2015. T. 23. – 167-bet
[2] “Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqi”:
darslik / Mas’ul muharrir: prof. A.A.Azizxo’jayev. - T.: TDYI, 2010,
264-bet
[3] Конституции мира: Сборник конституций государств
мира. Т.5. /Сост. и авторы вступительных статей У. Таджиханов, А. Саидов. –Т.:
Академия МВД Республики Узбекистан, 1998. –стр. 77
[4] Конституции мира: Сборник конституций государств
мира. Т.5. /Сост. и авторы вступительных статей У. Таджиханов, А. Саидов. –Т.:
Академия МВД Республики Узбекистан, 1998. –стр. 132
[8] “Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqi”:
darslik / Mas’ul muharrir: prof. A.A.Azizxo’jayev. - T.: TDYI, 2010,
557-bet
No comments:
Post a Comment