O’zbekiston Respublikasi o’z Mustaqilligining
dastlabki kunlaridan boshlab yosh avlodning barkamolligi, mustaqil fikrli va
mas’uliyatli bo’lishi hamda milliy istiqlolni qadrlash, milliy qadriyatlarga
chuqur hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan va ma’nan sog’lom
bo’lishi uchun bir qator tizimli ishlarni amalga oshirdi. Shu bilan birga,
ularning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarining himoyasini ta’minlash maqsadida
huquqiy asoslar ham yaratildi.
Yoshlar qatlami deganda, dunyoning turli
mamlakatlarida turli yoshdagi fuqarolar tushuniladi. Masalan, AQSh va
Yaponiyada 13–14 yoshdan 29-30 yoshgacha bo’lgan shaxslar yoshlar hisoblansa,
Bolgariyada 15 yoshdan 29 yoshgacha, Rossiyada 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan
shaxslar yoshlar toifasiga kiradi. Germaniyada “kichik yoshdagi yoshlar” 14-18
yosh hamda “katta yoshdagi yoshlar” 18-27 yoshga bo‘linadi[1].
O’zbekiston Respublikasida esa 14 yoshga to’lgan va 30 yoshdan oshmagan
shaxslar yoshlar toifasini tashkil etishi O’zbekiston Respublikasining “Yoshlarga
oid davlat siyosati to’g’risida”gi Qonunining 3-moddasida belgilab
qo’yilgan. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, 2016-yilning 14-sentabrida qabul
qilingan ushbu qonun yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo’nalishlarini
belgilab berdi (5-modda)[2].
Bu yo’nalishlar ichida yoshlarni qonunlarga hurmat ruhida
tarbiyalash; ularning huquqiy ongi va madaniyati darajasini yuksaltirish kabilar
ham mavjud. Yoshlarning haq-huquqlari ta’minlanishi uchun nafaqat davlat
organlarining kafolati, balki yoshlarning huquqiy ongi va madaniyati darajasi
ham katta ahamiyatga ega. Yuridik fanlari nomzodi, dotsent N. Saburov fikricha,
“huquqiy ong – bu ijtimoiy ongning shakllaridan biri bo’lib, kishilarda
huquqqa, qonunchilikka, huquq-tartibotga va boshqa huquqiy hodisalarga nisbatan
bo’lgan g’oyalar, his-tuyg’ular, tasavvurlar yig’indisidir”[3]. Huquqiy
madaniyat uchun huquqiy ong zaruriy element ekanligini hisobga olgan holda
shuni e’tirof etish kerakki, huquqiy ong bo’lishi uchun avvalo huquqiy
savodxonlik juda zarurdir. Huquqiy savodxonlik fazilati shaxs – jamiyat –davlat
munosabatlariga muhim ta’sir ko’rsatadi, hayotda mehnat faoliyatida yoki boshqa
bir sohada yuzaga keladigan muammolarni adolatli va xolis hal qilish imkonini
beradi[4]. Yuridik
adabiyotlarda huquqiy savodxonlik tushunchasiga yakdil ta’rif berilmagan
bo’lsa-da, ulardan quyidagicha tushuncha hosil qilish mumkin: huquqiy
savodxonlik – bu yuridik matnlardagi atamalarni tushunish, ulardan
umumiy xulosalar chiqarish va bu bilimlarni amaliyotda qo’llay olish
qobilayatidir. Xorijiy yuridik adabiyotlar ham shunga yaqin mazmunni ifodalaydi,
ya’ni shaxsning o’z huquq va majburiyatlarini tanishi, qaysi holatlar yuridik
nizo ekanligini bilishi va ularga qonuniy yechim topa olishi, huquqiy axborotni
qayerdan topishni, yuridik yordamni qayerdan va qanday qilib olishni,
qonunchilik tizimida qaysi choralar borligini hamda protsessual tartibni
bilishi huquqiy savodxonlik belgilari hisoblanadi[5].
Yoshlar orasida huquqiy savodxonlikning pastligi
nafaqat, ularning o’zlari uchun, balki jamiyat va davlat uchun ham zararlidir.
Huquqiy savodxonlikning yetarli emasligi yoshlarning o’z huquqlaridan
to’laqonli foydalana olmasliklariga, majburiyatlaridan bexabar qolishlariga
sabab bo’ladi. Majburiyatlardan bexabarlik yoki harakatlarining huquqiy
oqibatini anglamaslik bugungi kunda yoshlar orasida huquqbuzarliklarning sodir
bo’lishiga sabab bo’lmoqda. Biz huquqiy-demokratik davlat qurishni oldimizga
maqsad qilgan ekanmiz, buning uchun huquqiy ongi va madaniyati yuksak yoshlar
hal qiluvchi rol o’ynaydi. Bunga esa huquqiy savodxonlikni oshiribgina
erishishimiz mumkin. Qisqasini aytganda, “Faqat chuqur o’ylangan va tezkor
davlat siyosatigina yoshlarning huquqiy madaniyatini ko’tara oladi va ularning
huquqiy ongi darajasini yuksaltirishga yordam beradi”[6].
Yoshlarning
huquqiy savodxonligini oshirish yo’lida Mustaqillik davrida qator tadrijiy
islohotlar amalga oshirildi. Yuqorida
ta’kidlanganidek, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida bir
qancha qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Bular sirasiga “Yoshlarga
oid davlat siyosati to’g’risida”gi Qonun, O’zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”, O’zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini
oshirish va O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi faoliyatini qo’llab-quvvatlash
to’g’risida”gi hamda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganishni
tashkil etish to’g’risida”gi Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarning
huquqiy ta’limini takomillashtirish kompleks dasturi to’g’risida”gi Qarori
kabilarni kiritish joiz. Bu qonun hujjatlarining ijrosi sifatida qator amaliy
ishlar qilinmoqda. Masalan, Adliya vazirligi huzurida 2009-yilda tashkil
etilgan yosh huquqshunoslardan iborat “Huquqiy targ’ibot guruhi” faoliyati
e’tirofga loyiq. Ma’lumot o’rnida keltirish joizki, shu paytgacha bu targ’ibot
guruhi respublikamizning 70dan ortiq tumanlariga borib, 62 mingdan ortiq
yoshlar bilan uchrashuvlar o’tkazdi, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga
katta hissa qo’shdi. Shu bilan birga, har yili o’tkazib kelinayotgan “Siz
qonunni bilasizmi?”, “Huquq bilimdonlari” kabi ko’rik tanlovlar, fan
olimpiadalari ham yoshlarning huquqiy savodxonlikni oshirishga bo’lgan qiziqishlariga
sabab bo’lmoqda. Yangi qabul qilinayotgan qonunlarning yoshlar hayotiga ta’siri
katta, albatta. Ularning bu qonunlar haqida axborot olishlari, undagi
normalarga tushuntirishlar talab qilish huquqi ham qonunan mustahkamlangan[7].
Bu borada olib borilayotgan islohotlarning yanada
samarali bo’lishi ko’p jihatdan chuqur o’ylanganligi va tizimliligiga
bog’liqdir. Shuni e’tiborga olgan holda biz yoshlar orasida huquqiy
savodxonlikni oshirish masalasi bo’yicha bir qancha takliflarni
bildirmoqchimiz.
o
Avvalo,
shunga e’tibor qaratish kerakki, yetarli huquqiy ta’lim-tarbiyagina huquqiy
savodxonlikka olib boradi. Shu boisdan, pedagogika oliygohlarida
“huquqshunoslik pedagogikasi” fakultetlarini tashkil etish maqsadga muvofiq
bo’lgan bo’lar edi. O’z navbatida esa, umumiy o’rta ta’lim va oliy ta’lim
muassasalarida “Huquqshunoslik” fani dars soatlarini optimal darajada
ko’paytirish ham lozim. “Huquqshunoslik” faniga ixtisoslashtirilgan sinflarning
bo’lishi ham foydali bo’ladi.
o
Huquqiy
ta’lim-tarbiyani maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlash samarali bo’ladi,
degan fikrdamiz. Zero, bu yoshdan boshlab bolalarga konstitutsiya, qonun, fuqarolik, huquq, majburiyat kabi
tushunchalarni singdirish lozim. Huquqiy ta’limning bunday izchilligi shunisi
bilan ahamiyatliki, bunda doimiy auditoriya mavjud bo’lib, huquqiy
savodxonlikka erishishning tadrijiyligi ta’minlanadi.
o
Shu
qatorda, yoshlarning huquqiy ta’lim-tarbiyasini rivojlantirishning hududiy
dasturlarini yaratish davri keldi, deb hisoblaymiz. Viloyat va tumanlar miqyosidagi,
o’ziga xos dasturlarning bo’lishi yoshlar orasida huquqiy savodxonlik
ko’lamining oshishiga olib keladi, degan fikrdamiz. Masalan, “Yosh huquqshunos”
nomli tuman hokimi mukofoti, “Konstitutsiya bilimdonlari” nomli viloyat hokimi
kubogi kabi yangicha tadbirlar yoshlar orasida huquqiy bilimlarga qiziqishning
yanada oshishiga olib kelishi mumkin.
o
Keyingi
taklifimiz shundan iboratki, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga “davlat – ota-ona – maktab – huquqni
muhofaza qiluvchi organlar” tizimini joriy qilish lozim. Bunda davlat joylarda
shart-sharoit yaratib bersa, o’quv muassalari tadbirlarni tashkillashtiradi va
ota-onalar bolalarni jalb qilishadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning
xodimlari esa tizimli tarzda yoshlarni o’z huquqlarini himoya qilishda kerak
bo’ladigan huquqiy bilimlar bilan tanishtirib boradilar. Bu tadbirlar suhbat, munozara, taqdimotlar, filmlar
namoyish qilish kabi ko’rinishlarda o’tkazilishii mumkin.
Xulosa qilib shuni
aytish mumkinki, yoshlardagi yuqori huquqiy savodxonlik demokratik-huquqiy
davlat va fuqarolik jamiyati qurishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu qatorda,
bugungi islohotlarning mohiyatini tushunishda, ularni amalga oshirishda
yoshlarning yanada faol ishtirokini ta’minlaydi. Bu darajaga esa tizimli va
doimiy huquqiy tarbiya orqali erishish mumkin.
[2] O’zbekiston
Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida”gi Qonuni// “Xalq
so’zi”: 15.09.2016dagi №182 (6617)-son
[3] Saburov
N., Saydullayev Sh. Davlat va huquq nazariyasi / O’quv qo’llanma. – Toshkent:
TDYI, 2011. 74-bet.
[4] Amirov
Z. “Huquqiy xabardorlikni oshirish huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish
vositasi sifatida” // Jamiyat va boshqaruv –2015. №3
[7] O’zbekiston
Respublikasining “Huquuqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni
ta’minlash to’g’risida”gi Qonuni, 13-, 21- moddalar // http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=3329163
No comments:
Post a Comment