Qarorim yo’q ko’ngilda
lahzaye, devona Mashrabmen,
Ichibmen tun-u kun may,
tolibe mayxona Mashrabmen.
Boborahim Mashrab
“Yana bir toifalar lavandlik
(ishyoqmaslik) birla ishlar qilurlar,
otlarin “devona” qo’yub,
o’zlarini mastlardek qilurlar.
Shariat birla parvolari
bo’lmas. Va yana ayturlarki: “Bizlar oshiqdurmiz,
bizlarga namoz va ro’za
darkor emas”. Alarning ulfati Shaytondur.
Bu so’zlarga bovar qilib,
andog’ gumrohg’a e’tiqod qilsa, ul Xudoni
dushmanidur. Na uchunkim,
ular Xudoni oyatiga munkirdir.
Har kishi oyatga munkir
bo’lsa, beshak kofir bo’lur”
So’fi Olloyor
“Maslak ul-mutaqqin” asaridan

Mashrab Namanganda bo’zchi oilasida tug’ilgan, qaysi
yilda tug’ilgani haqida haligacha aniq bir yilni ko’rsata olishmaydi. 1640-yil
deyishadi, boshqa birovlar esa 1653-yilda deb aytadirlar. Yoshligidan uning
tabiatida so’fisifatlik, majnunvashlik va qalandarnamolik aks eta boshlagan.
O’z shahrida dastlabki ta’limni olgach, 23 yoshida Qashqarga ilm istab boradi.
Qashqarda Ofoqxo’ja huzurida yetti yillik xizmat noxushlik bilan tugaydi:
Mashrab sevgani uchun qattiq jazolanadi, jismonan majruh qilinadi. Shundan
so’ng Mashrabning Toshkent, Xo’jand, Buxoro, Samarqand, Makka-yu Madina va
Istanbul sayohati boshlanadi. U o’z zamonasining ko’plab mashhur shaxslari
bilan uchrashadi. Unga ixlos qo’yganlar ko’p edi. Shoh Mashrab “elga shoh-u nafsga qul” Balx hokimi
Mahmud Qatag’on tomonidan 1711-yilda osib o’ldirishga hukm etilgan. Qabri
Ishkonmush degan joydadir.
So’fi Olloyor 1644-yilda Kattaqo’rg’on shahri yaqinidagi
Minglar qishlog’ida tavallud topgan. Otasining farzand tarbiyasiga jiddiy
qarashi sababli So’fi Olloyor dastlab o’z qishlog’ida o’qidi, 12 yoshida
Buxoroga borib madrasalarda ta’lim oldi. So’fi Olloyor katta iste’dodga ega
edi. U olti yoshida Qur’oni Karimni o’qib tushiradi. Buxorodagi Jo’ybor
madrasasini imtiyozli tugatadi, buning uchun xonning maqtov yorlig’ini oladi
hamda 25 yoshida xonlikning bojxona-soliq xizmati to’raligiga tayinlanadi.
Ammo…
So’fi Olloyor favqulodda bilim sohibi bo’lganiga
qaramay, hukmron tuzum kirdikorlari, jumladan, xalqning ayanch turmushi, tuban
amaldorlar nohaqliklari sabab xizmat vazifasidan ketadi, taqvo yo’lini
tanlaydi. Ba’zilar bu hodisaga boshqa bir voqeani ham sabab qilib
ko’rsatadilar. Abdulazizxon shoirning akasini arzimas qilmishi uchun qatlga
hukm qiladi, bundan ta’sirlangan So’fi taqvodorlikka yuz burgan ekan. 12 yillik
shayx Habibulloh ta’limidan so’ng uning o’zi ham shayxlik darajasiga
ko’tariladi va Panjikent, Urgut, Shahrisabz, Denov, Boysun, Qabadiyon,
Qorategin va boshqa yerlarga safar qilib toliblarga shariat va tariqatdan
ta’lim beradi. Hayotining oxirgi 11 yilini Katta Vaxshivor qishlog’ida
(Oltinsoy tumanida) o’tkazadi. 1721-yilda o’sha yerda vafot etadi. Qabri ham
o’sha joyda.
Bu ikki zotning tanlagan yo’liga nazar tashlaydigan
bo’lsak, quyidagilarni ko’ramiz. Mashrab ham, So’fi Olloyor ham Ollohning
oshiqlari edilar, ikkisi ham valiulloh (karomat sohibi) darajasiga chiqqan.
Ammo ikkisi bir maqsadga yetishishda ikki xil usuldan ketgan edi. Boborahim
Mashrab naqshbandiya tariqatiga kiradi hamda qalandarlikni tanlaydi. U Mansur
Halloj izidan boradi va uningdek o’lishni xohlaydi. Mashrab ijodiga nazar
tashlasak, uning lirik qahramoni Imomiddin Nasimiyning lirik qahramoni bilan
ma’nan maslakdoshdir:
«Manga
sigʻar ikki jahon, man bu jahona sigʻmasam».
Nasimiy
Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
Chu sultoni azaldurmanki, arshi a'loga sigʻmamdur.
Mashrab
So’fi Olloyor
ijodida Islom ma’rifatini keng xalq orasiga yoyish, tariqatning inson kamoloti
bilan bog’liq g’oyalarini keng targ’ib qilish namoyon bo’ladi. Shuningdek,
uning lirik qahramoni Olloh oldida tavba qilayotgan va do’zaxdan najot
istayotgan holda namoyon bo’ladi.
Xoliqo!
Qoyilman
o’z nuqsonima,
Ko’b
jafo qildim o’zumni jonima.
Zoti
pokingdan inoyat bo’lmasa,
Hech
ishonchim yo’q amal qilg’onima.
Xoliqo!
Qildim
faoli kundani,
Qilmog’il
rasvo mani – sharmandani.
Sen
agar rahmat niqobin yopmasang
Aybi
ko’b,nuqsoni ko’bdur bandani.
Xoliqo!
To’ktum
ibodat tosini,
San
tuzarsan bandani kam-ko’sini.
Qullaring
bulg’onsa isyon loyig’a
Oqizursan
mag’firat daryosini.
Xoliqo!
Qildim
gunohi beadad,
Jon
berar holatda san bergil madad.
Nafsi
shayton ilkidin qutqormasang,
Bo’ldi
mushkul holimizg’a, yo ahad!
So’fi Olloyor
Zamonasining bu
ikki buyuk shoiri Qabadiyonda uchrashganligi haqidagi rivoyat ma’lumdir.
Masalan, Xalq kitoblari turkumiga
kiruvchi Qissai Mashrab[1]
asarida bu uchrashuv quyidagicha hikoya qilinadi: Shoh Mashrab Qabadiyonga
yetib keladi. Bundan xabar topgan So’fi Olloyor uni xushnud holda qarshi oladi.
Ikkisining muloqoti jarayonida Shoh Mashrab aytadiki, So’fi Olloyor do’zaxga
hushomad qilibdi, Puli sirotga hushomad qilibdi. Shoh Mashrab uni bu ko’prikdan
o’tkazib qo’yishi mumkinligini ma’lum qiladi. Shunda So’fi Olloyor deydi: “Ey
Mashrab, putingizning orasiga qarang”. Shoh Mashrab qarasa, yetti do’zax og’zi
ochilib turibdi. U javob qaytaradi: “Ey so’fim, bu do’zaxlarni ko’rib muncha
qo’rqarsiz? O’zini topqondin so’ng ani qo’lidan nima keladur? Himmatni baland
tuting!” Shu joyda Shoh Mashrab bir g’azal o’qiydi, o’sha g’azaldan bir parcha
keltiramiz:
Yetti do’zax mardi Haqni
oldida gulzordur,
Qo’l tutarg’a rahnamo ham,
mardi sohib kordur.
Gar qo’lingdin kelsa, hargiz
mo’rchani og’ritmagil,
Ham Xudo bandam demas, har
kimki dil ozordur.
To tiriksan diydadin har
lahza to’kg’il, obi chashm,
Dilda darding bo’lmasa, ming
toating bekordur.
Shoh Mashrab
g’azallarini o’qib bo’lgach, ikki qo’li orasiga qarashni so’raydi. So’fi
Olloyor Mashrabning qo’llari orasiga qarasaki, bir qancha farishta qiyomda, bir
qanchasi ruku’da, ba’zilari su’judda, boshqa birlari qu’udda, yana birlari
munojotda duo qilib turishibdi. Ustiga ustak, hammasining duodan maqsadi bir.
Shunda Shoh Mashrab bu farishtalar Muhammadning (s. a. v.) ummatini jannatga
kiritishini Ollohdan tilab turganliklarini aytadi. Shunday farishtalar insonni
jannatga kirishini duo qilib turganda, So’fining o’ziga himmatliroq bo’lishi
kerakligini uqtiradi. Shoh Mashrab gapini tugatgach Balxga, taqdiri azali tomon
ketadi. Mashrab hayoti haqidagi qissalar turlicha nomlarda va talqinlarda
tarqalgan bo’lsa-da, bu rivoyat o’sha kitoblarning barchasida deyarli yuqoridagicha,
bir xilda bayon qilingan.
Shunday qilib,
ulug’ Turkistonning bu ikki farzandining dardi bir edi – Olloh ishqi. Ikkisi
Yaratganning jamoliga yetishishga umidvor edilar, biroq ularning yo’li ikki xil
edi. Shoh Mashrab Ollohni anglashni o’zini anglashdan boshladi, o’zini qidirib
yo’lga chiqdi va inson zotiga muhabbatli bo’lishga chaqirdi. Odamlarni sevishga
undadi, hur fikrlilikni targ’ib qildi. So’fi Olloyor esa kishilarni do’zax
bilan qo’rqitdi, uning maqsadi ezgu ekanligiga shubha qilmaymiz, ammo insonni
“buni qilma, do’zaxga tushasan” degandan ko’ra, “bunday qil, shunda jannat
eshiklari ochiqdir” deb uqtirish to’g’riroq bo’lgan bo’lardi, nazarimizda.
[1] Qissai
Mashrab. To’plab, nashrga tayyorlovchilar: Sayfiddin Raf’iddin, Muhammad Yoqub
Salim o’g’li, Sharofxon Jamolxon o’g’li. –T.: “Yozuvchi” nashriyoti, 1992.
No comments:
Post a Comment