O’zbekiston Respublikasining siyosiy - hududiy
tuzilishi asoslari Konstitutsiyamizning I bob 3-moddasi, XVI bob
68–69-moddalari, XVII bob70–75-moddalari, XXI bob 99–105-moddalarida
mustahkamlab qo’yilgan. Ularda davlat hududi, bo’linishi, markaziy va mahalliy
hokimiyatning o’zaro munosabatlariga oid normalar bayon qilinadi. Zero, bu
jihatdan Konstitutsiyamiz Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasidan butkul
farqlanadi. Quyida shu xususida fikr yuritiladi.
O’zbekiston va Turkiya
Respublikalarining davlat, hokimiyat, boshqaruv tamoyillarining o’ziga xosligi
Unitar davlat bu davlat tuzilishining oddiygina
shakli, unda boshqa biron bir mustaqil davlat birikmalari, tuzilmalari
bo’lmaydi. Yagona Konstitutsiya, yagona fuqarolik, yagona pul va soliq tizimi,
qonun chiqaruvchi, ijro, sud hokimiyatlari ham markazlashgan shaklda tuzilgan
bo’ladi. Fransiya, Turkmaniston, Qozog’iston, Italiya, Yaponiya kabilar misol
bo’ladi. O’zbekiston va Turkiya ham davlat tuzilishining shu turiga mansub.
Ammo har bir davlatda bo’lgani kabi bu ikki mamlakat siyosiy-hududiy
tuzilishida ham kattagina farqlar mavjud. Zero, Turkiya Respublikasi mahalliy
boshqaruvi fransuzcha modelga asoslangan, byurokratik sentralizm va qat’iy
iyerarxiya[1]
asosiga qurilgan ma’muriy boshqaruv sanaladi.
O’zbekiston unitar davlatlar qatoriga kirsa-da, uning
tuzilishida ayrim federativ davlatlarga xos xususiyatlar ham mavjud. Masalan,
O’zbekiston tarkibida davlat tuzilishiga xos bo’lgan Qoraqalpog’iston
Respublikasi bor va u o’zining konstitutsiyasi, qonunlari, hududi, oliy qonunchilik,
ijro va sud hokimiyatlari organlariga ega. Biroq, shuni unutmaslik darkorki,
O’zbekiston va Qoraqalpog’iston munosabatlari federativ asosda qurilmagan,
ya’ni federatsiyada bir necha teng huquqli subyektlar mavjud bo’lsa, bu yerda
teng huquqli federatsiya subyektlari yo’q. O’zbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi, qonunlari Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida bajarilishi
majburiy va Qoraqalpog’iston qonunlari O’zbekiston qonunlarining ustuvor
xarakterga egaligini to’laligicha tan oladi va unga asoslanishi zarur.
Har bir mamlakatning hududi turli xususiyatiga qarab,
tegishli bo‘laklarga bo‘linib idora etiladi. Bu bo‘laklar bir necha pog‘onadan
iborat bo‘lib, ularning har biri o‘z hududiga ega bo’ladi. Mamlakat hududi
bo‘laklarga bo‘linishi davlat boshqaruvini mukammal tashkil etishda juda muhim
davlat – huquqiy instituti bo‘lib, konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida
IV bo‘limi va uning ikki bobi (XVI, XVII boblar) ma'muriy-hududiy va davlat
tuzilishi masalalariga bag‘ishlangan. Uning alohida-alohida moddalarida
ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari huquqiy tartibga solingan. Ma'muriy-hududiy
tuzilish konstitutsiyaviy asosda hal qilinadigan ijtimoiy munosabatlar qatoriga
kiradi. Konstitutsiyamizning 68-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar,
tumanlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston
Respublikasidan iborat” – deb belgilangan. Bu birinchidan, O‘zbekiston hududi
nimalardan iborat bo‘lishini, ikkinchidan, O‘zbekiston hududining qanday
ma'muriy birliklardan tashkil topganini ko‘rsatadi. Bu hududiy birliklar
huquqiy maqomi, hududiy holati, aholisining soni, mashg‘ulotiga qarab
bir-biridan farq qiladi. O‘zbekiston ma'muriy-hududiy birliklarining huquqiy
maqomi darajasiga qarab uchga bo‘lish mumkin. Birinchisi yuqori pog‘ona, bunga
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, ikkinchisiga tuman
va shaharlar, uchinchisiga shaharchalar, qishloqlar va ovullar kiradi. Konstitutsiyamizning
69-moddasida “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrinig
chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil
qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisinig roziligi
bilan amalga oshiriladi”[2]
– deb belgilangan. Viloyatlar, tumanlar, shaharlarni tashkil qilish, qo‘shib
yuborish, tugatish, mamlakat iqtisodi, boshqaruv samarasi, fuqarolarning davlat
hokimiyati organlariga murojaat qilishining qulay-noqulayligi hisobga olinib,
umummanfaatlar ko‘zlangan holda amalga oshiriladi. Shu kabi katta masalalarni
o’z ichiga olgani uchun ham siyosiy-hududiy tuzilish konstitutsiyaviy asosda
ko’riladigan ijtimoiy munosabatlar yig’indisidir.
O’zbekiston Respublikasi Konstuitutsiyasiga asosan,
mamlakatda mahalliy miqyosda ikki turdagi organlar: vakillik va ijro hokimiyati
mavjud. Bularni umumiy qilib quyidagicha aytish mumkin: mahalliy hokimiyat
organlari tizimi bu viloyat, shahar, tumanlarda tashkil etiluvchi xalq
deputatlari Kengashlari va hokimliklar yig’indisidir. Vakillik organlari
bir-biridan mustaqil faoliyat ko’rsatadi, ijro organlari esa vertikal tarzda
ishlaydi. O’zbekiston mahalliy davlat hokimiyati tizimida hokim institutining
roli katta bo’lib, uning vakolatlarini quyidagilarda aks ettirish mumkin: u o’z
vakolatlari doirasida hududdagi barcha korxona, tashkilot, muassasalar uchun
bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar chiqaradi, vakolatlarini amalga
oshirishda yakkaboshchilik tamoyiliga asoslanadi, xalq deputatlari Kengshlariga
rahbarlik qiladi, shu bilan birga o’zi rahbarlik qilayotgan organlar faoliyati
uchun javob ham beradi[3]
va hakozolar.
Mamlakatda mahalliy o’zini o’zi boshqaruv shaharcha,
qishloq va ular tarkibidagi mahallalarda, shahar mahallalaridagi fuqarolar
yig’inida namoyon bo’ladi. Ular oqsoqol va uning maslahatchilarini 2,5 yil
muddatga saylaydilar[4].
Saylash tartibi va ularning faoliyati bir qancha qonunlar orqali tartibga
solinadi. Eng avvalo, bu masala Konstitutsiyamizning 105-moddasida belgilab
qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov 2010-yil 12-noyabrda
Oliy Majlisning qo’shma yig’ilishida bayon qilgan “Mamlakatimizda demokratik
islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish
konsepsiyasi”da mahalliy o’zini o’zi boshqaruv instituti – mahalla faoliyatini
yanada taraqqiy ettirish, vazifalarini kengaytirish, davlat hokimiyati
organlari bilan o’zaro yaqin munosabatlarini ta’minlash alohida dolzarb masala
ekanligiga urg’u berdi. Haqiqatdan ham, bu borada izchil islohotlar davom
ettirilmoqda. Bu borada aynan shu konsepsiyada yozilgan ko’rsatmalar bu
islohotlarni yo’naltirib turibdi. Konsepsiyada “Fuqarolarning o’zini o’zi
boshqarish organlari to’g’risida”gi Qonuni va “Fuqarolar yig’ini raisi
(oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to’g’risida”gi Qonuniga tegishli
o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish kerakligi aytilgandi[5]. Zero bu qo’shimchalarga ko’ra, mahallani
kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik markaziga aylantirish, aholini aniq
yo’naltirilgan asosda ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, jamoatchilik nazoratini
shakllantirish, oqsoqol va uning maslahatchilari saylovi tizimini
takomillashtirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish ko’zda tutiladi.
Qisqasi, bugungi kunda
O’zbekistonda mahalliy o’zini o’zi boshqaruv izchil islohotlar bilan demokratik
davlatlarga xos oltita tamoyil (demokratizm prinsipi, oshkoralik prinsipi, ijtimoiy adolat
prinsipi, insonparvarlik prinsipi, mustaqillik prinsipi, jamoatchilik asosidagi
o‘zaro yordam prinsipi) bo’yicha tashkillashtirilgan.
Quyidagi jadvallarda biz
Turkiya Respublikasi va O’zbekiston Respublikasining siyosiy-hududiy tuzilish
(mahalliy va markaziy hokimiyat munosabatlari, mahalliy ijro va vakillik
organlari, mahalliy o’zini o’zi boshqaruv organlari) borasidagi o’ziga
xosliklarini qiyosiy tarzda aks ettirishga harakat qilamiz.
Ikki mamlakat
siyosiy-hududiy tuzilishining qiyosiy jadvali
|
|||
O'zbekiston
Respublikasi
|
Turkiya
Respublikasi
|
||
Siyosiy-hududiy jihatlari Konstitutsiyaning 3, 6, 68-69,
70-75, 99-105-moddalarida bayon qilinadi.
|
Siyosiy-hududiy normalar Konstitutsiyaning 3, 123,
126, 127, 129- moddalarida mustahkamlangan.
|
||
Ayrim federativ xususiyatlarga ega unitar davlat.
|
Mutlaq unitar davlat.
|
||
Mamlakat viloyatlar, tumanlar, shaharlar,
shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog'iston
Respublikasidan iborat.
|
Mamlakat ellar (viloyatlar), elchalar (tumanlar),
buchaklar (okruglar), qishloqlar va shaharlar, munitsipalitetlar,
mahallalardan iborat.
|
||
Viloyat, tuman va shaharlarni hokim boshqaradi.
Mahalliy hokimiyat organlaridagi eng katta lavozim.
|
Viloyatni vali (gubernator), elchani kaymakam (tuman
rahbari), buchakni buchakmudur (okrug rahbari), munitsipalitetlarni belediye
reisi (mer), qishloqni oqsoqol boshqaradi.
|
||
Vakillik organlariga hokimlar boshchilik qilishadi.
|
Vakillik organlariga vali raislik qiladi.
|
||
Viloyat hokimlarini Prezident tayinlaydi, ishdan
bo'shatadi.
|
Valilarni Ichki ishlar vaziri taqdimi, Prezident
ma'qullashidan so'ng Vazirlar Kengashi tayinlaydi.
|
||
Tuman va shahar hokimlarini viloyat hokimi
tayinlaydi, ishdan bo’shatadi, xalq deputatlari Kengashi tasdiqlashi lozim.
|
Elcha rahbarlarini Ichki ishlar vaziri taqdimi bilan
Prezident tayinlaydi. Buchak-okrug rahbarlarini vali taqdimiga binoan Ichki
ishlar vaziri tayinlaydi.
|
||
Mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari:
qonuniylikni, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy
yuksaltirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
mahalliy budjetni shakllantirish, ijro etish;
mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
normativ hujjatlarni qabul qilish va boshqalar[6].
|
Mahalliy boshqaruvga oid vakolatlar mazmui:
davlatning siyosiy yo’lini hayotga tatbiq qilish;
hukumat qaror
va farmoyishlarini amalga oshirish;
mahalliy saylanadigan organlarni nazorat qilish;
ma’muriy qarorlarni qabul qilish;
zaruriy holatlarda viloyat amaldorlari uchun intizomiy
jazo choralarini belgilash;
qishloq xo’jaligi dasturlarini amalga oshirish,
maktab va irrigatsion inshootlar qurish;
mahalliy miqyosda pochta, telegraf, sog’liqni
saqlash va ta’lim ishlarini boshqarish va hakozolar.
|
||
Mahalliy
o'zini-o'zi boshqaruvdagi o'xshashlik va tafovutlar
|
|||
Turkiya Respublikasi
|
O’zbekiston Respublikasi
|
||
Gubernator rahbarligidagi Viloyat majlisi;
tarkibi har bir tumandan vakillar saylanishi orqali 5 yil muddatga
shakllantiriladi;
har yili
yig’iladi va Ma’muriy kengash bilan yaqindan hamkorlikda ishlaydi;
vakolatlari: yillik budjetni qabul qilish va
Ma’muriy komissiya a’zolarini saylash.
|
Xalq deputatlari Kengashlari har besh yilda
ko’ppartiyaviylik asosida bir mandatli saylov okruglaridagi saylovlarda
shakllantiriladi;
Xalq deputatlari viloyat Kengashiga siyosiy partiyalar,
tuman, shahar Kengashlariga o’zini o’zi boshqarish organlari va siyosiy
partiyalar nomzodlar qo’yadi;
Ish shakli – sessiya, yilda kamida bir marta hokim,
uning o’rinbosarlari tomonidan chaqiriladi.
|
||
Viloyat markazlari, tuman ma’muriy markazlari
va aholisi soni 2000 kishidan oshgan barcha shaharlar munitsipalitet
(belediye) maqomiga ega.
|
Kamida 2000 ming aholisi bor, transport va
industrial obyektlarga yaqin joylashgan aholi punktlari shaharchalar
turkumiga kiritiladi.
|
||
Vakolatlari: sog’liqni saqlash, sotsial yordam, ijtimoiy faoliyat, maorif va
transport sohalaridagi milliy dasturlar ijrosini ta’minlash, boshqalar.
|
Faoliyat yo’nalishini belgilash, nochor
fuqarolarga ijtimoiy yordam, hududni kompleks rivojlantirish,
obodonlashtirish rejalarini tasdiqlash, jamoatchilik nazoratini amalga
oshirish va hakozolar.
|
||
Munitsipalitetlar
boshlig’i – mer (fuqarolar
tomonidan 5 yillik muddatga saylab qo’yiladigan shaxs); merga vazifasini
bajarishda uning o’rinbosarlari, bo’lim direktorlari yordam beradilar.
|
O’zini o’zi boshqaruv organlari rahbarlari –
oqsoqol; vakolat muddati 2,5 yil; 18ta komissiyalar va maslahatchilar yordam
beradi.
|
||
Munitsipial kengashlar munitsipalitet aholisi soniga bog’liq
tarzda turli miqdordagi tarkib bilan 5 yilga saylab qo’yiladi, kengash yilda
3 marta yig’iladi;
Vakolatlari: budjet, rekonstruksiya rejalari,
xo’jalik masalalari, kommunal xizmatlar uchun to’lovlar va soliq miqdori
bo’yicha qarorlar qabul qilish; munitsipial kengashlarga mamlakatdagi
partiyalar o’z nomzodlarini qo’ya oladilar.
|
Fuqarolar
yig’ini kengashi 2,5 yilga shakllantirilib, oqsoqol, uning
maslahatchilari, mas’ul kotibi, diniy ma’rifat va axloqiy-ma’naviy ishlar
bo’yicha maslahatchi, mahalla posbonidan iborat tarkibda tuziladi;
Vakolatlari: fuqarolar yig’inini chaqirish,
komissiyalar ishini muvofiqlashtirish, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda
tadbirlarni o’tkazish, kengash devonini shakllantirish, turli tadbirlar
o’tkazishda tegishli davlat organlariga yordam berish.
|
||
Eng kichik bo’g’in – bu qishloq (qishloq
deganda aholisi 2000 kishidan kam bo’lgan manzilgoh); Qishloqlarda hokimiyat
vakolatlari berilgan asosiy shaxs oqsoqol hisoblanib, u qishloqning katta
yoshli aholisi yig’inida saylab qo’yiladi.
|
Qishloq – eng quyi pog’ona; aholisi soniga
bog’liq ravishda qishloq fuqarolar yig’inini tashkil etishi mumkin, bunda
odatda ikkita qishloq uchun bitta fuqarolar yig’ini tashkil etiladi.
Qishloqning katta yoshli aholisi oqsoqolni saylaydi.
|
||
Vakolatlari: tartibga rioya qilinishini tekshirish,
soliqlar yig’ish va fuqarolar hayotidagi marosimlarga raislik qilish; qishloq moliyasini nazorat qilish, maktab va
boshqa jamoat binolari qurish uchun yerlarni sotib olish yoki musodara
qilish;
fuqarolardan pul to’lovlari undirish va yo’llar
qurish, qishloq hayotini yaxshilashga doir harakatlarga fuqarolarning mehnat
hissasini qo’shishi haqidagi qarorlarni qabul qilish;
odamlar o’rtasidagi mojarolarni sinchiklab
tekshirib, jamoat oldida ayb ish qilgan kishilarga jazo choralarini belgilash
va h.
|
Qishloq hududidagi marosimlarga boshchilik qiladi,
fuqarolar orasidagi nizo-kelishmovchiliklarning bartaraf etilishiga
ko’maklashadi, hasharlar e’lon qiladi va hakozo.
|
||
Xulosa
Turkiya Respublikasi Kichik Osiyodagi davlat bo’lib,
uning hududi el – elcha – buchak – qishloq tarzida bo’linadi. Bu bo’linishda
tarixiy qadriyatlar hisobga olingan. Umuman olganda, Turkiya qattiq tartibga
asoslangan iyerarxik ko’rinishdagi unitar davlat. O’zbekiston ham unitar davlat
hisoblansa-da, u Turkiyadan farqlanadi. Bu farqlar O’zbekiston tarkibida
Qoraqalpog’iston Respublikasi mavjudligida namoyon bo’ladi. Shu bilan birga buchak hududiy tuzilmasining
O’zbekiston Respublikasida muqobil varianti yo’qligi yana bir farq sanaladi.
Turkiyada mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari
O’zbekiston Respublikasiga qaraganda katta. Favqulodda holatlarda valining
(gubernatorning) cheksiz vakolatli bo’lib qolishi ham buni isbotlaydi. U o’z
viloyatidagi barcha ishlarga aralasha oladi. Tashqi tomondan qaragan odam uni
o’rta asrlardagi viloyat hokimlariga o’xshatishi mumkin. Ammo, Turkiya
Respublikasi hududiy birliklarida xalq vakillaridan tuziladigan majlislar ham
mavjudligi vaziyatni biroz yumshatadi. Xalqning davlat boshqaruviga
aralashishiga imkoniyat yaratadi.
Turkiyaning mahalliy o’zini o’zi boshqaruvi fransuzcha
modelning mintaqaga moslashtirilgan ko’rinishidir. Unda ham G’arbiy
Yevropadagidek munitsipalitetlar tuziladi (qoida bo’yicha bu maqomni olish
uchun aholi soni ikki ming kishidan oshishi lozim) va uni mer boshqaradi. Merni
xalq saylaydi, biroq u mahalliy hokimiyat organlari bilan aksar hollarda
hisoblashib, ko’rsatmalar bo’yicha ish yuritadi. Zero, munitsipalitetlar
faqatgina o’z hududlariga oid katta ahamiyatga ega bo’lmagan masalalarda
mustaqildirlar. Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvning eng quyi bo’g’ini bo’lgan
qishloqlarda oqsoqol xalq saylagan vakil sanaladi va qishloq hududida ham ijro,
ham vakillik instituti vazifasini bajaradi. Bu jihatlari bilan u birmuncha
kattaroq vakolatlar doirasiga egalik qiladi. Mahalliy o’zini o’zi boshqaruv
sohasida O’zbekistondan yuqoridagi jihatlariga ko’ra ajralib turadi.
Xulosa o’rnida quyidagilarni ayta olamiz: O’zbekiston
Respublikasi siyosiy-hududiy bo’linishi Turkiyanikidan ancha farq qiladi, Turkiya
Jumhuriyati mahalliy hokimiyati va o’zini o’zi boshqaruvida chalkashliklar
mavjud, zero, unda markaziy hokimiyatning kuchli aralashuvi sezilib turadi va
markaz vakilining avtoritar boshqaruvi mavjud. Shu kabi kamchiliklarini
inobatga olsak, Turkiya Respublikasining bu sohasidan o’zlashtirishimiz kerak
bo’lgan xususiyatlar yo’q, degan xulosaga kelamiz. Kurs ishidan maqsad qilingan
Turkiya siyosiy-hududiy tuzilishini o’rganish ma’lum miqdorda bajarildi.
Tatbiq etishimiz mumkin bo’lgan jihatlari yo’q bo’lsa-da, Turkiyaning bu
tomonini tadqiq qilish foydadan holi emas, shu o’rinda Prezidentimizning
quyidagi so’zlarini ta’kidlagan bo’lardik: “… taraqqiy topgan davlatlar
qatoriga chiqish uchun hali qiladigan ishlarimiz juda ko’p. Bu borada eng
asosiy masala – amalga oshirilgan ishlarimizga tanqidiy baho berish,
manmanlikka berilmaslik, xalqaro tajriba va o’zgalarning yutuqlariga
bepisand qaramaslik, hayotimizda bu yo’nalishda hali-beri uchraydigan
g’ov va to’siqlarni bartaraf etishdan iborat”[7].
P.S.: Ushbu maqola "Turkiya Respublikasining siyosiy-hududiy tuzilishi" nomli maqolaning mantiqiy davomidir.
[2] O’zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 22-bet.
[3] O’zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 57-bet.
[4] O’zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 58-bet.
[5] Demokratik
islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish –
mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy mezonidir / I. A. Karimov. –T.: “O’zbekiston”,
2011. T. 19. – 95-bet.
[6]O’zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 55-bet
[7] Jahon inqirozining
oqibatlarini yengish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va taraqqiy topgan
davlatlar darajasiga ko’tarilish sari / I. A. Karimov. –T.: “O’zbekiston”,
2010. –T. 18. – 66-bet.
No comments:
Post a Comment