Thursday, 2 November 2017

Sud tizimida O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining tutgan o’rni


Whenever you put a man on the Supreme Court
he ceases to be your friend.
Harry S Truman[1]

O’zbekiston Respublikasida hokimiyatlarning bo’linishi tamoyiliga asoslangan va to’la mustaqil uchinchi hokimiyat – sud hokimiyati mavjud. Mamlakatimizning sud tizimi odil sudlov prinsiplariga asoslanib faoliyat yuritadi. Odil sudlov prinsiplari deganda, sud ishlarini yuritishning eng muhim xususiyatlarini, xarakterini mazmun-mohiyatini, tashkil etilishi tartibini belgilovchi huquqiy qoidalarni tushunmog’imiz kerak[2]. Shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi ham qonuniylik, odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, sudyalarning mustaqilligi, ularning faqat qonunga bo’ysunishi, barcha shaxslarning qonun va sud oldida tengligi, sudlarda ishlarning oshkora ko’rilishi, sud ishlari yuritiladigan til, sud himoyasida bo’lish huquqini ta’minlash, aybsizlik prezumpsiyasi kabi prinsiplar asosida faoliyat yuritadi. Bu konstitutsiyaviy prinsiplar nafaqat Konstitutsiyamizda, balki “Sudlar to’g’risida”gi Qonunda ham mustahkamlab qo’yilgan. Oliy sudning respublika sud-huquq tizimidagi ahamiyati uning konstitutsiyaviy maqomi, vakolatlari va vazifalarida namoyon bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining eng yuqori instansiyasi hisoblanadi, bu  norma Konstitutsiyamizning 110-moddasida mustahkamlab qo’yilgan. Uning qabul qiladigan hujjatlari butun O’zbekiston Respublikasi hududida ijro etilishi majburiy sanaladi. U chiqargan hujjat o’zgarmasdir. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyati Konstitutsiyamizga asoslangan holda “Sudlar to’g’risida”gi Qonuni (2000-yil 14-dekabr) bilan tartibga solinadi. Ushbu qonunning 13-moddasi 2-qismiga ko’ra Oliy sud “… Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy sudlari, viloyat, shahar, tumanlararo, tuman sudlari va harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega”[3]. Oliy sudning bundagi o’rni uning keng va ko’plab vakolatlari bilan bog’liq. Boshqacha aytganda, Oliy sudning sud tizimidagi ahamiyati u bajaradigan ko’plab vazifalar bilan bog’liq bo’ladi. Masalan, umumiy yurisdiksiya sudlari sudloviga taalluqli bo’lgan ishlarni bajarishda umumiy yurisdiksiya sudlari vazifasini bajaradi, ya’ni u umumiy yurisdiksiya sudlari ko’rayotgan ishlarni mazmunan ko’rib chiqishi mumkin. Buning uchun qo’yiladigan talab jinoyat, xo'jalik yoki fuqarolik ishi juda murakkab va chigal bo’lishidir[4]. Shu bilan birga aynan Oliy sud biror fuqarolik ishini bir suddan olib boshqasiga o’tkazishga haqli. Yana bir muhim jihati shundaki, Oliy sud o’zi qabul qilgan qarorni ikkinchi instansiya sudi sifatida ko’rib chiqa oladi. Buning uchun protest bildirish huquqiga ega bo’lgan shaxslarning istagi ham zarur bo’ladi. Bunaqa vaziyatda ish yo apellatsiya, yoki kassatsiya tartibida ko’rilishi belgilab qo’yilgan.
Ikkinchi vazifasi bo’lmish o’zidan quyi turuvchi umumiy yurisdiksiya sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish ham Oliy sudning mavqe’yini ko’rsatib beradi. Bu nazoratdan ko’zlangan maqsad umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyati davomida yo’l qo’yadigan xatolarni aniqlash va ularni bartaraf etishdan iborat bo’ladi. Shubhasiz, bu borada Oliy sud qonun doirasida protsessual shakllarda harakat qilishi lozim. Shu bilan birga Oliy sud “… Plenum tushuntirishlari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Sud amaliyoti va sud statistikasinining tizimli tahlilini amalga oshiradi”[5]. Bu vazifa orqali Oliy sud sudlar va boshqa davlat hokimiyati organlari tomonidan muayyan qonunlarning qo’llanishida faol ta’sir eta olish imkoniyatiga ega bo’ladi. Oliy sud Plenumining sharhlari esa sudlar amaliyotiga tayanishi va hayotiyligi bilan ushbu qonunlarni kelajakda to’g’ri qo’llanishi uchun asos bo’ladi.
Oliy sudning keng imkoniyatlari uning parlament hayotiga aralashishiga ham sabab bo’ladi. Chunki, respublikamizda Oliy sud qonunlar qanday ishlayotgani, ularni qo’llashda qanaqa qiyinchiliklarga duch kelinayotgani, kamchiliklar haqida yaxshi xabardor bo’lgan organlardan biridir. Bu ma’lumotlar vositasida u qonunlar qanaqa muammolarga qaratilishi kerakligi haqidagi xulosalar yordamida qonun ijodkorligiga ko’maklashadi. Shunday qilib, mana shu imkoniyatlar inobatga olinib, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasida Oliy sudning qonunchilik tashabbusiga egaligi belgilab qo’yilgan. Bu norma “Sudlar to’g’risida”gi Qonunning 12-moddasida mustahkamlangan. Unga ko’ra Oliy sud Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbusiga ega[6]. Qisqasi, Oliy sud respublika sud tizimida o’ziga xos vakolatlarga ega va bu vakolatlarning doirasi shunchalar kengki, ularni ushbu maqola orqali to’la yoritib bo’lmaydi.
Endi boshqa mamlakatlarning Oliy sudlari xususida ham biroz gapirsak. Dastlab AQSH Oliy sudi haqida fikr yuritamiz. AQSH Konstitutsiyasining 3-moddasi 1- va 2-qismlarida sud hokimiyati va Oliy sud maqomi haqidagi normalar belgilangan[7]. Ushbu normalarga ko’ra AQSH Oliy sudi va quyi instansiya sudlari sud hokimiyatini amalga oshiradilar. Ularni AQSH Kongressi ta’sis etishi ham Konstitutsiyaning 3-moddasi 1-qismida mustahkamlab qo’yilgan. Oliy sud bosh sudya va sakkizta a’zodan iborat bo’ladi. Ushbu sudyalar Senat tavsiyasi va roziligi bilan Prezident tomonidan tayinlanadi. Oliy sud faqatgina to’liq tarkibda majlis o’tkazishi belgilangan. AQSH Oliy sudi faoliyati kongress qonunchiligi, Oliy sud o’zi tasdiqlagan reglament, ba’zan amaliyot natijasida shakllangan an’analar bilan tartibga solinadi. Yuqorida aytilgan moddaning 2-qism 2-bandiga ko’ra elchilar, konsullar va boshqa vakolatli vakillarga oid, shu bilan birga tomonlardan biri shtat bo’lgan ishlarni ko’rish vakolati Oliy sudga tegishlidir[8]. Qolgan barcha masalalarda Oliy sud apellatsiya instansiyasi sanaladi. Oliy sudda ish ko’rilishi uchun ikkita talab qo’yiladi: birinchidan, da’vo predmeti Oliy sud yurisdiksiyasiga tegishli bo’lishi lozim, ya’ni federal darajadagi ish bo’lmog’i darkor. Ikkinchidan, taraflar o’rtasida haqiqiy nizo bo’lishi kerak, ya’ni Oliy sud har xil taxminlarga asoslangan farazlarni ko’rib chiqib o’tirmaydi. Shunisi e’tiborliki, AQSH Oliy sudida hay’atlar mavjud emas. Bu har bir sudya ishni ko’rib chiqishi lozimligini bildiradi. Oliy sudning yana bir vakolati borki, bu quyi turuvchi sudlar uchun sud ishlarini yuritish qoidalarini va ashyoviy dalillarni ko’rib chiqish tartibini qabul qilishidir. Demak, AQSH Oliy sudi ham O’zbekiston Oliy sudi kabi quyi instansiyalar uchun majburiy bo’lgan qoidalar chiqarar ekan. Oliy sudning asosiy funksiyalaridan yana biri – bu Konstitutsiyani buzishda ayblash bilan bog’liq sud ishlari bo’yicha qarorlar qabul qilishdir[9]. Bu ishlarning ko’pchiligi fuqarolik huquqlari buzilishi bilan bog’liq holatlar sanalarkan. Xulosa qilganda, AQSH Oliy sudi quyi turuvchi sudlar qarorlari ustidan shikoyatlarni ko’rib chiqib, chiqargan qarorlari bilan boshqa barcha federal sudlar va sudlar tomonidan Konstitutsiya va federal qonunlarni sharhlashda rioya etilishi shart bo’lgan sud pretsedentlarini o’rnatuvchi eng yuqori sud instansiyasidir.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining ahamiyatini anglashda va xorij oliy sudlari bilan taqqoslashda oson bo’lishi uchun Yaponiya sud tizimini ham qisqacha ko’rib chiqsak. Yaponiya Konstitutsiyasining 76-moddasida[10] belgilanishicha butun sud hokimiyati Oliy sud va uning quyi instansiyalariga tegishlidir. Favqulodda sudlar tuzilishi taqiqlanadi, ma’muriy organlar yakuniy qaror chiqarish orqali odil sudlovni amalga oshirishlari mumkin emas. Barcha sudlar mustaqildirlar va faqat qonunga bo’ysunadilar.
Yaponiya Oliy sudining keng vakolatlari mavjud. Bu vakolatlar sirasiga:
-         sud tizimiga rahbarlik qilish;
-         oliy sud instansiyasi vazifasini bajarish;
-         oliy konstitutsiyaviy nazorat organi vazifasini bajarish;
-         quyi turuvchi barcha sudlar ustidan rahbarlik qilish;
-         prokuror va advokatlarning ish qoidalarini belgilash kabilar kiradi.
Yaponiya Oliy sudi rais va 14 nafar a’zodan iborat. AQSH Oliy sudidan farqli va O’zbekiston Oliy sudiga o’xshash jihati shundaki, Yaponiya Oliy sudida hay’atlar ham faoliyat yuritadi. Bunda asosan fuqarolik va jinoyat ishlari bo’yicha sud hukm va qarorlari ustidan qilingan shikoyatlar ko’rib chiqiladi. Shuningdek, Oliy sud to’la tarkibda qonun hujjatlari yoki ma’muriy hujjatlarning Konstitutsiyaga zidligi yuzasidan shikoyatlarni ko’rib chiqadi. Shu qatorda u Konstitutsiyani sharhlash, unga o’zgartirishlar kiritish yoki o’zining avvalgi qarorlarini o’zgartirish masalalarini ham ko’rib chiqadi. Bu norma Konstitutsiyasining 81-moddasida[11] belgilab qo’yilgan. Yaponiya Oliy sudining xarakterli jihati shundaki, u AQSH Oliy sudidan farqli ravishda konstitutsiyaviy nazorat funksiyasini o’zidan quyi turuvchi sudlar bilan bo’lishgan, ya’ni quyi instansiya sudlari ham hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish vakolatiga ega. Oliy sudning yana bir vakolati shundan iboratki, u quyi instansiya sudyalarining ro’yxatini Vazirlar Mahkamasiga taklif etadi. Shu o’rinda Yaponiyada davlat boshqaruvi bosh vazir qo’lida ekanligini ta’kidlash joiz.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, O’zbekiston sud-huquq tizimida Oliy sudning ahamiyati katta bo’lib, bu uning bajarayotgan funksiyalarida, egalik qilayotgan vakolatlarida aks etgan. Zero, Oliy sudning tushuntirishlar berish vakolati sabab qonunchilikdagi tushunmovchiliklar bartaraf etiladi. Qonunchilik tashabbusiga egaligi esa samarali va istiqbolli (perspektiv) qonunlar qabul qilinish uchun zamin yaratadi. Ushbu essemizda O’zbekiston Oliy sudi bilan bir qatorda AQSH, Yaponiya Oliy sudlarini ham tahlil qildik. Bu tahlilda yaqqol namoyon bo’lgan narsa shuki, AQSH va Yaponiyada oliy sudlar konstitutsiyaviy nazorat funksiyasini ham bajaradilar. O’zbekistonda bunday emas, chunki O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ham mavjud. Yuqoridagi ikki mamlakatning bizning sud tizimimizdan farqi ham Konstitutsiyaviy sudning yo’qligidadir. Ushbu sudlarning O’zbekiston Oliy sudi bilan o’xshash jihati esa, ularning quyi instansiyalar uchun majburiy qarorlar chiqarishida va eng yuqori apellatsiya sudi ekanligidir.


[1] Elektron resurs: [https://www.brainyquote.com/quotes/quotes/h/harrystrum112323.html?src=t_supreme_court]
[2] Rustamboyev M., Tuxtasheva U. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. T.: “ILM ZIYO”, 2012. -87-bet.
[3] Elektron resurs: [http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=68425&action=showchild&_t=201712316022973]
[4] Rustamboyev M., Tuxtasheva U. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. T.: “ILM ZIYO”, 2012. -186-bet
[5] “Sudlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining 14.12.2000-y. Qonuni. 13-modda // Elektron resurs: [http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=68425&action=showchild&_t=201712316022973]
[6] “Sudlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining 14.12.2000-y. Qonuni. 12-modda // Elektron resurs: [http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=68425&action=showchild&_t=201712316022973]
[7] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -358с.
[8] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -559с
[9] Rustamboyev M., Tuxtasheva U. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. T.: “ILM ZIYO”, 2012. -574-bet
[10] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -611с
 [11] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -612с

No comments:

Post a Comment