(erkin
tarjima[1])
Muallif: Robert Den Blekvill
Tarjimon: Quvonchbek Usmon

Tarjimondan
Oval ofis, Oq
uyning ishlar xonasi, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi hamda chet el poytaxtlaridagi
qirq yil davomida bõlib õtgan uchrashuvlarim mashhur diplomatlarning eng muhim xislatlari xususida fikr yuritishimga turtki bõldi. Har bir
uchrashuvda turfa ustozlardan õrganish imkoniyati bor edi. Bu yerda keltirilgan 15 xislat omadli diplomat uchun
juda zarur ekanligiga ishonaman.
Xalqaro munosabatlar,
diplomatiya san’ati va mahoratiga bõlgan doimiy ishtiyoq-u qiziqishning
mavjudligi. Agar bu mavzu sizni
qoniqtirmasa, sizda dunyoni õrganishga undaydigan yengib bõlmas instinkt bõlmasa,
boshqa kasb qidira qoling.
Tahlilchilik qobiliyatingizni kõrsating.
Hozirgi madaniyatimiz
mafkuraviy moyillik va mustahkamlikni raǧbatlantiradi. Bizdan dastlabki ma’lumotlarga
ega bõlmasimizdan fikr sõraladi. Tahlil qilib bõlmasingizdan keladigan buyruqlar
bosimiga chidamli bõling. “Inson aqli faktlar va sabablar tufayli harakatga kelishi haqidagi ishonchimga
zid bõlgan behisob isbotlarga qarshi qaysarlik qilayotgan behafsala maktab õqituvchisi
edim”, deganida Den Echeson bu mushkulotni tushungan edi.
Tez va soz yozing. Tezkor, sifatli yozish qobiliyatingizni muntazam oshirib boring.
Buyuk yozuvchilarni õqing va ulardan õrganing. Jorj Oruel, E.B. Uayt hamda Jon
Makfi ijodini õqishga harakat qiling.
Qisqa va ravon sõzlang. Jorj Shultsning kuzatishicha, bilim egallashda tinglashning
ahamiyati yetarlicha baholanmaydi. Diqqat qiling, faqat kerak bõlganda gapiring
hamda mulohazalaringizni lõnda ifodalang. Ammo
oliygohda bular yuqori baholanmaydi.
Tafsilotlarga sinchkovlik bilan
e’tibor qarating. Tahliliy
ishingiz Prezidentga yoki Bosh vazirga, vaqtinchalik rahbaringizga yoxud
hamkasbingizga mõljallanganidan qat’iy nazar, ularning har biri benuqson xizmatga
loyiqdirlar. Haqiqiy imkoniyatlaringizdan kamini qabul qilmang. Jef Bezos ta’kidlaganidek, “agar õz
ishingizning mirisidan-sirisigacha bilmasangiz, pand yeysiz”.
Pishiq va amaliy muzokarachi bõling. Diplomatning maqsadi “ha” javobini olish emas. Undan kõra
mamlakatingiz milliy manfaatlariga eng yaxshi xizmat qiladigan narsadan boshlang.
Sõngra yuqoridagi talablarga imkon qadar yaqin bõlgan muzokara natijalariga
erishish ilojini qidiring. Õzingiz uchun aniq belgilangan “qizil chiziq”lar õrnating
va ulardan tashqariga chiqmang. Jeyms Beyker maslahat berganidek, “hech qachon õzgaga
bajariladigan ishlar tartibini belgilatmang” yoxud “jilovni berib qõymang”.
Uzoq muddatli jismoniy va aqliy
chidamlilikni shakllantiring. Kuniga 12–16 soatlab hokimiyat
va lavozim mas’uliyati bilan ishlash kerak bõladi, stress
va bosim ichida bõlasiz. Baquvvat bõling.
Xavfli vazifalarni qabul qiling. Diplomatlar tez-tez tahdidli hududlarda xizmat qiladilar va
ba’zida ish joylarida halok bõlishadi. Liviyadan tortib Iroq-u Afǧonistongacha
va undan nari joylar, bu faqat tevaragi noyob va nodirliklarga tõla yerlarda
bajariladigan xizmatlar emas. Bu vazifaga kirishishdan burun jasoratingiz
yetish-yetmasligi haqida õylab kõring.
Tarixni õrganing. Harvard universitetini bitirgan buyuklardan Ernest Mey va
Richard Noystatd vaqt silsilasi bõylab fikrlashni ustalik bilan maslahat
beradilar. Ular tarix ilmi mavjud vaziyatlarda puxta va aniq siyosiy yõl-yõriq
bermasligini inkor etmaydilar, biroq aynan u tanlovlaringizni kõrsatib beradi.
Shu bilan birga, tarix siyosatni ifodalash va qõllash bilan boǧliq asosiy
masalalarni kõtarib chiqadi. Boshlanishiga Henri Kissinjerning “Qayta qurilgan
dunyo”[2] kitobini
õqigan yaxshi.
Hokimiyatga õz fikringizni mulohazakorlik
bilan ayting. Agar siyosat
haqiqatda murakkablashayotgan bõlsa, unga qarshi chiqishga tayyor turing. Ammo
paytini topib e’tiroz bildiring. Boshliǧingizning joniga tegib ketmang. Bu siyosiy
tafovutlar chõqqiga chiqqan taqdirda ham, “uvillamang”, yumshoqroq aytganda,
dardingizni dasturxon qilmang. Iste’foga chiqing.
Boshliǧingizga sodiq va haqiqatgõy
bõling. Qanchalik ma’qullamasligingizdan
qat’iy nazar, yuqoridan kelgan qarorga hech qachon shubha bildirmang. Qachonlardir
shunday qaror bõlib qolganda, sizning kasb burchingiz bu qarorni õrinlatib
bajarishdir. Jamoat joylarida rahbariyatingiz qarorini pichirlab rad etishda
hech qanaqa jasorat yõq va hech qachon, ayni paytda qanchalik maqsadga muvofiq
kõrinmasin, rasmiy boshliqlaringizga yolǧon gapirmang va firib bermang. Aks holda, ishdan bõshatilasiz.
Siyosiy qayishqoqlikni rivojlantiring. Agar gersog Vellington hech qachon jangni boy bermaganda, u õsha
mashhur gersog Vellington bõlolmasdi, boshqa kõpgina sarkardalar ham shunday va
siz ham. Vaqtinchalik siyosiy maǧlubiyatlarga tayyor turing, sõngra ǧayrat-la keyingi
kurashlarni davom ettiring.
Munosib ish tajribasiga erishing. Vaqtingizni, quvvatingizni va sa’y-harakatingizni shaxsiy kamolotingizga
sarflang. Katta hokimiyat va tezda keluvchi mansabga chanqoq bõlmang. Kõpgina
ishlarda bõlgani kabi diplomatiyada ham tajriba muvaffaqiyatning muhim tarkibiy
qismi hisoblanadi. Uyǧonish davri musavvirlari talab qilganidek, shogirdlik shaxs
kamolotining zaruriy bosqichilaridandir. Siz suv taqsimoti bõyicha yaxshi
ta’lim olgan, ammo sira quvur õrnatib kõrmagan vodoprovodchini yollagan bõlarmidingiz?
Õz siyosiy mafkurangizni aniqlab oling.
Tashqi siyosat sohasidagi
lavozim taklifi qanchalik jozibador ekanligi muhim emas. Siz õzingizdan sõrangki,
ishlash taklif etilayotgan tashkilot sizning mafkurangizga mutanosibmi yoki yõq?
Bunday qilmaslik tuganmas kasbiy oǧriq va azobni õzingizga chaqirish bilan barobardir.
Omadga duch kelganingizda undan foydalaning.
Napaleondan qanday
turdagi sarkardalarni izlayotganini sõrashganda, “omadlilarini” degan ekan.
Qachonki jahondagi hodisalar foydalanishingiz mumkin bõlgan qulay siyosiy fursatlarni
berganda, tayyor turing. Shuningdek, (siz erisha oladigan yoki erishishni
istaydigan) lavozim kõtarilishida davom etish qismatingizning taqdirlovidir. Bunda
sanalgan boshqa 14ta xususiyatga muntazam e’tiborli bõlish karyerangizda ma’lum
darajada omadli bõlishga xizmat qiladi.
No comments:
Post a Comment