Friday, 29 June 2018

Asil boyligimizdan unumli foydalanish haqida

Davlatning boyligi uning tabiiy zahiralaridami yoki sanoati va texnologiyalaridami? Saudiya Arabistoni misolida olsak, ulkan neft konlarida, Isroil misoliga qarasak, zamonaviy texnologiyalar-u fan taraqqiyotida. O'zbekistonda-chi?

O'zbekistonda behisob suyuq va qattiq energiya manbalari ham, temir konlari ham, dunyo talabgor bo'lgan texnologiyalar-u sanoat mahsulotlari ham yo'q. To'g'ri, oltin bor, paxta bor, ozroq gaz bor, radioaktiv metallar ham yo'q emas. Lekin ular butun iqtisodiyotni ko'tarib yuboradigan darajada mo'l-ko'l emas. Unday bo'lsa, bizda nima bor? 
Javob oddiy: xalq bor, 32 millionlik aholi bor. Bizda keragidan ortiq ishchi kuchi mavjud. Davlat tomonidan kuchli rag'batlantirilmasa ham, ularning o'zi  ish izlab chet elga oshiqadi. Hozirda o'zbek migrantlarini Las Vegasdan tortib Vladivostokkacha, Oslodan tortib Sidneygacha uchratish mumkin. Rivojlangan davlatlar qatoriga qo'shilmoqchimizmi, unda o'zimizda yo'g'ini xayol qilmasdan, boridan unumli foydalangan ma'qul emasmi?

Hozirgi yozadigan gaplarim xalqimizni mardikor qilish uchun emas, balki jahon mehnat bozorida chidamli va raqobatdosh bo'lgan malakali kadrlar tayyorlash haqidagi o'y-fikrlar mahsulidir.

Image result for Rossiyada  migrantlar mavjud1. Oliy ta'limga bo'lgan ehtiyoj bizda 10% atrofida qondiriladi. Qolganiga resurs yetishmaydi. Universitetlarda ortiqcha joy yo'q. Hozir ham ta'lim tizimida muammolar gapirilib, qonun hujjatlari qabul qilinmoqda. Ammo bu hali ilk qadamlar, xolos. Biz ta'lim tizimini tezlashtirishimiz lozim. Bunga o'qitish predmetlarini qisqartirish, ixtisoslikni toraytirish, talabaning o'zida mustaqil tayyorlanish uchun vaqtni ko'proq qoldirish kerak. Shunda universitet binolari doimiy band bo'lib turmaydi. Biz abituriyentlarning kamida 50%ini qamrab oluvchi oliy ta'lim tizimini yaratishimiz zarur. 
2. Universitetlarimizdagi ta'lim standartlarini hozirgi jahon standartlariga o'tkazib qo'ya qolishimiz zarur. Chunki, oliy ma'lumotlilikni bildiruvchi diplom xorijda naf bermasa, bundan nima ma'no? Buning uchun xorijiy universitetlar bilan o'zaro munosabatlarni kuchaytirish, huquqiy asoslarni yaratib borish (shartnomalar tuzish, memorandumlar, o'zaro anglashuv hujjatlarini imzolash orqali), diplomatik aloqalarda ta'lim bilan bog'liq masalalarga alohida urg'u berish kerak bo'ladi. Qisqasini aytganda, universitetlarimizning diplomlari xorijda haqiqiy va huquqiy kuchga ega bo'lsin.
3. Bugungi kunda mehnat resurslariga talabgor davlatlar bilan mehnat migratsiyasiga oid munosabatlarni chuqurlashtirish, bu sohada ikkitomonlama shartnomalar tuzish muhim omillardandir.
Bunday davlatlar Markaziy va Shimoliy Yevropada, Shimoliy Amerikada (Kanada), Arabiston yarim orolida anchagina topiladi.
4. Odamlarimizga hech qursa bir chet tilini o'rgatishimiz kerak. Axir, bir zamonlar Behbudiy 4 til kerakligi haqida gapirgandi. Hozirda ingliz, nemis, arab (hech bo'lmasa, mehnat munosabatlariga oid tushunchalardan boxabar qilish), ispan, koreys, fransuz, rus tillariga alohida ahamiyat berish zarar qilmaydi.
5. Bizning chetga chiqadigan ishchilarimizni professional bilimlar va til bilan qurollantirishimiz ularning tanlovini ko'paytiradi. Ya'ni bugun ko'pchilik shimolga "oqib boradi", chunki viza tartibi yo'q, rus tilidan oz-moz xabardorlik va postkolonial psixologiya mavjud. Rossiya Federatsiyasida norasmiylarini ham hisoblaganimizda 3.5 mln atrofida mehnat muhojirimiz bor. Agarda ular boshqa tillarni ham bilishsa, O'zbekiston va boshqa davlatlar o'rtasida mehnat migratsiyasiga oid huquqiy sharoit mavjud bo'lsa, migrantlarning jahon xaritasidagi harakat yo'nalishi ancha xilma-xil bo'lgan bo'lardi.
Shu bilan birga, bu holat suverenitetimizning mutlaqligi uchun ham katta ahamiyatga ega bo'lardi. Shunda biz "agar Rossiya  o'zbek migrantlarini chiqarib yuborsa yoxud hujjatlashtirishni (patent olishni) atayin qiyinlashtirsa" qabilidagi xavotirdan biroz qutulgan bo'larmidik?

Xulosa o'rnida aytishim kerakki, bu post orqali masalaning bir parchasinigina yorita oldim. Yuqorida yozganlarimni amalga oshirish uchun anchagina vaqt va mehnat, mablag' talab qilinadi. Ammo ichki mehnat bozorimizda talabga yarasha takliflar qila olmayotgan ekanmiz, tashqaridan choralar qidirishimiz maqbuldir.

Wednesday, 20 June 2018

Bugunning muammosi

Jamiyatimizda inson qadri va uning huquqlariga hurmat muammoligicha qolmoqda. So'nggi voqealar ham buning isboti bo'lib qolmoqda. Samarqanddagi o'ldirilgan chaqaloqlar voqeasini olasizmi, Marg'ilondagi bolalarnimi yoki mamlakatning har burchagida sotilayotgan go'daklarnimi yoxud hech ikkilanmasdan o'zgalarni haqoratlash va hakozolarnimi? Bularning bari yurtimizda inson huquqlari qadriyat darajasida emasligini ko'rsatib qo'ymoqda. Zero, inson huquqlari oliy qadriyat ekanligi Bosh qomusda yaqqol aks ettirilgan. Konstitutsiyadan ko'ra rahbarning gapini ustun qo'yuvchilar mamlakatida bundan boshqachasi bo'lishi ham mumkinmi o'zi?

O'zbekistonda inson huquqlarini birinchilikka qo'yishdan maqsad nima? Tarixiy taraqqiyot davomida davlat nima uchun tuzilgan o'zi? 
Ikkinchi savolga javob berishdan boshlaymiz. Insonlar guruh bo'lib yashasharkan, ularning bilimlari oshib bordi, to'dalar o'rtasidagi munosabatlar kuchaydi va kengaydi. Ayni paytda, boshboshdoqlikka, qonunsizlikka qarshi kurashishning eng yaxshi yo'li yo'lboshchi atrofida birlashish edi. Maqsad esa inson manfaatini asosan insonlardan himoya qilish edi.
Yurtimizda inson huquqlariga odamlar ixtiyoriy rioya qilsalar nima bo'ladi? Majburiy mehnat yo'qoladi, inson qalbi nisbatan butun bo'ladi, kishilar ongi va dilida ishonch mustahkam bo'ladi, odamlar o'z hayotini o'zi qurishiga imkon yaratiladi. 
Ko'ngli butun kishilar yangi g'oyalar yaratadi, boshqacha aytganda, ham o'zining hayotiga, ham jamiyat hayotiga innovatsiya olib kiradi. Inson huquqlari kuchayishi barobarida qonunga amal qilish ham to'g'ri proporsional ravishda o'sib boradi. Eng kam ehtimollik darajasida mamlakatimiz boyib qolmas, biroq jamiyatimizda nisbatan xotirjamlik va baxt hukm suradi.

Inson huquqlarini davlatda birinchilikka qo'yilishi yuqoridan boshlanadi, aynan oliy hokimiyatning (o'zi chiqargan) adolatli qonunlarga bo'ysunishidan boshlanishi kerak. Ammo reallikdan uzoqlashish yaxshimas. Insonning o'zi ham o'z huquqini bilmog'i, u uchun kurashmog'i kerak. Jadidona aytganda "haq olinur, berilmas". 

Qaysi mamlakatda qonunda yozilgani hayotda bo'y ko'rsatmas ekan, u yerda inson huquqlaridan so'z ochish bekor. Qaysi mamlakatda davlatning oliy mansabdori o'ziga tegishli vakolatdan chetga chiqar ekan, uning aytganiga ishonish aqlsizlik. Qaysi mamlakatda qonunlar va qonun hujjatlari aql bovar qilmas darajada ko'p bo'lar ekan, u yerda qonun ustuvorligi to'g'risida gapirish nodonlik. Qaysi davlat qonunlarida "shart" emas, "mumkin" so'zi ko'p ishlatilar ekan, u yerda qonunlar ijrosi haqida nutq o'qish nojoizdir.

Hozirda og'izdan tushmay kelayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investitsiyalar, faol tadbirkorlik kabi da'vatlarning kelajagi faqat inson huquqlarining amalda ro'yobga chiqishiga bog'liqdir. Yo'qsa, biz hali ancha payt tarix yo'laklarida sarson kezamiz.

Thursday, 14 June 2018

Plastik kartalardan pul o‘marib kelgan sirdaryolik xaker qo‘lga olindi

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar va mobil dasturlar orqali o‘zgalarning plastik kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirib olgan kiberfiribgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Yagona umumrespublika protsessing markaziga tayanib, «Spot» xabar berdi.
«Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali plastik kartalardan pul o‘g‘irlanayotgani haqida xabar berilgandi. Ko‘plab jabrlanuvchilarning murojaatidan so‘ng kiberjinoyatchilikni aniqlash borasida tergov boshlandi va ko‘p o‘tmay firibgarlar qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.
Sirdaryo viloyatida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi virus dasturni yaratib, uni «Google Play»ga joylashtirgan.
Mazkur dasturni ko‘chirib olgan foydalanuvchilar dasturni ochganida ulardan 10 ming so‘m talab qilingan, aks holda telefonini bloklab qo‘yish orqali tahdid qilingan. Pul to‘langach, foydalanuvchiga shubhali raqamdan xabar kelgan.
«Bu firibgar uchun jabrlanuvchining telefoni va «Telegram» akkauntiga kira olishi uchun yetarli bo‘lgan. U click-bot orqali pullarni yechib olgan. Kiberjinoyatchini va uning hamtovoqlarini aniqlab, qo‘lga olishga erishildi», — deya ta’kidlanadi xabarda.
Kompaniya fuqarolarning shaxsiy plastik kartalarini ishlatishda tegishli xavfsizlik choralarini ko‘rish lozimligini eslatadi: kartani xavfsiz joyda saqlash, PIN-kodni uchinchi shaxsga oshkor qilmaslik, plastik karta tasviri tushirilgan suratlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirmaslik so‘raladi.

Thursday, 7 June 2018

Замондошларимга маддоҳликдан воз кечганим ҳақида (Анвар Шукуровнинг шу номдаги мақолалари туркумидан)

Ўтган замонлардаям, ҳозирдаям жамиятнинг фаол кишиларидан сўрасангиз, «энг қийин пайт биз яшаган давр», дейиши тайин. Ана ўша фаоллар ўзларига ўзлари ташвиш орттирадигандек гўё. Аслида ундоқ эмас, ҳар бир киши Аллоҳ назоратида эканлигининг исботи бу.
Интернет энг тезкор ва зўр газетага айланиб бўлди. Айниқса, Фейсбук тармоғида турли-туман янгиликлар кўп.
Ажойиб шоир Носиржон Тошматов ўзининг «Бир қадам» деган шеърини эъло қилганди. Бу шеърда шундай нозик сатрлар бор:

Бир қадам ташласам, тамом-вассалом!Бир қадам ташласам, сенга етаман.Бир қадам ташласам, ғуссалар тамом!…Бир қадам ташласам, узилади дорБир қадам ташласам, кул бўлар кунда...Бир қадам - тақдирни ҳал қилар қадам,Бир қадам – борни йўқ, йўқни бор қилар.Бир қадам  - ё жаннат, ё жаҳаннам...Ҳар қандай масофа кўнгулга хатар.Лекин, шу бир қадам - оғир муаммо,Иқрорман, мен уни хатлаёлмайман,Хатласам, сен бахтли бўласан, аммо,Бир бахтли аёлни алдаёлмайман.

Шеър бир ўқишдаёқ менга ёқди ва мен шеър тагига шарҳ битиб қўйдим, «шоир ака, бемалол бирқадам ташлайверинг, яна бир қадам етмай қолаверади»-деб. Шоир мени дарҳол тушунди. Аммо, бошқалар сўроқ жавобини қўйишди.

Қайсидир, чет эллик ёзувчининг бир яхши фикри бор: «қўрққан нарсанг ҳақида ёз» дегандек.
Гап нима ҳақда кетаётганлигини ҳозирги ўқувчига жўнроқ тушунтириш учун Россия сиёсий арбоби В.Путин айтган бир латифани айтиб қўя қолай.



«Иккита курсдош анча йиллардан кейин учрашиб қолишибди. Ишлар қалай?-сўрабди бири иккинчисидан. – Ўзига яраша оқ-қора ранглар орасида юрибман. – Ҳозир қайси рангдасан? – Ҳозир қора рангдаман. Орадан бир йил ўтибди. - Ишлар қалай? – сўрабди яна биринчиси иккинчисидан. – Ўзига яраша оқ-қора ранглар орасида юрибман. – Ҳозир қайси рангдасан? – Ҳозир қора рангдаман. – Ҳой бу ёққа қара, ўтган йили ҳам қора рангда эдинг? – Йўқ, ўтган йили оқ рангда бўлган эканман».


Инсон ўзича хоҳлаган ишимни қилавераман деб ўйлайди. Аммо, у қаттиқ назорат остида. Қуръондаги Вал-Аср сураси айнан шу ҳолатни акс эттиради. Қилган бирон бир қилмиши учун тезда жазо оладиган инсонлар Аллоҳнинг суйган бандалари эканликларини билдириб қўймоқчи эдим. Яъни, Аллоҳ уларнинг тўғри йўлдан чиқиб кетишини истамагани учун, дарҳол танбеҳ бериб қўяди. Инсон буни тушунса, англаса жуда соз. Бироқ, тушунмаса охиратда пушаймон бўлади.
Мен сизга инсонлар назорат остида деяпман. Олимларимизнинг айтишича Ер шари ҳам нафас оларкан. Ер юзидаги мавжудот-у, махлуқот барчаси назорат остида. 
Телевидение орқали ҳайвонот олами яшаш тарзи ҳақида Европа ва АҚШлик олимлар ишлаган кўрсатувларни таҳлил қилсангиз, Аллоҳ қандай қилиб ҳайвонларга ризқ етказиб беришини кўриб ҳайратланасиз.
Америка қирғоқларидан чиққан китлар тўдаси Австралия қирғоқларига 4000 километр йўл босиб сузиб келишади. Улар келган пайтида қайсидир балиқлар шу ерда жуда катта ҳажмда тўпланадилар. Китлар тонна-тонна балиқларни паққос туширишади-да, яна орқага қайтишади. Ёки Африкада қурғоқчилик юз беради. Тимсоҳлар лойқада қолиб кетадилар. Бирданига ёмғир ёғиб дарёлар тошади, атроф-чет кўкаламлашади. Тимсоҳлар дарёнинг саёз жойида кутиб туришади. Айни шу пайтда Африканинг буғуси ўз галаси билан ана шу саёз жойдан гала-гала бўлиб ўта бошлайди. Тимсоҳлар уларни овлайди. Ёки шимолдаги лосос балиқларига эътибор беринг. Улар тухум қўйиш учун дарёдан чиқиб шаршара орқали орқага, тепаликка ўзларини ота бошлайдилар. Айиқлар шаршара қирғоғида туриб оғзини очиб турадилар холос. Ўн саккиз минг оламни, Ер ва ундаги мавжудот-у, махлуқотни яратган Зот уни ўз ҳолига ташлаб қўймаганига амин бўласиз. 
Давлатларда Аллоҳни ғазаблантирувчи нимадир содир бўлса, ўша ерда офатлар бошланади. Офат ҳам айнан уларнинг жон томиридан ушлайдиган қилиб юборилишини кўриб дарс оласиз. 2008 йилги Пекин Олимпиадаси бошланадиган куни АҚШ ва унинг Европадаги ҳамкорлари Жанубий Осетияга нисбатан фитна уюштирдилар. Кўп ўтмай АҚШ ва Европалик шерикларнинг банк тизимида таназзул бошланди. Жабрдийда Россияда бу мушкулот кузатилмай турувди. Йўлчиев битта хато қилди-ю, молиявий инқироз унинг давлатига ҳам кириб келди. У «биз доим мусулмонларни ҳимоя қилиб келганмиз»-деб гапирди. Яқин Шарқдаги бузғунчилар Ғазо секторида хунрезлик бошлаб юбордилар, Йўлчиев бу ишга аралашмай, Украина билан газ можаросини ҳал этишга киришиб кетди. Ўз сўзида турмагани учун бу давлатга ҳам синов кириб келди.
Эсланг, ўзимизда 1999 йил февралда нима воқеалар бўлганини? Биз Ҳукуматнинг расмий баёнотига тўлиқ ишонганмиз. Аммо, атроф-четимиздаги воқеалар аста-секинлик билан шубҳа ва гумонларни қўзғаб юбора бошлади.
Намоз ўқиган одам қамала бошлади. Мачитлар кимсасиз бўлиб қолди. Уч йил муттасил қурғоқчилик бўлди. Мен ўшанда араб давлатлари биздан юз ўгириб кетса керак, деб ўйлагандим. Аммо, Аллоҳ Ўзбекистонни яхши кўраркан. Араб Шайхлари айнан Ўзбекистонга ов қилиш учун ўша йиллари келадиган бўлишса-я!
Бу томондан қурғоқчилик. Чироқчи тумани ҳудуди Андижон вилояти ҳудуди билан тенг ёки каттаям. Қашқадарё халқининг чорва базасиям шу ер десам, адашмасам керак. Мен ўшанда қалбан Аллоҳга юзланиб, куч ишлатар тизимларнинг айби учун қурғоқчилик бўляпти, хўш халқнинг чорваси ҳам қирилиб кетадими?-дегандек муножот қилдим.
Ўша йиллари Облпотребсоюз деган савдогарлар корчалонлари йиғилган идора вакиллари Чироқчи туманидаги ўн минг гектар лалми ерга ғалла экди. Уларнинг ҳисобича вадаванг даромад олади. Аммо, ундай бўлмади. Буғдой ўса бориб биринчи, иккинчи, учунчи қаторгача мева қилди-ю, тўхтади-қолди. Буни ўриб олай десангиз комбайннинг солярка пулига яраша ҳам пул чиқмайди. Ғалла шу туришда далада қолиб кетди. Бу халқнинг чорваси учун тайёр емиш эди. Қуръондаги воқеа сурасида экинларни Аллоҳ ҳосилга киритиши Қонунияти айтилган.

(Давоми бор)

Tuesday, 15 May 2018

Qadimgi Rim va Atilla

Muallif: Yevgeniy Zamyatin, asar 1928–1935-yillarda yozilgan.
Asar qahramonlari: yosh Atilla, otasi Medyug, akasi Bleda, imperator Gonoriy va uning singlisi Platsidiya, murabbiy Bass, vizantiyalik tarixchi Prisk, Atillaning tarbiyachisi Adolb, xunlar yetakchisi Uld va boshqalar.
Tarjimon: Mirpo‘lat Mirzo (ruschadan).
Nashriyot: “O‘zbekiston” NMIU, 2016.

Friday, 13 April 2018

Bir xalq qismati


A.A.ga bag‘ishlanadi.

“O, Buyuk Konfutsiyi soniy! Bizga rahnamo bo‘ling, Sizga ergashamiz” - deyishdi osmonostidagilar. Bu xitobni eshitgan Abdufattoh hukmronlik ta’mini totganday bo‘ldi va “mazlumlar” arzini qabul qildi.
Gumroh olomon ustidan cheksiz hukmronlik qahramonimizni axloqan aynita boshladi va u olamga fotihlik da’vo etdi. Tarixdan ma’lumki, mustabidlar holiga “voy” bo‘lur. Behisob olomonning salkam tangrisiga aylangan qahramonimiz shunda Haq yo‘ldan ozayotganini sezdi. Tavbalar qilib, taqvo yo‘lini tutdi. Darveshlikni ixtiyor etdi.
O‘z “tangrisi”dan ayrilgan gumrohlar boshida eng katta toshga topindilar, so‘ngra nafsni Xudo deb bildilar. Alal-oqibat, tarix sahifalarida sharmandali nom qoldirib, olam ahlini tark etishdi. Bugun birodarlar Osmonosti pasttekisligida sayr qilib yurarkanlar, daryo bo‘yida, tog‘ yonbag‘rida do‘mpaygan tepaliklar, g‘alati shaklli harsanglarga boqib, qachonlardir bu zaminda adashgan xalq yashab o‘tgani haqida o‘ylashsa ne ajab!?

Friday, 9 March 2018

Mafkurasiz mamlakat haqidagi o‘ylar


Har bir davlat jahon siyosati miqyosida va ichki ishlari doirasida o‘z faoliyatini ma’lum bir prinsiplar, qoidalar va tarixiy taraqqiyotdan kelib chiqqan an’analarga tayanib olib boradi. Xalqning manfaatidan kelib chiqib, amaliy ish olib boruvchi davlat yuqoridagi qoidalarni o‘ziga bayroq qilib olgan bo‘ladi. Yillar davomida sharoit o‘zgarsa-da, mafkura tubdan o‘zgarmaydi. Faqatgina toza g‘oyalar bilan to‘yinishi mumkin. Shu qatorda, turli davlat mafkuralari, umuminsoniy qadriyatlar jihatidan istisno etganda, bir-birini aslo takrorlamaydi.

Har safar Konstitutsiyamizning 12-moddasini o‘qiganimda xayolimda bir fikr takrorlanaveradi: qanday qilib davlat mafkurasiz yashashi mumkin? O‘rni kelgani uchun ushbu moddani to‘liq keltiraman: “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”.
E’tiboringizni ikkinchi qismga qarating. Demak, biror-bir mafkura davlat mafkurasi bo‘lolmas ekan, unda davlat qaysi ma’naviy asoslarga tayanib o‘z faoliyatini olib boradi? Insonni inson qilib ushlab turgan narsa bu uning iymon-e’tiqodidir, davlatni davlat qilgan narsa esa uning mafkurasidir. Unda O‘zbekiston degan mamlakatda davlat faoliyati to‘laqonli va izchil davom etishi qanchalar umidli?

Insof bilan aytish kerakki, yuqoridagi fikrlar Konstitutsiya mualliflarini ham o‘ylantirgan va ular keyingi davrda o‘z oldilariga xalqning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi, ularning manfaatlarini ifodalovchi milliy mafkura yaratish vazifasini qo‘yishgan. Davlat mafkurasining hayotiy zarurat ekanligini ham ta’kidlashgan: “Uning (muallif izohi: mafkuraning) yana bir vazifasi shundan iboratki, u o‘z ijodkori bo‘lgan ijtimoiy guruh yoki millatning nurashi yoki inqirozga yuz tutishiga to‘sqinlik qilib, uning yashovchanligini ta’minlab turadi[1]”.

Mustaqillikning dastlabki davrida milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasi butun jamiyat oldida turardi va hozir ham turibdi. Uni yaratish yo‘lida qator salmoqli ishlar qilingani barchaga ayon. Milliy istiqlol g‘oyasi fanini bog‘chadan boshlab o‘qitishadi va bu oliy ta’lim muassasasigacha da’vom etadi. Ba’zi hollarda esa undan keyin ham o‘rganishga, imtihon topshirishga to‘g‘ri keladi. Biroq…
O‘tgan 27 yil ichida bu mafkura xalqimizga qanchalik singishdi? Ularning barcha qatlamlari ongiga to‘liq yetib bordimi, degan haqli savol tug‘iladi. Keling, bir hayotiy misol keltiray. O‘zim viloyatdanman, u yerda katta yoshli qatlam (asosan, 40-50 yosh) orasida ba’zida sobiq SSSRga bo‘lgan nostalgiyani bir necha bor uchratganman. Bu toifadagi kishilar u davrlarni eslaganda ko‘zlarida yoshlik xotiralari yonadi va tamshanib qo‘yishadi. Hatto “kommunizmga erta yetamiz-indin yetamiz, deb yurib, endi bilsak, kommunizmda yashab qo‘ygan ekanmiz” qabilidagi gaplarni ham eshitib qolasiz. Boshida bunday holat faqat mening qishlog‘imda, tumanimda mavjud deb yurardim. Yaqinda bo‘lgan voqea esa bunday emasligini ko‘rsatdi. Vaziyat taqazosi va qiziqish yuzasidan poytaxt atrofidagi bir tumanga hasharga borib qoldim. Mutlaqo begona odamlar – kombinat ishchilari. Begona bo‘lsa-da, samimiy insonlar. Suvchilar bug‘doy sug‘oryapti. Ular ham sodda, samimiy va dangalchi kishilar. Yoshlari o‘rta yoshdan o‘tgan. Ishchilar va suvchilar bilan davra qilib tamaddi qilar ekanmiz, ularning gurungiga quloq tutaman. Yodimda qolgani – SSSR paytida gugurtning arzimas tiyin turishi, magazin mudirlarining sovun va o‘simlik moyini xaridorning o‘zi o‘lchab olaverishini aytishlari (o‘sha paytlardagi savdo xodimlari bunday mollarga qo‘l tekkizgisi kelmas ekan), 70 so‘m oylik olingani-yu, bu pulning ro‘zg‘orga yetgani va hakozolar. “Endi u davrlar qayda…”

Nostalgiya bormi, demak, bugungi kunimizda nimadir kam. Mafkuramikan? Yana fikr yuritaylik-chi.

So‘nggi paytlarda telekanallardagi hind va turk seriallari borasida salbiy fikrlar ko‘paydi. Jamiyatdagi ko‘pgina axloqiy muammolarning ildizini bu seriallarga bog‘lash uchrayapti. Seriallarni yaxshi-yomonga bo‘lish niyatim yo‘q, shunchaki, ayni mavzuga aloqador tomonini aytmoqchiman. Birorta serialni taqiqlash bilan ish bitmasligi aniq. Eshikni bekitsangiz, teshikdan kiradi. Eng istiqbolli yechim – bu aholida mafkuraviy immunitetni shakllantirish. Odamlarimiz o‘z saviyalari tufayli bunday filmlarni ko‘rmay qo‘ysin. (Shu qatorda, ularga tanlov huquqini ham berish joiz: istagan G‘arb kinosini ko‘rsin, istagan islomiy mazmundagisini ko‘rsin). Buning uchun millat mafkurasi bo‘lishi kerak-ku? Bu yoqda esa u konstitutsiyaviy norma bilan taqiqlab qo‘yilgan.
Kimdir shu joyida xalq mafkurasi va davlat mafkurasi alohidaligi haqidagi e’tirozlarini bildirishi ham mumkin. E’tirozini davom ettira turib, davlat birorta mafkurani qurol qilib, faqat uning qoidalarini qo‘llab faoliyat yuritishi taqiqlangan, desa ham ajab emas. Biroq, qanday qilib xalq mafkurasi bilan hisoblashmay faoliyat yuritib bo‘ladi? Bu holat davlat va xalq o‘rtasida kattakon jarlik paydo qilmaydimi? Axir, davlatning asosi xalq bo‘lsa...

Endi atrofga ham bir nazar tashlasak. Fransiya. Ozodlik va erkinlik g‘oyalari beshigi deyish xato bo‘lmasa kerak. Amaldagi Beshinchi respublika Konstitutsiyasining 2-moddasi fransuz milliy mafkurasining umumiy ko‘rinishini aks ettiradi. Zero, ayni shu modda bilan “Ozodlik, Tenglik, Birodarlik” fransuz xalqining shiori o‘laroq belgilangan. Ayni paytda “Xalq boshqaruvi, xalq bilan birgalikda va xalq uchun” tamoyili ham qaror topdi. Fransiya Konstitutsiyasida mafkura so‘zi biror marta ishlatilmagan, demakki, davlat mafkurasi ham taqiqlanmagan. Fransuz mafkurasi xususida gap ketganda gollizm maydonga chiqadi. Biroq bu alohida mavzu.
Yaponiya. Imperatorlik an’analarini qadrlovchi bu davlat imperator shaxsidan xalqni birlashtiruvchi kuch sifatida foydalanadi. Shuning uchun ham Konstitutsiyasining dastlabki bobini imperatorga bag‘ishlagan bo‘lsa ehtimol. Yaponlar Konstitutsiya orqali davlat mafkurasini taqiqlashmagan. U yerda aynan imperator idealogiyasi ijtimoiy hayotga, ichki va tashqi siyosatga nisbatan davlatning faoliyatini belgilab beradi.
Rossiya Federatsiyasi. Ko‘pgina sobiq Sovet respublikalari qatori u ham davlat mafkurasini taqiqlab qo‘ygan (RF Konstitutsiyasi 13-modda 2-qismi). MDH miqyosida olib qaraganda, barcha davlatlarda yangi milliy mafkura yaratish vazifa qilib qo‘yilgan. Rossiya ham bundan mustasno emas. Rus ziyolilari zimmasiga yangi milliy va federativ sharoitga mos bo‘lgan mafkura yaratish yuklangan. Bu maqsadda ular muntazam ravishda konferensiyalar, anjumanlar tashkillashtirib turishibdi. Diqqat qilish kerak tomoni – bu jarayonda shovinizm unsurlari ham ko‘zga tashlanishi hollari uchramoqda.

MDH davlatlaridagi mafkuraviy holatning umumiy jihati shundaki, mustaqillikka erishilgach, yangi iqtisodiy va siyosiy tizim yaratish vazifasi oldinda turardi. Bu vaziyatda kommunistik mafkura yo‘q qilindi yoki maksimal darajada cheklandi. O‘tmishda bo‘lib o‘tgan qatag‘onlar va boshqa ko‘rguliklarning sababchisi ham davlat tomonidan bir mafkuraning yakkahokimligi o‘rnatilishi bo‘lgani davlat mafkurasi konstitutsiyaviy darajada taqiqlanishiga olib keldi. To‘qsoninchi yillarning boshida bu tabiiy hol va tarixiy sharoit taqozosi ham edi. Biroq, o‘tgan vaqt bu holatning abadiy qolishi mumkin emasligini ko‘rsatmoqda. Masalan, davlatchilikni mustahkamlash yo‘lidagi islohotlar va uning tuzilmasini yanada taraqqiy ettirish maqsadida Konstitutsiyamizga o‘zgartirishlar kiritildi. Demak, bugungi vaziyat unga yana bir tuzatish kiritish lozimligini taqozo etmoqda, ya’ni 12-moddaning ikkinchi qismini bekor qilish yoki mazmunan butkul o‘zgartirish hayotiy zaruratga aylanib ulgurdi. Mustaqillik davrida ishlab chiqilgan milliy mafkurani xalq ruhiga yaqinlashtirish, o‘zbek xalqi xarakterini chizayotganda uning barcha jihatlarini e’tiborga olish kerak. Faqatgina uning sabrliligini, mehmondo‘st va qo‘li ochiqligini, mehnatsevarligini ta’rif-u tavsif qilmasdan, bir zamonlar buyuk millatlar qatorida turganligi va ajdodlarining toza hamda qaynoq qoni hamon tomirlarida oqayotganini eslatish, to‘g‘ri so‘zlilik, vijdonlilik va ishbilarmonlik, eng muhimi, jasurlik kabilar bu xalq tabiatining ajralmas qismi ekanligini yodga solib qo‘yish lozim.

Xulosa qilib aytganda, bizga milliy mafkura kerak va bu milliy mafkura davlat va xalq manfaatlarining mushtarakligi, mamlakat yaxlitligi, odamlarimizning asil va umrboqiy tabiatini ifodalashi, hayotning qiyin pallalarida bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishi kerak.



[1] O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga sharh / A.A. Azizxo‘jayev [va boshq.]; O‘zb.Res. Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik in-ti. –Qayta ishlangan va to‘ldirilgan 2-nashr. –Toshkent: O‘zbekiston, 2013. 59-bet.

Saturday, 20 January 2018

Muvaffaqiyatli diplomat bõlish uchun õn besh maslahat


(erkin tarjima[1])
Muallif: Robert Den Blekvill
Tarjimon: Quvonchbek Usmon

R. Blekvill 1939-yil 8-avgustda tuǧilgan. AQSHning sobiq diplomati, yozuvchi, Xalqaro munosabatlar kengashining yetakchi a’zosi va lobbist. U AQSHning Hindistondagi elchisi (2001–2003) va AQSH Milliy xavfsizlik kengashining Iroq bõyicha vakili bõlgan. Bu diplomat G. Kissinjerning sevimli shogirdlaridan hamda xalqaro munosabatlar va amaliy diplomatiya borasida qirq yillik boy tajribaga ega shaxs.
Tarjimondan


Oval ofis, Oq uyning ishlar xonasi, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi hamda chet el poytaxtlaridagi qirq yil davomida bõlib õtgan uchrashuvlarim mashhur diplomatlarning eng muhim xislatlari xususida fikr yuritishimga turtki bõldi. Har bir uchrashuvda turfa ustozlardan õrganish imkoniyati bor edi. Bu yerda keltirilgan 15 xislat omadli diplomat uchun juda zarur ekanligiga ishonaman.

Xalqaro   munosabatlar, diplomatiya san’ati va mahoratiga bõlgan doimiy ishtiyoq-u qiziqishning mavjudligi. Agar bu mavzu sizni qoniqtirmasa, sizda dunyoni õrganishga undaydigan yengib bõlmas instinkt bõlmasa, boshqa kasb qidira qoling.

Tahlilchilik qobiliyatingizni kõrsating. Hozirgi madaniyatimiz mafkuraviy moyillik va mustahkamlikni raǧbatlantiradi. Bizdan dastlabki ma’lumotlarga ega bõlmasimizdan fikr sõraladi. Tahlil qilib bõlmasingizdan keladigan buyruqlar bosimiga chidamli bõling. “Inson aqli faktlar va sabablar tufayli harakatga kelishi haqidagi ishonchimga zid bõlgan behisob isbotlarga qarshi qaysarlik qilayotgan behafsala maktab õqituvchisi edim”, deganida Den Echeson bu mushkulotni tushungan edi.

Tez va soz yozing. Tezkor, sifatli yozish qobiliyatingizni muntazam oshirib boring. Buyuk yozuvchilarni õqing va ulardan õrganing. Jorj Oruel, E.B. Uayt hamda Jon Makfi ijodini õqishga harakat qiling.

Qisqa va ravon sõzlang. Jorj Shultsning kuzatishicha, bilim egallashda tinglashning ahamiyati yetarlicha baholanmaydi. Diqqat qiling, faqat kerak bõlganda gapiring hamda mulohazalaringizni lõnda ifodalang. Ammo   oliygohda bular yuqori baholanmaydi.

Tafsilotlarga sinchkovlik bilan e’tibor qarating. Tahliliy ishingiz Prezidentga yoki Bosh vazirga, vaqtinchalik rahbaringizga yoxud hamkasbingizga mõljallanganidan qat’iy nazar, ularning har biri benuqson xizmatga loyiqdirlar. Haqiqiy imkoniyatlaringizdan kamini qabul qilmang. Jef Bezos ta’kidlaganidek, “agar õz ishingizning mirisidan-sirisigacha bilmasangiz, pand yeysiz”.

Pishiq va amaliy muzokarachi bõling. Diplomatning maqsadi “ha” javobini olish emas. Undan kõra mamlakatingiz milliy manfaatlariga eng yaxshi xizmat qiladigan narsadan boshlang. Sõngra yuqoridagi talablarga imkon qadar yaqin bõlgan muzokara natijalariga erishish ilojini qidiring. Õzingiz uchun aniq belgilangan “qizil chiziq”lar õrnating va ulardan tashqariga chiqmang. Jeyms Beyker maslahat berganidek, “hech qachon õzgaga bajariladigan ishlar tartibini belgilatmang” yoxud “jilovni berib qõymang”.

Uzoq muddatli jismoniy va aqliy chidamlilikni shakllantiring. Kuniga 12–16 soatlab hokimiyat va lavozim mas’uliyati bilan ishlash kerak bõladi, stress va bosim ichida bõlasiz. Baquvvat bõling.

Xavfli vazifalarni qabul qiling. Diplomatlar tez-tez tahdidli hududlarda xizmat qiladilar va ba’zida ish joylarida halok bõlishadi. Liviyadan tortib Iroq-u Afǧonistongacha va undan nari joylar, bu faqat tevaragi noyob va nodirliklarga tõla yerlarda bajariladigan xizmatlar emas. Bu vazifaga kirishishdan burun jasoratingiz yetish-yetmasligi haqida õylab kõring.

Tarixni õrganing. Harvard universitetini bitirgan buyuklardan Ernest Mey va Richard Noystatd vaqt silsilasi bõylab fikrlashni ustalik bilan maslahat beradilar. Ular tarix ilmi mavjud vaziyatlarda puxta va aniq siyosiy yõl-yõriq bermasligini inkor etmaydilar, biroq aynan u tanlovlaringizni kõrsatib beradi. Shu bilan birga, tarix siyosatni ifodalash va qõllash bilan boǧliq asosiy masalalarni kõtarib chiqadi. Boshlanishiga Henri Kissinjerning “Qayta qurilgan dunyo”[2] kitobini õqigan yaxshi.

Hokimiyatga õz fikringizni mulohazakorlik bilan ayting. Agar siyosat haqiqatda murakkablashayotgan bõlsa, unga qarshi chiqishga tayyor turing. Ammo paytini topib e’tiroz bildiring. Boshliǧingizning joniga tegib ketmang. Bu siyosiy tafovutlar chõqqiga chiqqan taqdirda ham, “uvillamang”, yumshoqroq aytganda, dardingizni dasturxon qilmang. Iste’foga chiqing.

Boshliǧingizga sodiq va haqiqatgõy bõling. Qanchalik ma’qullamasligingizdan qat’iy nazar, yuqoridan kelgan qarorga hech qachon shubha bildirmang. Qachonlardir shunday qaror bõlib qolganda, sizning kasb burchingiz bu qarorni õrinlatib bajarishdir. Jamoat joylarida rahbariyatingiz qarorini pichirlab rad etishda hech qanaqa jasorat yõq va hech qachon, ayni paytda qanchalik maqsadga muvofiq kõrinmasin, rasmiy boshliqlaringizga yolǧon gapirmang va firib bermang. Aks holda, ishdan bõshatilasiz.

Siyosiy qayishqoqlikni rivojlantiring. Agar gersog Vellington hech qachon jangni boy bermaganda, u õsha mashhur gersog Vellington bõlolmasdi, boshqa kõpgina sarkardalar ham shunday va siz ham. Vaqtinchalik siyosiy maǧlubiyatlarga tayyor turing, sõngra ǧayrat-la keyingi kurashlarni davom ettiring.

Munosib ish tajribasiga erishing. Vaqtingizni, quvvatingizni va sa’y-harakatingizni shaxsiy kamolotingizga sarflang. Katta hokimiyat va tezda keluvchi mansabga chanqoq bõlmang. Kõpgina ishlarda bõlgani kabi diplomatiyada ham tajriba muvaffaqiyatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Uyǧonish davri musavvirlari talab qilganidek, shogirdlik shaxs kamolotining zaruriy bosqichilaridandir. Siz suv taqsimoti bõyicha yaxshi ta’lim olgan, ammo sira quvur õrnatib kõrmagan vodoprovodchini yollagan bõlarmidingiz?

Õz siyosiy mafkurangizni aniqlab oling. Tashqi siyosat sohasidagi lavozim taklifi qanchalik jozibador ekanligi muhim emas. Siz õzingizdan sõrangki, ishlash taklif etilayotgan tashkilot sizning mafkurangizga mutanosibmi yoki yõq? Bunday qilmaslik tuganmas kasbiy oǧriq va azobni õzingizga chaqirish bilan barobardir.

Omadga duch kelganingizda undan foydalaning. Napaleondan qanday turdagi sarkardalarni izlayotganini sõrashganda, “omadlilarini” degan ekan. Qachonki jahondagi hodisalar foydalanishingiz mumkin bõlgan qulay siyosiy fursatlarni berganda, tayyor turing. Shuningdek, (siz erisha oladigan yoki erishishni istaydigan) lavozim kõtarilishida davom etish qismatingizning taqdirlovidir. Bunda sanalgan boshqa 14ta xususiyatga muntazam e’tiborli bõlish karyerangizda ma’lum darajada omadli bõlishga xizmat qiladi.




[1] Asliyatda: “Ideal qualities of a successful diplomat”
[2]Asliyatda: “A world restored”.