Jamiyatimizda inson qadri va uning huquqlariga hurmat muammoligicha qolmoqda. So'nggi voqealar ham buning isboti bo'lib qolmoqda. Samarqanddagi o'ldirilgan chaqaloqlar voqeasini olasizmi, Marg'ilondagi bolalarnimi yoki mamlakatning har burchagida sotilayotgan go'daklarnimi yoxud hech ikkilanmasdan o'zgalarni haqoratlash va hakozolarnimi? Bularning bari yurtimizda inson huquqlari qadriyat darajasida emasligini ko'rsatib qo'ymoqda. Zero, inson huquqlari oliy qadriyat ekanligi Bosh qomusda yaqqol aks ettirilgan. Konstitutsiyadan ko'ra rahbarning gapini ustun qo'yuvchilar mamlakatida bundan boshqachasi bo'lishi ham mumkinmi o'zi?
O'zbekistonda inson huquqlarini birinchilikka qo'yishdan maqsad nima? Tarixiy taraqqiyot davomida davlat nima uchun tuzilgan o'zi?
Ikkinchi savolga javob berishdan boshlaymiz. Insonlar guruh bo'lib yashasharkan, ularning bilimlari oshib bordi, to'dalar o'rtasidagi munosabatlar kuchaydi va kengaydi. Ayni paytda, boshboshdoqlikka, qonunsizlikka qarshi kurashishning eng yaxshi yo'li yo'lboshchi atrofida birlashish edi. Maqsad esa inson manfaatini asosan insonlardan himoya qilish edi.
Yurtimizda inson huquqlariga odamlar ixtiyoriy rioya qilsalar nima bo'ladi? Majburiy mehnat yo'qoladi, inson qalbi nisbatan butun bo'ladi, kishilar ongi va dilida ishonch mustahkam bo'ladi, odamlar o'z hayotini o'zi qurishiga imkon yaratiladi.
Ko'ngli butun kishilar yangi g'oyalar yaratadi, boshqacha aytganda, ham o'zining hayotiga, ham jamiyat hayotiga innovatsiya olib kiradi. Inson huquqlari kuchayishi barobarida qonunga amal qilish ham to'g'ri proporsional ravishda o'sib boradi. Eng kam ehtimollik darajasida mamlakatimiz boyib qolmas, biroq jamiyatimizda nisbatan xotirjamlik va baxt hukm suradi.
Inson huquqlarini davlatda birinchilikka qo'yilishi yuqoridan boshlanadi, aynan oliy hokimiyatning (o'zi chiqargan) adolatli qonunlarga bo'ysunishidan boshlanishi kerak. Ammo reallikdan uzoqlashish yaxshimas. Insonning o'zi ham o'z huquqini bilmog'i, u uchun kurashmog'i kerak. Jadidona aytganda "haq olinur, berilmas".
Qaysi mamlakatda qonunda yozilgani hayotda bo'y ko'rsatmas ekan, u yerda inson huquqlaridan so'z ochish bekor. Qaysi mamlakatda davlatning oliy mansabdori o'ziga tegishli vakolatdan chetga chiqar ekan, uning aytganiga ishonish aqlsizlik. Qaysi mamlakatda qonunlar va qonun hujjatlari aql bovar qilmas darajada ko'p bo'lar ekan, u yerda qonun ustuvorligi to'g'risida gapirish nodonlik. Qaysi davlat qonunlarida "shart" emas, "mumkin" so'zi ko'p ishlatilar ekan, u yerda qonunlar ijrosi haqida nutq o'qish nojoizdir.
Hozirda og'izdan tushmay kelayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investitsiyalar, faol tadbirkorlik kabi da'vatlarning kelajagi faqat inson huquqlarining amalda ro'yobga chiqishiga bog'liqdir. Yo'qsa, biz hali ancha payt tarix yo'laklarida sarson kezamiz.
No comments:
Post a Comment