Thursday, 2 November 2017

Sud tizimida O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining tutgan o’rni


Whenever you put a man on the Supreme Court
he ceases to be your friend.
Harry S Truman[1]

O’zbekiston Respublikasida hokimiyatlarning bo’linishi tamoyiliga asoslangan va to’la mustaqil uchinchi hokimiyat – sud hokimiyati mavjud. Mamlakatimizning sud tizimi odil sudlov prinsiplariga asoslanib faoliyat yuritadi. Odil sudlov prinsiplari deganda, sud ishlarini yuritishning eng muhim xususiyatlarini, xarakterini mazmun-mohiyatini, tashkil etilishi tartibini belgilovchi huquqiy qoidalarni tushunmog’imiz kerak[2]. Shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi ham qonuniylik, odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, sudyalarning mustaqilligi, ularning faqat qonunga bo’ysunishi, barcha shaxslarning qonun va sud oldida tengligi, sudlarda ishlarning oshkora ko’rilishi, sud ishlari yuritiladigan til, sud himoyasida bo’lish huquqini ta’minlash, aybsizlik prezumpsiyasi kabi prinsiplar asosida faoliyat yuritadi. Bu konstitutsiyaviy prinsiplar nafaqat Konstitutsiyamizda, balki “Sudlar to’g’risida”gi Qonunda ham mustahkamlab qo’yilgan. Oliy sudning respublika sud-huquq tizimidagi ahamiyati uning konstitutsiyaviy maqomi, vakolatlari va vazifalarida namoyon bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining eng yuqori instansiyasi hisoblanadi, bu  norma Konstitutsiyamizning 110-moddasida mustahkamlab qo’yilgan. Uning qabul qiladigan hujjatlari butun O’zbekiston Respublikasi hududida ijro etilishi majburiy sanaladi. U chiqargan hujjat o’zgarmasdir. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyati Konstitutsiyamizga asoslangan holda “Sudlar to’g’risida”gi Qonuni (2000-yil 14-dekabr) bilan tartibga solinadi. Ushbu qonunning 13-moddasi 2-qismiga ko’ra Oliy sud “… Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy sudlari, viloyat, shahar, tumanlararo, tuman sudlari va harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega”[3]. Oliy sudning bundagi o’rni uning keng va ko’plab vakolatlari bilan bog’liq. Boshqacha aytganda, Oliy sudning sud tizimidagi ahamiyati u bajaradigan ko’plab vazifalar bilan bog’liq bo’ladi. Masalan, umumiy yurisdiksiya sudlari sudloviga taalluqli bo’lgan ishlarni bajarishda umumiy yurisdiksiya sudlari vazifasini bajaradi, ya’ni u umumiy yurisdiksiya sudlari ko’rayotgan ishlarni mazmunan ko’rib chiqishi mumkin. Buning uchun qo’yiladigan talab jinoyat, xo'jalik yoki fuqarolik ishi juda murakkab va chigal bo’lishidir[4]. Shu bilan birga aynan Oliy sud biror fuqarolik ishini bir suddan olib boshqasiga o’tkazishga haqli. Yana bir muhim jihati shundaki, Oliy sud o’zi qabul qilgan qarorni ikkinchi instansiya sudi sifatida ko’rib chiqa oladi. Buning uchun protest bildirish huquqiga ega bo’lgan shaxslarning istagi ham zarur bo’ladi. Bunaqa vaziyatda ish yo apellatsiya, yoki kassatsiya tartibida ko’rilishi belgilab qo’yilgan.
Ikkinchi vazifasi bo’lmish o’zidan quyi turuvchi umumiy yurisdiksiya sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish ham Oliy sudning mavqe’yini ko’rsatib beradi. Bu nazoratdan ko’zlangan maqsad umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyati davomida yo’l qo’yadigan xatolarni aniqlash va ularni bartaraf etishdan iborat bo’ladi. Shubhasiz, bu borada Oliy sud qonun doirasida protsessual shakllarda harakat qilishi lozim. Shu bilan birga Oliy sud “… Plenum tushuntirishlari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Sud amaliyoti va sud statistikasinining tizimli tahlilini amalga oshiradi”[5]. Bu vazifa orqali Oliy sud sudlar va boshqa davlat hokimiyati organlari tomonidan muayyan qonunlarning qo’llanishida faol ta’sir eta olish imkoniyatiga ega bo’ladi. Oliy sud Plenumining sharhlari esa sudlar amaliyotiga tayanishi va hayotiyligi bilan ushbu qonunlarni kelajakda to’g’ri qo’llanishi uchun asos bo’ladi.
Oliy sudning keng imkoniyatlari uning parlament hayotiga aralashishiga ham sabab bo’ladi. Chunki, respublikamizda Oliy sud qonunlar qanday ishlayotgani, ularni qo’llashda qanaqa qiyinchiliklarga duch kelinayotgani, kamchiliklar haqida yaxshi xabardor bo’lgan organlardan biridir. Bu ma’lumotlar vositasida u qonunlar qanaqa muammolarga qaratilishi kerakligi haqidagi xulosalar yordamida qonun ijodkorligiga ko’maklashadi. Shunday qilib, mana shu imkoniyatlar inobatga olinib, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasida Oliy sudning qonunchilik tashabbusiga egaligi belgilab qo’yilgan. Bu norma “Sudlar to’g’risida”gi Qonunning 12-moddasida mustahkamlangan. Unga ko’ra Oliy sud Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbusiga ega[6]. Qisqasi, Oliy sud respublika sud tizimida o’ziga xos vakolatlarga ega va bu vakolatlarning doirasi shunchalar kengki, ularni ushbu maqola orqali to’la yoritib bo’lmaydi.
Endi boshqa mamlakatlarning Oliy sudlari xususida ham biroz gapirsak. Dastlab AQSH Oliy sudi haqida fikr yuritamiz. AQSH Konstitutsiyasining 3-moddasi 1- va 2-qismlarida sud hokimiyati va Oliy sud maqomi haqidagi normalar belgilangan[7]. Ushbu normalarga ko’ra AQSH Oliy sudi va quyi instansiya sudlari sud hokimiyatini amalga oshiradilar. Ularni AQSH Kongressi ta’sis etishi ham Konstitutsiyaning 3-moddasi 1-qismida mustahkamlab qo’yilgan. Oliy sud bosh sudya va sakkizta a’zodan iborat bo’ladi. Ushbu sudyalar Senat tavsiyasi va roziligi bilan Prezident tomonidan tayinlanadi. Oliy sud faqatgina to’liq tarkibda majlis o’tkazishi belgilangan. AQSH Oliy sudi faoliyati kongress qonunchiligi, Oliy sud o’zi tasdiqlagan reglament, ba’zan amaliyot natijasida shakllangan an’analar bilan tartibga solinadi. Yuqorida aytilgan moddaning 2-qism 2-bandiga ko’ra elchilar, konsullar va boshqa vakolatli vakillarga oid, shu bilan birga tomonlardan biri shtat bo’lgan ishlarni ko’rish vakolati Oliy sudga tegishlidir[8]. Qolgan barcha masalalarda Oliy sud apellatsiya instansiyasi sanaladi. Oliy sudda ish ko’rilishi uchun ikkita talab qo’yiladi: birinchidan, da’vo predmeti Oliy sud yurisdiksiyasiga tegishli bo’lishi lozim, ya’ni federal darajadagi ish bo’lmog’i darkor. Ikkinchidan, taraflar o’rtasida haqiqiy nizo bo’lishi kerak, ya’ni Oliy sud har xil taxminlarga asoslangan farazlarni ko’rib chiqib o’tirmaydi. Shunisi e’tiborliki, AQSH Oliy sudida hay’atlar mavjud emas. Bu har bir sudya ishni ko’rib chiqishi lozimligini bildiradi. Oliy sudning yana bir vakolati borki, bu quyi turuvchi sudlar uchun sud ishlarini yuritish qoidalarini va ashyoviy dalillarni ko’rib chiqish tartibini qabul qilishidir. Demak, AQSH Oliy sudi ham O’zbekiston Oliy sudi kabi quyi instansiyalar uchun majburiy bo’lgan qoidalar chiqarar ekan. Oliy sudning asosiy funksiyalaridan yana biri – bu Konstitutsiyani buzishda ayblash bilan bog’liq sud ishlari bo’yicha qarorlar qabul qilishdir[9]. Bu ishlarning ko’pchiligi fuqarolik huquqlari buzilishi bilan bog’liq holatlar sanalarkan. Xulosa qilganda, AQSH Oliy sudi quyi turuvchi sudlar qarorlari ustidan shikoyatlarni ko’rib chiqib, chiqargan qarorlari bilan boshqa barcha federal sudlar va sudlar tomonidan Konstitutsiya va federal qonunlarni sharhlashda rioya etilishi shart bo’lgan sud pretsedentlarini o’rnatuvchi eng yuqori sud instansiyasidir.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining ahamiyatini anglashda va xorij oliy sudlari bilan taqqoslashda oson bo’lishi uchun Yaponiya sud tizimini ham qisqacha ko’rib chiqsak. Yaponiya Konstitutsiyasining 76-moddasida[10] belgilanishicha butun sud hokimiyati Oliy sud va uning quyi instansiyalariga tegishlidir. Favqulodda sudlar tuzilishi taqiqlanadi, ma’muriy organlar yakuniy qaror chiqarish orqali odil sudlovni amalga oshirishlari mumkin emas. Barcha sudlar mustaqildirlar va faqat qonunga bo’ysunadilar.
Yaponiya Oliy sudining keng vakolatlari mavjud. Bu vakolatlar sirasiga:
-         sud tizimiga rahbarlik qilish;
-         oliy sud instansiyasi vazifasini bajarish;
-         oliy konstitutsiyaviy nazorat organi vazifasini bajarish;
-         quyi turuvchi barcha sudlar ustidan rahbarlik qilish;
-         prokuror va advokatlarning ish qoidalarini belgilash kabilar kiradi.
Yaponiya Oliy sudi rais va 14 nafar a’zodan iborat. AQSH Oliy sudidan farqli va O’zbekiston Oliy sudiga o’xshash jihati shundaki, Yaponiya Oliy sudida hay’atlar ham faoliyat yuritadi. Bunda asosan fuqarolik va jinoyat ishlari bo’yicha sud hukm va qarorlari ustidan qilingan shikoyatlar ko’rib chiqiladi. Shuningdek, Oliy sud to’la tarkibda qonun hujjatlari yoki ma’muriy hujjatlarning Konstitutsiyaga zidligi yuzasidan shikoyatlarni ko’rib chiqadi. Shu qatorda u Konstitutsiyani sharhlash, unga o’zgartirishlar kiritish yoki o’zining avvalgi qarorlarini o’zgartirish masalalarini ham ko’rib chiqadi. Bu norma Konstitutsiyasining 81-moddasida[11] belgilab qo’yilgan. Yaponiya Oliy sudining xarakterli jihati shundaki, u AQSH Oliy sudidan farqli ravishda konstitutsiyaviy nazorat funksiyasini o’zidan quyi turuvchi sudlar bilan bo’lishgan, ya’ni quyi instansiya sudlari ham hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish vakolatiga ega. Oliy sudning yana bir vakolati shundan iboratki, u quyi instansiya sudyalarining ro’yxatini Vazirlar Mahkamasiga taklif etadi. Shu o’rinda Yaponiyada davlat boshqaruvi bosh vazir qo’lida ekanligini ta’kidlash joiz.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, O’zbekiston sud-huquq tizimida Oliy sudning ahamiyati katta bo’lib, bu uning bajarayotgan funksiyalarida, egalik qilayotgan vakolatlarida aks etgan. Zero, Oliy sudning tushuntirishlar berish vakolati sabab qonunchilikdagi tushunmovchiliklar bartaraf etiladi. Qonunchilik tashabbusiga egaligi esa samarali va istiqbolli (perspektiv) qonunlar qabul qilinish uchun zamin yaratadi. Ushbu essemizda O’zbekiston Oliy sudi bilan bir qatorda AQSH, Yaponiya Oliy sudlarini ham tahlil qildik. Bu tahlilda yaqqol namoyon bo’lgan narsa shuki, AQSH va Yaponiyada oliy sudlar konstitutsiyaviy nazorat funksiyasini ham bajaradilar. O’zbekistonda bunday emas, chunki O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ham mavjud. Yuqoridagi ikki mamlakatning bizning sud tizimimizdan farqi ham Konstitutsiyaviy sudning yo’qligidadir. Ushbu sudlarning O’zbekiston Oliy sudi bilan o’xshash jihati esa, ularning quyi instansiyalar uchun majburiy qarorlar chiqarishida va eng yuqori apellatsiya sudi ekanligidir.


[1] Elektron resurs: [https://www.brainyquote.com/quotes/quotes/h/harrystrum112323.html?src=t_supreme_court]
[2] Rustamboyev M., Tuxtasheva U. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. T.: “ILM ZIYO”, 2012. -87-bet.
[3] Elektron resurs: [http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=68425&action=showchild&_t=201712316022973]
[4] Rustamboyev M., Tuxtasheva U. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. T.: “ILM ZIYO”, 2012. -186-bet
[5] “Sudlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining 14.12.2000-y. Qonuni. 13-modda // Elektron resurs: [http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=68425&action=showchild&_t=201712316022973]
[6] “Sudlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining 14.12.2000-y. Qonuni. 12-modda // Elektron resurs: [http://lex.uz/pages/getpage.aspx?lact_id=68425&action=showchild&_t=201712316022973]
[7] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -358с.
[8] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -559с
[9] Rustamboyev M., Tuxtasheva U. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. T.: “ILM ZIYO”, 2012. -574-bet
[10] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -611с
 [11] Конституции зарубежных стран: Великобритания, Франция, Германия, Италия, Европейский Союз, Соединенные Штаты Америки, Япония: учеб. пособие / [сост. Сб., пер., авт. Введ. И вступ. Ст. В.В. Маклаков]. -8-е издание. –М.: Инфотропик Медиа, 2012. -612с

Turkiya va O’zbekiston Respublikalarida siyosiy-hududiy tuzilishdagi o’ziga xosliklar

O’zbekiston Respublikasining siyosiy - hududiy tuzilishi asoslari Konstitutsiyamizning I bob 3-moddasi, XVI bob 68–69-moddalari, XVII bob70–75-moddalari, XXI bob 99–105-moddalarida mustahkamlab qo’yilgan. Ularda davlat hududi, bo’linishi, markaziy va mahalliy hokimiyatning o’zaro munosabatlariga oid normalar bayon qilinadi. Zero, bu jihatdan Konstitutsiyamiz Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasidan butkul farqlanadi. Quyida shu xususida fikr yuritiladi.

O’zbekiston va Turkiya Respublikalarining davlat, hokimiyat, boshqaruv tamoyillarining o’ziga xosligi
Unitar davlat bu davlat tuzilishining oddiygina shakli, unda boshqa biron bir mustaqil davlat birikmalari, tuzilmalari bo’lmaydi. Yagona Konstitutsiya, yagona fuqarolik, yagona pul va soliq tizimi, qonun chiqaruvchi, ijro, sud hokimiyatlari ham markazlashgan shaklda tuzilgan bo’ladi. Fransiya, Turkmaniston, Qozog’iston, Italiya, Yaponiya kabilar misol bo’ladi. O’zbekiston va Turkiya ham davlat tuzilishining shu turiga mansub. Ammo har bir davlatda bo’lgani kabi bu ikki mamlakat siyosiy-hududiy tuzilishida ham kattagina farqlar mavjud. Zero, Turkiya Respublikasi mahalliy boshqaruvi fransuzcha modelga asoslangan, byurokratik sentralizm va qat’iy iyerarxiya[1] asosiga qurilgan ma’muriy boshqaruv sanaladi.
O’zbekiston unitar davlatlar qatoriga kirsa-da, uning tuzilishida ayrim federativ davlatlarga xos xususiyatlar ham mavjud. Masalan, O’zbekiston tarkibida davlat tuzilishiga xos bo’lgan Qoraqalpog’iston Respublikasi bor va u o’zining konstitutsiyasi, qonunlari, hududi, oliy qonunchilik, ijro va sud hokimiyatlari organlariga ega. Biroq, shuni unutmaslik darkorki, O’zbekiston va Qoraqalpog’iston munosabatlari federativ asosda qurilmagan, ya’ni federatsiyada bir necha teng huquqli subyektlar mavjud bo’lsa, bu yerda teng huquqli federatsiya subyektlari yo’q. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida bajarilishi majburiy va Qoraqalpog’iston qonunlari O’zbekiston qonunlarining ustuvor xarakterga egaligini to’laligicha tan oladi va unga asoslanishi zarur.
Har bir mamlakatning hududi turli xususiyatiga qarab, tegishli bo‘laklarga bo‘linib idora etiladi. Bu bo‘laklar bir necha pog‘onadan iborat bo‘lib, ularning har biri o‘z hududiga ega bo’ladi. Mamlakat hududi bo‘laklarga bo‘linishi davlat boshqaruvini mukammal tashkil etishda juda muhim davlat – huquqiy instituti bo‘lib, konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida IV bo‘limi va uning ikki bobi (XVI, XVII boblar) ma'muriy-hududiy va davlat tuzilishi masalalariga bag‘ishlangan. Uning alohida-alohida moddalarida ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari huquqiy tartibga solingan. Ma'muriy-hududiy tuzilish konstitutsiyaviy asosda hal qilinadigan ijtimoiy munosabatlar qatoriga kiradi. Konstitutsiyamizning 68-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat” – deb belgilangan. Bu birinchidan, O‘zbekiston hududi nimalardan iborat bo‘lishini, ikkinchidan, O‘zbekiston hududining qanday ma'muriy birliklardan tashkil topganini ko‘rsatadi. Bu hududiy birliklar huquqiy maqomi, hududiy holati, aholisining soni, mashg‘ulotiga qarab bir-biridan farq qiladi. O‘zbekiston ma'muriy-hududiy birliklarining huquqiy maqomi darajasiga qarab uchga bo‘lish mumkin. Birinchisi yuqori pog‘ona, bunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, ikkinchisiga tuman va shaharlar, uchinchisiga shaharchalar, qishloqlar va ovullar kiradi. Konstitutsiyamizning 69-moddasida “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrinig chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisinig roziligi bilan amalga oshiriladi”[2] – deb belgilangan. Viloyatlar, tumanlar, shaharlarni tashkil qilish, qo‘shib yuborish, tugatish, mamlakat iqtisodi, boshqaruv samarasi, fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga murojaat qilishining qulay-noqulayligi hisobga olinib, umummanfaatlar ko‘zlangan holda amalga oshiriladi. Shu kabi katta masalalarni o’z ichiga olgani uchun ham siyosiy-hududiy tuzilish konstitutsiyaviy asosda ko’riladigan ijtimoiy munosabatlar yig’indisidir.
O’zbekiston Respublikasi Konstuitutsiyasiga asosan, mamlakatda mahalliy miqyosda ikki turdagi organlar: vakillik va ijro hokimiyati mavjud. Bularni umumiy qilib quyidagicha aytish mumkin: mahalliy hokimiyat organlari tizimi bu viloyat, shahar, tumanlarda tashkil etiluvchi xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar yig’indisidir. Vakillik organlari bir-biridan mustaqil faoliyat ko’rsatadi, ijro organlari esa vertikal tarzda ishlaydi. O’zbekiston mahalliy davlat hokimiyati tizimida hokim institutining roli katta bo’lib, uning vakolatlarini quyidagilarda aks ettirish mumkin: u o’z vakolatlari doirasida hududdagi barcha korxona, tashkilot, muassasalar uchun bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar chiqaradi, vakolatlarini amalga oshirishda yakkaboshchilik tamoyiliga asoslanadi, xalq deputatlari Kengshlariga rahbarlik qiladi, shu bilan birga o’zi rahbarlik qilayotgan organlar faoliyati uchun javob ham beradi[3] va hakozolar.
Mamlakatda mahalliy o’zini o’zi boshqaruv shaharcha, qishloq va ular tarkibidagi mahallalarda, shahar mahallalaridagi fuqarolar yig’inida namoyon bo’ladi. Ular oqsoqol va uning maslahatchilarini 2,5 yil muddatga saylaydilar[4]. Saylash tartibi va ularning faoliyati bir qancha qonunlar orqali tartibga solinadi. Eng avvalo, bu masala Konstitutsiyamizning 105-moddasida belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov 2010-yil 12-noyabrda Oliy Majlisning qo’shma yig’ilishida bayon qilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da mahalliy o’zini o’zi boshqaruv instituti – mahalla faoliyatini yanada taraqqiy ettirish, vazifalarini kengaytirish, davlat hokimiyati organlari bilan o’zaro yaqin munosabatlarini ta’minlash alohida dolzarb masala ekanligiga urg’u berdi. Haqiqatdan ham, bu borada izchil islohotlar davom ettirilmoqda. Bu borada aynan shu konsepsiyada yozilgan ko’rsatmalar bu islohotlarni yo’naltirib turibdi. Konsepsiyada “Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida”gi Qonuni va “Fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to’g’risida”gi Qonuniga tegishli o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish kerakligi aytilgandi[5].  Zero bu qo’shimchalarga ko’ra, mahallani kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik markaziga aylantirish, aholini aniq yo’naltirilgan asosda ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, jamoatchilik nazoratini shakllantirish, oqsoqol va uning maslahatchilari saylovi tizimini takomillashtirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish ko’zda tutiladi.
Qisqasi, bugungi kunda O’zbekistonda mahalliy o’zini o’zi boshqaruv izchil islohotlar bilan demokratik davlatlarga xos oltita tamoyil (demokratizm prinsipi, oshkoralik prinsipi, ijtimoiy adolat prinsipi, insonparvarlik prinsipi, mustaqillik prinsipi, jamoatchilik asosidagi o‘zaro yordam prinsipi) bo’yicha tashkillashtirilgan.
Quyidagi jadvallarda biz Turkiya Respublikasi va O’zbekiston Respublikasining siyosiy-hududiy tuzilish (mahalliy va markaziy hokimiyat munosabatlari, mahalliy ijro va vakillik organlari, mahalliy o’zini o’zi boshqaruv organlari) borasidagi o’ziga xosliklarini qiyosiy tarzda aks ettirishga harakat qilamiz.




Ikki mamlakat siyosiy-hududiy tuzilishining qiyosiy jadvali

O'zbekiston Respublikasi
Turkiya Respublikasi

Siyosiy-hududiy jihatlari Konstitutsiyaning 3, 6, 68-69, 70-75, 99-105-moddalarida bayon qilinadi.
Siyosiy-hududiy normalar Konstitutsiyaning 3, 123, 126, 127, 129- moddalarida mustahkamlangan.

Ayrim federativ xususiyatlarga ega unitar davlat.
Mutlaq unitar davlat.

Mamlakat viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog'iston Respublikasidan iborat.
Mamlakat ellar (viloyatlar), elchalar (tumanlar), buchaklar (okruglar), qishloqlar va shaharlar, munitsipalitetlar, mahallalardan iborat.

Viloyat, tuman va shaharlarni hokim boshqaradi. Mahalliy hokimiyat organlaridagi eng katta lavozim.
Viloyatni vali (gubernator), elchani kaymakam (tuman rahbari), buchakni buchakmudur (okrug rahbari), munitsipalitetlarni belediye reisi (mer), qishloqni oqsoqol boshqaradi.

Vakillik organlariga hokimlar boshchilik qilishadi.
Vakillik organlariga vali raislik qiladi.

Viloyat hokimlarini Prezident tayinlaydi, ishdan bo'shatadi.
Valilarni Ichki ishlar vaziri taqdimi, Prezident ma'qullashidan so'ng Vazirlar Kengashi tayinlaydi.

Tuman va shahar hokimlarini viloyat hokimi tayinlaydi, ishdan bo’shatadi, xalq deputatlari Kengashi tasdiqlashi lozim.
Elcha rahbarlarini Ichki ishlar vaziri taqdimi bilan Prezident tayinlaydi. Buchak-okrug rahbarlarini vali taqdimiga binoan Ichki ishlar vaziri tayinlaydi.

 Mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari:
qonuniylikni, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy yuksaltirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
mahalliy budjetni shakllantirish, ijro etish;
mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
normativ hujjatlarni qabul qilish va boshqalar[6].
 Mahalliy boshqaruvga oid vakolatlar mazmui:
davlatning siyosiy yo’lini hayotga tatbiq qilish;
 hukumat qaror va farmoyishlarini amalga oshirish;
mahalliy saylanadigan organlarni nazorat qilish;
ma’muriy qarorlarni qabul qilish;
zaruriy holatlarda viloyat amaldorlari uchun intizomiy jazo choralarini belgilash;
qishloq xo’jaligi dasturlarini amalga oshirish, maktab va irrigatsion inshootlar qurish;
mahalliy miqyosda pochta, telegraf, sog’liqni saqlash va ta’lim ishlarini boshqarish va hakozolar.

Mahalliy o'zini-o'zi boshqaruvdagi o'xshashlik va tafovutlar
Turkiya Respublikasi
O’zbekiston Respublikasi
 Gubernator rahbarligidagi Viloyat majlisi; tarkibi har bir tumandan vakillar saylanishi orqali 5 yil muddatga shakllantiriladi;
har yili  yig’iladi va Ma’muriy kengash bilan yaqindan hamkorlikda ishlaydi;
vakolatlari: yillik budjetni qabul qilish va Ma’muriy komissiya a’zolarini saylash.
 Xalq deputatlari Kengashlari har besh yilda ko’ppartiyaviylik asosida bir mandatli saylov okruglaridagi saylovlarda shakllantiriladi;
Xalq deputatlari viloyat Kengashiga siyosiy partiyalar, tuman, shahar Kengashlariga o’zini o’zi boshqarish organlari va siyosiy partiyalar nomzodlar qo’yadi;
Ish shakli – sessiya, yilda kamida bir marta hokim, uning o’rinbosarlari tomonidan chaqiriladi.
 Viloyat markazlari, tuman ma’muriy markazlari va aholisi soni 2000 kishidan oshgan barcha shaharlar munitsipalitet (belediye) maqomiga ega.
 Kamida 2000 ming aholisi bor, transport va industrial obyektlarga yaqin joylashgan aholi punktlari shaharchalar turkumiga kiritiladi.
 Vakolatlari: sog’liqni saqlash, sotsial yordam, ijtimoiy faoliyat, maorif va transport sohalaridagi milliy dasturlar ijrosini ta’minlash, boshqalar.
  Faoliyat yo’nalishini belgilash, nochor fuqarolarga ijtimoiy yordam, hududni kompleks rivojlantirish, obodonlashtirish rejalarini tasdiqlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va hakozolar.
 Munitsipalitetlar boshlig’i – mer (fuqarolar tomonidan 5 yillik muddatga saylab qo’yiladigan shaxs); merga vazifasini bajarishda uning o’rinbosarlari, bo’lim direktorlari yordam beradilar.
 O’zini o’zi boshqaruv organlari rahbarlari – oqsoqol; vakolat muddati 2,5 yil; 18ta komissiyalar va maslahatchilar yordam beradi.
Munitsipial kengashlar munitsipalitet aholisi soniga bog’liq tarzda turli miqdordagi tarkib bilan 5 yilga saylab qo’yiladi, kengash yilda 3 marta yig’iladi;
Vakolatlari: budjet, rekonstruksiya rejalari, xo’jalik masalalari, kommunal xizmatlar uchun to’lovlar va soliq miqdori bo’yicha qarorlar qabul qilish; munitsipial kengashlarga mamlakatdagi partiyalar o’z nomzodlarini qo’ya oladilar.
 Fuqarolar yig’ini kengashi 2,5 yilga shakllantirilib, oqsoqol, uning maslahatchilari, mas’ul kotibi, diniy ma’rifat va axloqiy-ma’naviy ishlar bo’yicha maslahatchi, mahalla posbonidan iborat tarkibda tuziladi;
Vakolatlari: fuqarolar yig’inini chaqirish, komissiyalar ishini muvofiqlashtirish, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirlarni o’tkazish, kengash devonini shakllantirish, turli tadbirlar o’tkazishda tegishli davlat organlariga yordam berish.
 Eng kichik bo’g’in – bu qishloq (qishloq deganda aholisi 2000 kishidan kam bo’lgan manzilgoh); Qishloqlarda hokimiyat vakolatlari berilgan asosiy shaxs oqsoqol hisoblanib, u qishloqning katta yoshli aholisi yig’inida saylab qo’yiladi.
 Qishloq – eng quyi pog’ona; aholisi soniga bog’liq ravishda qishloq fuqarolar yig’inini tashkil etishi mumkin, bunda odatda ikkita qishloq uchun bitta fuqarolar yig’ini tashkil etiladi.
Qishloqning katta yoshli aholisi oqsoqolni saylaydi.
 Vakolatlari: tartibga rioya qilinishini tekshirish, soliqlar yig’ish va fuqarolar hayotidagi marosimlarga raislik qilish;  qishloq moliyasini nazorat qilish, maktab va boshqa jamoat binolari qurish uchun yerlarni sotib olish yoki musodara qilish;
fuqarolardan pul to’lovlari undirish va yo’llar qurish, qishloq hayotini yaxshilashga doir harakatlarga fuqarolarning mehnat hissasini qo’shishi haqidagi qarorlarni qabul qilish;
odamlar o’rtasidagi mojarolarni sinchiklab tekshirib, jamoat oldida ayb ish qilgan kishilarga jazo choralarini belgilash va h.
Qishloq hududidagi marosimlarga boshchilik qiladi, fuqarolar orasidagi nizo-kelishmovchiliklarning bartaraf etilishiga ko’maklashadi, hasharlar e’lon qiladi va hakozo.


Xulosa
Turkiya Respublikasi Kichik Osiyodagi davlat bo’lib, uning hududi el – elcha – buchak – qishloq tarzida bo’linadi. Bu bo’linishda tarixiy qadriyatlar hisobga olingan. Umuman olganda, Turkiya qattiq tartibga asoslangan iyerarxik ko’rinishdagi unitar davlat. O’zbekiston ham unitar davlat hisoblansa-da, u Turkiyadan farqlanadi. Bu farqlar O’zbekiston tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi mavjudligida namoyon bo’ladi. Shu bilan birga buchak hududiy tuzilmasining O’zbekiston Respublikasida muqobil varianti yo’qligi yana bir farq sanaladi.
Turkiyada mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari O’zbekiston Respublikasiga qaraganda katta. Favqulodda holatlarda valining (gubernatorning) cheksiz vakolatli bo’lib qolishi ham buni isbotlaydi. U o’z viloyatidagi barcha ishlarga aralasha oladi. Tashqi tomondan qaragan odam uni o’rta asrlardagi viloyat hokimlariga o’xshatishi mumkin. Ammo, Turkiya Respublikasi hududiy birliklarida xalq vakillaridan tuziladigan majlislar ham mavjudligi vaziyatni biroz yumshatadi. Xalqning davlat boshqaruviga aralashishiga imkoniyat yaratadi.
Turkiyaning mahalliy o’zini o’zi boshqaruvi fransuzcha modelning mintaqaga moslashtirilgan ko’rinishidir. Unda ham G’arbiy Yevropadagidek munitsipalitetlar tuziladi (qoida bo’yicha bu maqomni olish uchun aholi soni ikki ming kishidan oshishi lozim) va uni mer boshqaradi. Merni xalq saylaydi, biroq u mahalliy hokimiyat organlari bilan aksar hollarda hisoblashib, ko’rsatmalar bo’yicha ish yuritadi. Zero, munitsipalitetlar faqatgina o’z hududlariga oid katta ahamiyatga ega bo’lmagan masalalarda mustaqildirlar. Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvning eng quyi bo’g’ini bo’lgan qishloqlarda oqsoqol xalq saylagan vakil sanaladi va qishloq hududida ham ijro, ham vakillik instituti vazifasini bajaradi. Bu jihatlari bilan u birmuncha kattaroq vakolatlar doirasiga egalik qiladi. Mahalliy o’zini o’zi boshqaruv sohasida O’zbekistondan yuqoridagi jihatlariga ko’ra ajralib turadi.
Xulosa o’rnida quyidagilarni ayta olamiz: O’zbekiston Respublikasi siyosiy-hududiy bo’linishi Turkiyanikidan ancha farq qiladi, Turkiya Jumhuriyati mahalliy hokimiyati va o’zini o’zi boshqaruvida chalkashliklar mavjud, zero, unda markaziy hokimiyatning kuchli aralashuvi sezilib turadi va markaz vakilining avtoritar boshqaruvi mavjud. Shu kabi kamchiliklarini inobatga olsak, Turkiya Respublikasining bu sohasidan o’zlashtirishimiz kerak bo’lgan xususiyatlar yo’q, degan xulosaga kelamiz. Kurs ishidan maqsad qilingan Turkiya siyosiy-hududiy tuzilishini o’rganish ma’lum miqdorda bajarildi.
Tatbiq etishimiz mumkin bo’lgan jihatlari yo’q bo’lsa-da, Turkiyaning bu tomonini tadqiq qilish foydadan holi emas, shu o’rinda Prezidentimizning quyidagi so’zlarini ta’kidlagan bo’lardik: “… taraqqiy topgan davlatlar qatoriga chiqish uchun hali qiladigan ishlarimiz juda ko’p. Bu borada eng asosiy masala – amalga oshirilgan ishlarimizga tanqidiy baho berish, manmanlikka berilmaslik, xalqaro tajriba va o’zgalarning yutuqlariga bepisand qaramaslik, hayotimizda bu yo’nalishda hali-beri uchraydigan g’ov va to’siqlarni bartaraf etishdan iborat”[7].

P.S.: Ushbu maqola "Turkiya Respublikasining siyosiy-hududiy tuzilishi" nomli maqolaning mantiqiy davomidir. 



[2] O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 22-bet.
[3] O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 57-bet.
[4] O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 58-bet.
[5] Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish – mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy mezonidir / I. A. Karimov. –T.: “O’zbekiston”, 2011. T. 19. – 95-bet.
[6]O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –Toshkent: “O’zbekiston”, 2015. – 55-bet
[7] Jahon inqirozining oqibatlarini yengish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va taraqqiy topgan davlatlar darajasiga ko’tarilish sari / I. A. Karimov. –T.: “O’zbekiston”, 2010. –T. 18. – 66-bet.

Turkiya Respublikasining siyosiy-hududiy tuzilishi


 Turkiya Respublikasi bugungi kunda, nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo siyosatida ham muhim o’rin tutadi. Bunga asosiy omillar sifatida bu davlatning geosiyosiy joylashuvi, Osiyo mamlakatlari ichida yuqori iqtisodiy taraqqiyoti va qudratli qurolli kuchlarga egaligini keltirish mumkin. Turkiya konstitutsiyaviy huquqini o’rganar ekanmiz, uning siyosiy-hududiy tuzilishiga e’tibor qaratmaslikning iloji yo’q. Ushbu mavzuni tadqiq qilish Turkiyaning siyosiy-huquqiy tuzilishidagi kamchilik va yutuqlarni anglashga muhim omil bo’lib xizmat qiladi. Zero, shu o’rinda Prezidentimiz I. Karimovning quyidagi so’zlarini eslamoq joiz: … doimo o’rganish, izlanish, yangilikka intilib yashash kerak. Bugungi kunda qaysi davlat yuksak taraqqiyotga erishgan bo’lsa – bu Janubiy Koreya yoki Yaponiya bo’ladimi – bularning barchasidan o’rganish kerak[1]. Turkiya Respublikasi ham shunday mamlakatlar qatoriga kiradi. Ustiga ustak, bu davlatning mamlakatimiz iqtisodiga katta sarmoya kiritgan yirik iqtisodiy sheriklarimizdan sanalishi ham uning turli jihatlarini o’rganishimizga turtki bo’ladi.
Mamlakatning konstitutsiyaviy taraqqiyotiga nazar tashlasak, quyidagi manzaraning guvohi bo’lamiz. Turkiya Respublikasi 1923-yil 29-oktabrda tashkil etildi. Shundan so’ng 1924-yilda respublikaning birinchi konstitutsiyasi e’lon qilindi. Bu konstitutsiyaga ko’ra, “suverenitet xalqqa tegishli” edi, shu bilan birga butun hokimiyat bir palatali parlament – Buyuk Millat Majlisi qo’lida to’plangan davlat boshqaruv tizimi ham yaratildi. Parlament deputatlari xalq tomonidan to’rt yillik muddatga saylanishardi va shu muddat davomida ular prezident saylash, bosh vazir va hukumatni tayinlash huquqiga ega bo’lishardi. 1924-yilgi Konstitutsiya fuqaro huquq va erkinliklarini kafolatladi va sudlar mustaqilligini e’lon qildi. 1920-yillar davomida sud tizimi ishlab chiqildi. Turkiya Republikasida bir necha bor harbiy to’ntarishlar sodir bo’lgan va, natijada, davlat Konstitutsiyasi ham turli tuzatish va qo’shimchalar bilan 1961-yil 9-iyulda, 1982-yil 9-noyabrda xalq referendumi orqali yana yangidan qabul qilingan. Hozirgi Konstitutsiya yaratilishi 1981-yilda harbiy rejim yangi Konstitutsiya loyihasini tayyorlash maqsadida Maslahat majlisini shakllantirishi bilan boshlangan. 1982-yil sentabrda loyiha tasdiqlandi va umumxalq referendumida qabul qilingach, kuchga kirdi. Ushbu Konstitutsiya Muqaddima, 7 qism, 177 moddadan iborat va fuqarolik hamda siyosiy huquqlarning uzun ro’yhatini o’z ichiga qamrab oladi.
 Maqoladan ko’zlangan maqsad – Turkiya Respublikasida siyosiy-hududiy bo’linish tamoyillari, markaziy va mahalliy hokimiyat organlari o’rtasidagi munosabatlar, mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvning mamlakat hayotidagi rolini, mahalliy miqyosdagi organlarning vakolat va majburiyatlarini o’rganish va O’zbekiston Respublikasi siyosiy-hududiy tuzilishi bilan solishtirib, tahlil qilish hamda ikki davlatning bu sohadagi o’zaro tafovut va o’xshashliklarini anglashdir. 
Mavzuning o’rganilganlik darajasi. Mavzu hali O’zbekiston Respublikasida yetarlicha tadqiq etilmagan, biroq A. Saidov, U. Tadjixonov, A. Azizxo’jayev asarlarida ma’lum darajada yoritilgan. Shu sababli, mavzuni o’rganish jarayonida xorij manbalaridan (rus olimlari asarlari, Internet ma’lumotlaridan) keng foydalanildi.


Turkiya Respublikasi siyosiy-hududiy tuzilishining konstitutsiyaviy asoslari
Turkiyaning siyosiy-hududiy tuzilishi masalasi amaldagi Konstitutsiyasining III qism II bo’lim 126–127-moddalarida bayon qilinadi. Quyidagi bo’limlarda shu xususida so’zlanadi.


Turkiyaning siyosiy-hududiy bo’linishi

Mamlakatning siyosiy-hududiy tuzilishi bu yaxlit davlat hududining qismlarga bo’linishining muayyan tartibi, ularning huquqiy holati, markaziy organlarining hududiy bo’linmalar bilan o’zaro munosabatidir. Siyosiy-hududiy tuzilish shakliga turli omillar ta’sir etadi. Masalan, a)davlat va jamiyat oldida turgan iqtisodiy vazifalar; b) davlatdagi siyosiy kuchlarning o’zaro nisbati; d) davlat hududidagi aholining ko’p millatliligi va o’zaro munosabati; e) davlat hududining katta yoki kichikligi; f) jamiyat ijtimoiy ongi va boshqalar[2]. Shu aniqki, deyarli barcha davlat Konstitutsiyalarida turlicha ko’rinishda bo’lsa ham, davlat tuzilish shakli belgilab qo’yilgan bo’ladi. Turkiya Respublikasi ham bundan mustasno emas, albatta.
Turkiya Respublikasini davlat shakliga ko’ra turlasak, u boshqaruvning aralash shaklidagi unitar davlat bo’lib chiqadi. Zero, unda parlament respublikasi va prezidentlik respublikasiga xos xususiyatlar mavjud hamda siyosiy hududiy tuzilishiga ko’ra, qattiq tartibdagi iyerarxik shakldagi unitar davlatdir. “Unitar davlat” modeli va “bitta xalq” tamoyili Turkiya davlat qurilishining eng muhim tamoyillari hisoblanadi, ya’ni xalq “bitta”, mamlakat “bo’linmas” va davlat yagona”.  Bu qoida mamlakat Konstitutsiyasining “Umumiy tamoyillar” nomli I qismi 3-moddasida mustahkamlab qo’yilgan[3].
Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasining 126-moddasida quyidagicha belgilab qo’yilgan: “Markaziy boshqaruv tashkilotlari nuqtayi nazaridan, geografik joylashuv, iqtisodiy sharoit va ijtimoiy talablardan kelib chiqib Turkiya ellarga, ellar esa boshqa quyi hududiy birliklarga bo’linadi”[4].  Hozirgi kunda butun Turkiya Respublikasi hududi 81 ta elga bo’lingan. Bu termin xorijiy atamashunoslikda provinsiya atamasiga to’g’ri kelsa, O’zbekiston Respublikasida viloyat so’zining ekvivalentidir. O’z navbatida esa “el” “elcha”larga, ya’ni tumanlarga bo’linadi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2007-yilga kelib Turkiya hududida 923ta tumanlar (elcha)[5] mavjud bo’lgan. Viloyat ma’muriy markazi o’sha viloyatning markaziy tumanida (merkez ilce) joylashgan bo’ladi. Biroq, ba’zida istisnoli holatlar ham mavjud bo’ladi. Misol tariqasida Hatay viloyati markazi Antakya shahrida, Kochaeli viloyati markazi Izmit shahrida, Sakarya viloyatining markazi Adapazari shahrida joylashganini aytib o’tish lozim. Ba’zi istisnoli hollarni inobatga olmaganda, ko’p tumanlar buchaklarga bo’linadi. Bu hududiy birlik mamlakat hududiy tuzilishi va mahalliy boshqaruvining eng quyi pog’onasi sanaladi[6]. Qisqagina qilib bu birlikni okrug yoki volost deyish ham mumkin. Bu hududiy tuzilma bir necha qishloqlardan iborat bo’lishi mumkin.


Turkiya Respublikasining mahalliy boshqaruvi

 Har bir provinsiyaning rahbari sifatida vali (gubernator) turadi. Gubernator Ichki ishlar vaziri taqdimiga binoan Vazirlar Kengashi tomonidan Prezident ma’qullagandan so’ng tayinlanadi. Gubernator o’z provinsiyasida markaziy hokimiyatning bosh vakili sifatida faoliyat yuritadi va bevosita Ichki ishlar vaziriga hisob beradi. Vali (gubernator) bajaradigan ustuvor vazifalar qatoriga davlatning siyosiy yo’lini hayotga tatbiq qilish, hukumat qaror va farmoyishlarini amalga oshirish kabilar kiradi. Vali viloyatdagi barcha organlar, xizmatlar va mansabdorlar ishini tashkillashtiradi va rahbarlik qiladi, qisqasi viloyatdagi butun hokimiyat uning qo’lida to’plangan.
Mamlakat Konstitutsiyasi favqulodda holatlar e’lon qilingan vaziyatlarda valiga deyarli cheklanmagan vakolatlar taqdim etadi. Yuqorida ta’kidlangan vazifalar qatoriga mahalliy saylanadigan organlarni nazorat qilish ham kiradi. Bu holatda u markaziy hokimiyatning vakili sifatida ko’riladi va fuqaro manfaatlarini himoya qilish va mahalliy darajada boshqaruv samaradorligini ta’minlash maqsad qilib olinadi. Mahalliy darajadagi amaldorlarni Ichki ishlar vaziri vazifasidan ozod qilishi mumkin. Bu hodisa mazkur amaldor o’z xizmat doirasiga aloqador qonunbuzarliklar qilgan va tergov qilinayotgan holatlarda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, viloyatdagi ijro hokimiyati boshlig’i sifatida vali hukumat dasturlarini bajarishga mas’ul shaxslarning, vazirliklarga mansub bo’lgan viloyat miqyosidagi xodimlarning va boshqa mansabdorlar faoliyatini tashkillashtirib, tekshirib boradi. Yuqorida tilga olingan davlatning fuqarolik ishlariga oid amaldorlari milliy hukumatning mahalliy muassasalariga rahbarlik qiladilar. Bu muassasalar, asosan, qishloq xo’jaligi, sog’liqni saqlash, moliya va maorif masalalari bilan shug’ullanadi. Har bir viloyatda ushbu amaldorlar vali (gubernator) rahbarligidagi Viloyat ma’muriy kengashini (vilayet genel meclisi) shakllantirishadi. Bu kengash eng muhim ma’muriy qarorlarni qabul qiladi va zaruriy holatlarda viloyat amaldorlari uchun intizomiy jazo choralarini belgilaydi.
Vali, shuningdek, Viloyat majlisi va mahalliy savdo-sanoat bilan shug’ullanadigan bir qancha organlarga ham rahbarlik qiladi. Vali rahbarlik qiladigan organlar qatoriga Viloyat ma’muriy komissiyasini ham kiritish darkor. Komissiya har bir tumandan (elchadan) bir vakil saylanishi orqali shakllantiriladi va umumiy maslahatlashuv uchun haftada bir marta yig’iladi. Vakillarni Viloyat majlisi saylaydi. Viloyat budjeti ijara to’lovlari, xizmatlar uchun to’lovlar, jarimalar va davlat soliq daromadlarining 1% miqdoridagi ulushidan shakllantiriladi. Viloyatning aksar mablag’lari qishloq xo’jaligi dasturlarini amalga oshirish, maktab va irrigatsion inshootlar qurish kabilarga sarflanadi.
Har bir tuman (elcha) o’zining ma’muriyatiga ega va u tuman markazida joylashgan bo’ladi. Tuman ma’muriyati (O’zbekiston Respublikasidagi tuman hokimiyatiga ekvivalent tushuncha) tarkibi tuman rahbari (kaymakam), markaziy hukumatning tuman miqyosidagi vakillari va Tuman ma’muriy kengashidan iborat. Tuman rahbarlari Ichki ishlar vaziri taqdimiga binoan Prezident tomonidan tayinlanadi. Har bir tuman rahbari valiga bo’ysunadi, o’z tumanida hukumat amaldorlarining majburiyatlarini bajarishlarini monitoring qilib boradi.
Okruglar rahbarlari (bucak mudur) vali – gubernatorning taqdimiga ko’ra, Ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlanadilar. Ularning soni taxminan 40 mingga yetadi[7] hamda ular o’z qishloq aholi punktlarida qonunlar ijrosi uchun javobgar hisoblanishadi. Ularga, asosan, yerdan foydalanish, hayot va o’lim statistikasi, mahalliy maktablar, pochta, telegraf va telefon aloqasi uchun mas’ul bo’lgan amaldorlar yordam yordam berishadi.


Turkiya Respublikasida mahalliy o’zini-o’zi boshqaruv

Mahalliy o’zini o’zi boshqarish bevosita fuqarolar tomonidan saylanadigan organlardir. Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvga Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvning Yevropa xartiyasida quyidagicha ta’rif keltiriladi: “…mahalliy o’zini o’zi boshqaruv organlarining qonun doirasida mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqqan holda, davlat ishlarining ma’lum bir qismini belgilab olishi, uni boshqarish qobiliyati va huquqlari tushuniladi”[8]. Bu xartiya 1985-yil 15-oktabrda qabul qilingan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun majburiy qoidalardan iborat. Unda mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvning konstitutsional, qonunchilik asoslari mujassamlashgan. Ushbu prinsiplar mamlakat konstitutsiyasi va qonunchiligida tan olinishi talab etiladi.
Shuni unutmaslik lozimki, mahalliy boshqaruv va mahalliy o’zini-o’zi boshqaruv o’rtasida muayyan farq mavjud. Ular bir-biriga qarshi tushunchalar emas, balki bir-birini to’ldiradigan, talab qiladigan tushunchalardir. Mahalliy boshqaruv markaziy hokimiyat tomonidan tayinlanadigan organ sanalsa, mahalliy o’zini o’zi boshqarish – saylanadigan organdir. U faqat saylanib qolmaydi, ya’ni mustaqil ekanligini bildirib turuvchi bir qator real huquqlarga, vakolatlar majmuiga ham ega bo’ladi.
 Turkiya Respublikasida mahalliy miqyosda markaziy boshqaruv ancha kuchliligini e’tirof etgan holda o’zini-o’zi boshqaruv ham mavjudligini ta’kidlash joizdir. Mahalliy o’zini o’zi boshqaruv viloyat (el) miqyosida Viloyat majlisi sifatida namoyon bo’ladi. Viloyat majlisiga gubernator rahbarlik qiladi, uning tarkibi esa har bir tumandan vakillar saylanishi orqali 5 yil muddatga shakllantiriladi. Viloyat majlisi har yili  yig’iladi va Ma’muriy kengash bilan yaqindan hamkorlikda ishlaydi. Majlisning vakolatlariga yillik budjetni qabul qilish va Ma’muriy komissiya a’zolarini saylash kiradi.
Turkiyadagi 81ta el – viloyatning har biri o’rta hisobda 8ta tumanga, har bir tuman esa, o’z navbatida, 493ta atrofidagi buchaklar – okruglarga bo’linadi. Viloyat markazlari, tuman ma’muriy markazlari va aholisi soni 2000 kishidan oshgan barcha shaharlar munitsipalitet (belediye) maqomiga ega va ular saylab qo’yiladigan merlar tomonidan boshqariladi. Munitsipial boshqaruv har bir viloyat va tuman markazida, shuningdek aholisi 2000dan oshgan barcha jamoalarda ham mavjud. Munitsipial ma’muriyat sog’liqni saqlash, sotsial yordam, ijtimoiy faoliyat, maorif va transport sohalaridagi milliy dasturlar ijrosi uchun mas’ul sanaladi. Bu munitsipalitetlar – kommunalarga fuqarolar tomonidan 5 yillik muddatga saylab qo’yiladigan merlar (belediye reisi) boshchilik qiladilar. Merga vazifasini bajarishda uning o’rinbosarlari, bo’lim direktorlari yordam berishadi. Munitsipial kengashlar ham mavjud va ular munitsipalitet aholisi soniga bog’liq tarzda turli miqdordagi tarkib bilan 5 yilga saylab qo’yiladi. Munitsipial kengash yilda 3 marta yig’iladi va budjet, rekonstruksiya rejalari, xo’jalik masalalari, kommunal xizmatlar uchun to’lovlar va soliq miqdori bo’yicha qarorlar qabul qiladi. Munitsipial kengashlarga mamlakatdagi partiyalar o’z nomzodlarini qo’ya oladilar. 2009-yilgi munitsipial kengashga saylovlarda hukmron partiya – Adolat va taraqqiyot partiyasi g’alaba qilgan. Mer va munitsipalitet bo’limlari boshliqlari tomonidan tayinlangan turli munitsipial qo’mitalar kadrlar masalalari bo’yicha qarorlar qabul qiladi va moliyaviy ishlar bilan shug’ullanadi.
Mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvning eng kichik bo’g’ini bu qishloqlardir. Bunda qishloq deganda aholisi 2000 kishidan kam bo’lgan manzilgohlarni tushunmoq lozim. Qishloqlarda hokimiyat vakolatlari berilgan asosiy shaxs oqsoqol hisoblanib, u qishloqning katta yoshli aholisi yig’inida saylab qo’yiladi. Ushbu norasmiy yig’in to’g’ridan-to’g’ri mazkur manzilgohga daxldor bo’lgan qarorlarni ham qabul qilishi mumkin. Shuningdek, yig’in mahalliy maktablar o’qituvchilari va mahalliy diniy jamoat boshlig’i – imomdan iborat Oqsoqollar kengashini ham saylaydi. Oqsoqol kommunal loyihalar va xizmatlarning rejalashtirilishi va bajarilishini kuzatib boradi, davlatning yuqori organlari qaror va buyruqlarini hayotga tatbiq qiladi, delegatsiyalarni qabul qiladi. Uning xizmat vakolatlari qatoriga tartibga rioya qilinishini tekshirish, soliqlar yig’ish va fuqarolar hayotidagi marosimlarga raislik qilish ham kiradi. Oqsoqollar kengashi moliyani nazorat qiladi, maktab va boshqa jamoat binolari qurish uchun yerlarni sotib oladi yoki musodara qiladi, shuningdek fuqarolarning pul to’lovlari va yo’llar qurish, qishloq hayotini yaxshilashga doir boshqa harakatlarga fuqarolarning mehnat hissasini qo’shish haqidagi qarorlarni qabul qilish huquqiga ham egadir. Kengash odamlar o’rtasidagi mojarolarni ham sinchiklab tekshiradi va jamoat oldida ayb ish qilgan kishilarga jazo choralarini belgilaydi.
Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, Turkiyaning mahalliy o’zini-o’zi boshqaruvida ba’zi kamchiliklar mavjud va buni hukumat ham tushunib yetgan. Shu sababdan, Turkiya Respublikasi hukumati bu sohada islohotlarni zarur deb hisoblaydi.  Zaruriy islohotlarga Mahalliy o’zini o’zi boshqaruvning Yevropa xartiyasi nizomlari asos qilib olingan. Mahalliy hokimiyat organlarini mustahkam moliyaviy asosda tashkil etish va ularni ko’proq mustaqillik bilan ta’minlash islohotlarning bosh maqsadi sanaladi.  Islohot rejasiga ko’ra aholi mahalliy xizmatlarga yanada ko’proq haq to’lay boshlaydi, ko’chalarni yoritish ham mahalliy aholi zimmasiga yuklanishi mumkin. Shuningdek, islohot katta munitsipalitetlar va ularning kichik qo’shnilarini xizmatlar va vakolatlarni takrorlamaslikka, balki taqsimlab olishga undashga ham mo’ljallangan.




[1] Erishgan marralar bilan chegaralanmasdan, boshlagan islohotlarimizni yangi bosqichga ko’tarish – bugungi kundagi eng dolzarb vazifamizdir / I. A. Karimov. – T.: “O’zbekiston”, 2015. T. 23. – 167-bet
[2] “Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqi”: darslik / Mas’ul muharrir: prof. A.A.Azizxo’jayev.  - T.: TDYI, 2010, 264-bet
[3] Конституции мира: Сборник конституций государств мира. Т.5. /Сост. и авторы вступительных статей У. Таджиханов, А. Саидов. –Т.: Академия МВД Республики Узбекистан, 1998. –стр. 77
[4] Конституции мира: Сборник конституций государств мира. Т.5. /Сост. и авторы вступительных статей У. Таджиханов, А. Саидов. –Т.: Академия МВД Республики Узбекистан, 1998. –стр. 132
[5] https://tr.wikipedia.org/wiki/T%C3%BCrkiye
[6] https://tr.wikipedia.org/wiki/Bucak
[8] “Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqi”: darslik / Mas’ul muharrir: prof. A.A.Azizxo’jayev.  - T.: TDYI, 2010, 557-bet