Friday, 21 October 2016

Tehron rostdan ham qo'rqinchli edi...



 XX asrning birinchi choragi. Dunyoda evrilish-u o’zgarishlar shamoli tinimsiz esmoqda. Ilm-fan tezdan tez taraqqiy etmoqda, san’at va adabiyot yangidan yangi cho’qqilarga chiqmoqda, fuqaro huquqlari doirasi kengaymoqda, qisqasi, dunyo yana-da go’zallashmoqda. Orada bo’lib o’tgan URUSH odamlarni faollashtirib yuborgan. Ayollarga ham saylash huquqi berilgan, erkaklar bilan teng maqomda va hakozolar.






Biroq… Eronda hammasi boshqacha edi. Mustabid tuzum ag’darilgan, mashrutachilar (konstitutsion monarxistlar) hokimiyati qaror topgan. Parlament faoliyat ko’rsatmoqda edi. Bundan xabardor odam Eron taraqqiyot yo’liga kiribdi, derdi. Ammo, u adashgan bo’lardi. Aytganimizdek, u yerda bari boshqacha edi. Ashroflar (zodagonlar) aynigan, sayyid-u eshonlar buzilgan, ayollar xo’rlangan va savodsiz, badaxloqlik, fahsh, johillik tomir otgan edi, shohga esa bularning bari bir pul edi. Parlament saylovlari ham mutlaq antidemokratik ruhda o’tar, aholining aksari bo’lgan dehqonlar zamindorning qistovi bilan u xohlagan nomzodga ovoz berishardi va hakozolar. Eronda ham taraqqiyparvar yoshlar bor, ammo oz edi. Bunday fojia ularni befarq qoldirmagan, ular xalq sifatida o’zgarishni istashdi. Natijada, yangi fikrli eronlik yoshlar paydo bo’ldi. Ulardan biri Mushfiq Kozimiy edi.
Bizning tariximizda M. Behbudiy, A. Avloniy, A. Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat kabilar qanchalik o’ringa ega bo’lsa, M. Kozimiy ham jonkuyar, vatanparvar ijodkorligi bilan Eron tarixida shunchalik o’ringa ega. Biz Qodiriyni romanchiligimiz asoschilaridan biri sifatida bilamiz. “O’tkan kunlar” romani sujeti Turkiston o’lkasining XIX asrdagi holidan xabar beradi, unda o’zbek xalqining asl farzandlari bilan bir qatorda “palag’da tuxum”ga o’xshash bolalari ham borligi va ular o’rtasidagi kurash, davr muammolari aks etgan. Cho’lpon esa o’z romanida (“Kecha va kunduz”) XX asr boshlaridagi Turkiston holidan xabar beradi. Ular qanday muammolarni ko’tarib chiqqanini sizga aytib o’tirishim shart emas, albatta. M. Kozimiy ham Eron adabiyotida zamonaviy romanchilik asoschilaridan biri bo’ldi. Agar e’tibor bersak, u ham turkistonlik hamkasblari bilan bir davrda adabiyot olamiga qadam qo’ygan. Uning dastlabki romani “Qo’rqinchli Tehron” bo’lib, uni 1922-yilda yozib tugatgan. Kitobning 1-qismi Tehronda 1921-yilda, 2-qismi Berlinda 1924-yilda nashr etilgan. Asarni o’zbek tiliga G’afur G’ulom va Sotiboldi Yo’ldoshevlar mahorat bilan tarjima qilishgan. M. Kozimiy jurnalistika sohasida ham ishlaydi (“Erani javan” jurnali bosh muharriri, 1926-yil). Bundan keyingi ijodidan “So’ligan gul”, “Qimmatga tushgan rashk” romanlari, publitsistik asarlari, tarjimalari joy olgan. U Eron adabiyotida alohida o’rin tutadi. “Qo’rqinchli Tehron”da Eronning ijtimoiy hayoti, xalqning boshidagi mashaqqatlar, “egilib-bukilib ketgan” adolat, ayollarning ayanch ahvoli aks ettirilgan.
* * *
Sevgi! U doimo kurashishni talab qiladi. Ammo, qo’rqinchli va mutaassib Tehronda sevgi uchun kurashish oson bo’lmaydi. U mislsiz jasorat talab qiladi. Faqatgina jasorat emas, aql ham zarur. Bosh qahramon Farruxda jasurlik bor, aql ham yetarlicha topiladi. Biroq johil va mansabparast, badnafs kimsalar egallab olgan bu mamlakatda sof muhabbat qadr emas, zavol topadi. Bunday mamlakatda ota deputat bo’lish uchun qizini erga beradi, boshqacha aytganda, sotadi. Uning uchun qizi bir uyatsiz va betayin kimsaga turmushga chiqishi – bir tiyin! Unga faqat katta mansablar kerak. U ayollarga manfaat yo’lidagi bir vosita, mansab pillapoyalaridagi narvon deb qaraydi. Kozimiy janoblari bunday kimsalarning xarakterini quyidagi parchada ayon ko’rsatib qo’ygan: “Qizim, inson daraxtni mevasidan bahramand bo’lish uchun ekadi, farzand ham shunga o’xshagan narsa, ya’ni undan biror manfaat ko’rishni istaydi: ... Endi men ham seni erga bermoqchi bo’laman, senga munosib bir er ham topib qo’yganman. Eng oxiri, sening shu to’yingdan foydalanib, deputat bo’lmoqchiman”. Bunaqa insonlarning e’tiqodi faqatgina pul. Ular dunyoni pul ustiga qurilgan deb hisoblashadi. (“Qo’rqinchli Tehron”: roman/M. Kozimiy. –T.: Yangi asr avlodi, 2013, –34-35-betlar.)
Bu mamlakatda yigitlar faqatgina moddiy manfaat uchun uylanishadi. Ular kuni bilan va tuni bilan turfa iflos joylarga oyoq bosganlari yetmagandek, halollik va poklik ustidan kulishadi, masxaralashadi. Ular uchun kimnidir chuv tushirish zo’rlik belgisi va xislat, to’g’rilik esa go’yoki illat. To’g’ri odam ular nazdida landovur, telba yoxud jinoyatchi! Albatta, bu ta’rif barcha eronlik yigitlarga oid emas, biroq aksariyati shunday. Ularning fikr-u yodi kayf-safoda. Misol tariqasida quyidagi parchani keltiramiz: “Qizni olaman, aytganlariday bir o’q bilan uch nishonni birdan uraman, bir tomondan, ehtirosimni shunday go’zal qizning suhbati bilan qondiraman, ikkinchi tomondan, uning davlatini sarflab, boshqa tannozlar bilan aysh-ishrat qilaman, undan keyin otam bechoraga yordam beraman, qashshoqlikdan qutuladi” (“Qo’rqinchli Tehron”: roman/M. Kozimiy. –T.: Yangi asr avlodi, 2013, –45-bet). Bu shahzodaning, Eron shahzodasining fikri! “Tehron”da[1] yana shunday shaxslar borki, ular bilan tanisha turib nafratdan bo’g’riqib ketasiz. Bu zodagonlar or-nomusni bilmaydilar, xotinlarini birovga qo’shishdan uyalmaydilar, ya’ni ular dayusdirlar: “Unday bo’lsa, bilib qo’yishing kerakki, har bir ish uchun avvali jindakkina shunaqa “sovg’a” berilishi lozim. Ish o’rinlagandan keyin ziyofat beriladi. Demak, bu ish, ya’ni mening darajamning ortishi uchun seni u kecha u yerga borib kelishing bir sovg’a qatorida edi. Lekin, ishning hali “ziyofati” bor” (“Qo’rqinchli Tehron”: roman/M. Kozimiy. –T.: Yangi asr avlodi, 2013, –79-bet.). Ayol bechora esa qarshilik ko’rsata olmaydi, chunki unda huquq yo’q! Uning so’zini inobatga olmaydilar, u savodsiz! U inson emas, balki bir matoh kabidir! U xo’rlanadi, haqoratlanadi, toptaladi, ko’chada qoladi, qo’ldan qo’lga o’tishi ham mumkin. Bularning bari mumkin. Nafaqat Tehronda, balki butun Eronda shunday bo’lishi mumkin. Chunki, Eronni ashroflar-u eshonlar, ulamolar johillik to’ri bilan o’rab olganlar, mamlakat qonini zulukdek so’riydilar. Kezi kelganda “ocharchilik yilida kambag’allarga atala tayyorlash uchun ikki qadoq un bergan”ligini aytib maqtanadigan nazari past, makruh narsadan tortinmaydigan hojilarning oshig’i olchi bo’ladi. Shayx degan tabarruk nomga dog’ tushirib, ta’magirlik qilguvchi kimsalar qanchadan qancha edi Tehronda. Ularning boshida esa eshonlar turar, foyda kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlarda hech ikkilanmasdan davlat va dunyoviy ishlarga “burun suqardilar”. Faqatgina Tehron emas, butun  boshli Eron qo’rqinchli va zulmatga burkangan edi. Adib bu manzaralarni ko’z o’ngizda shunday chizib beradiki, vujudingiz nafratdan titrab ketadi.
Mamlakat aholisi sudxo’rlar sirtmog’iga ilingan, xurofotga berilgan, Olloh deb turib sag’anaga sig’ingan edi, yani jaholat domida edilar. Axloqsizlik, buzuqlik, nashavandlik, qimorbozlik butun shaharga yoyilgan, ashroflar bu ishda ilg’or edilar, chunki bu ishlarni qilishga pul kerak bo’lar, pul esa faqat zodagon-u boylarda bor edi. Bu ayniganlar Lut qavmining ishidan ham qaytmasdilar. Tehronning ko’plab ko’chalarida fohishaxonalar, takyaxonalar ochiqdan ochiq faoliyat yuritar, hukumat bunga panja ortidan qarardi. Endi aytingchi, qanday qilib bunday chirkin muhitda sof muhabbatni asrab qolish mumkin?
Asarni o’qir ekansiz, bu qo’rqinchli zulmat ichra ziyoli va oqko’ngil shaxslar ham borligi, ularning bir-birini qo’llashga intilishi, do’stligi sizni ruhlantiradi. Axir, hamma birdek yomon bo’la olmaydi, agar shunday bo’lganda dunyo ag’dar-to’ntar bo’lgan bo’lardi! Sof tuyg’ular bizni yorug’lik tomon boshlaydi, yovuzlikka qarshi kurashga chorlaydi. Gohida bu kurashlarda qurbonliklar beriladi, chidam va sabr-matonat talab qilinadi. Farruxning sevgisini saqlab qolishga urinishi (Mahin bilan qochib ketish, turli choralar qo’llash) behuda bo’ldi, ammo u bu kurashda Ahmadalixon, Javod, Qurbonali singari vijdonli insonlar yordami bilan omon qola oldi, do’stlar orttirdi.  Demak, Eron uchun hamon umid bor!
Asar tafsilotlarini to’liq keltirib o’tirmaymiz, qilgan xulosamiz shuki, muhabbat hayot mazmunidir, u har kimga ham berilmaydi, bir marta qalbga kirgan sevgi hech qachon uni tark etmaydi. Yordan ajralmoq mumkindir, zero, o’lim haqdir, ammo yorning sevgisi qalbda mayoq kabi yonib turaveradi. Asar qahramonlari nojoiz qurilgan tuzumni o’zgartira olmadilar, ammo o’z hayotlarini yaxshi tomonga bura oldilar. Ularning chekkan azoblari uchun qasosi olinmas balki, biroq ular kurashganlari uchun baxtga erishdilar! Maqolamizni bosh qahramonning quyidagi so’zlari bilan tugatishni ma’qul ko’rdik: “Menga kelganda shuni aytish kerakki, agar men o’g’limni tarbiyalay olsam, agar uni o’z zamondoshlariday vatan taqdiriga befarq qarovchi, tanbal bo’lib qolishiga yo’l qo’ymasam – unda qurbim yetganicha o’z burchimni ado etgan bo’laman”.




[1] «Qo’rqinchli Tehron” nazarda tutilgan.

3 comments:

  1. Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Bu asarni deyarli 600 betga yaqinligini ko‘rganimda, boshlashga biroz ikkilangandim. Ammo bu maqolangizni o‘qib chiqib, bu asarni o‘qish istagi menda kuchaydi.

    ReplyDelete
  2. O'qib dahshatdan qotganman. Siz esa juda o'rinlatibsiz...

    ReplyDelete
  3. Aytganday, ancha yillar o'tibdi. Blogingizga nazar tashlamay qo'ygandirsiz... Ammo, sizga baribir rahmat!!!

    ReplyDelete