Har kim ona deydi mushfiq yerini, Oh, ne g‘am, onani kulfatda ko‘rish. Mayli, shoir yozsin so‘nggi she’rini, Faqat, bo‘lmasa bas, so‘nggi bu urush!
Abdulla Oripov
Bugungi dunyo bu kungacha "ko'p"ni ko'rib qo'ydi. Ne-ne quldorlar, shoh-u podshohlar, sultonlar, imperatorlar, "osmon o'g'illari", amirlar, qaysar-u kayzerlar, qirol-u diktatorlarni, ularning gumashtalarini, behisob qullar va mazlum fuqarolarni ko'rdi, porox va tutun hididan to'yib-to'yib hidladi, tuproqlar esa zilol suv o'rniga achchiq ko'z yoshlari-yu qora qon bilan sug'orildi, yer yuzida obod makonlar o'rniga tutundan qorayib, serraygan devorlar qoldi. Ha, bu ko'hna dunyo yaqin besh ming yillik tarixida bularning barini boshidan o'tkazdi. Bularning bariga insonning izzat-nafsi tufayli kelib chiqqan urushlar sababchi edi.
Urush, u nima o'zi? O'z nomidan bilinib turibdiki, "urish"dan (harakat nomi) kelib chiqqan jarayon oti. Bu lingvistik talqin edi. Ensiklopedik jihatdan-chi? Yozilishicha, urush - bu ikki yoki undan ko'p mamlakatning yoki bir mamlakat hududidagi bir necha guruhlarning qurolli mojarosi. Urush haqida o'ylab turib, qadimgi turklardan qolgan bir afsona esimga tushdi. Nomi "Mate jasorati" edi, shekilli. Qisqasini aytganda, xoqon Mate qo'shni mamlakat bilan urushmaslik uchun sevimli otidan, keyingi safarda suyukli yoridan kechadi, faqatgina uchinchi so'rovda, ya'ni bir parcha beunum yer so'ralganda xalqini jangga otlantiradi va g'alaba qozonadi. Bu afsonada Vatanning bir qarich yeri har narsadan ustunligiga urg'u berilsa-da, tinchlik ne'matini asrash g'oyasi ham mavjud. Zero, Mate el-yurti osoyishtaligi uchun oti va rafiqasidan kechadi, tinchlikni or-nomusidan ustun qo'yadi. Demak, o'zbek xalqi butun tarixiy taraqqiyot bosqichlarida tinchlikni ulug' ne'mat sifatida ko'rgan va hozir ham shunday. Biroq, hozir o'zimiz haqimizda emas, balki Yer sharining boshqa nuqtalaridagi xunrezliklar, rasmiy tus berilgan qotilliklar haqida gapirmoqchiman.
Bugun G'arb davlatlarida migratsiya masalasi katta muammoga aylandi. Millionlab arab va afrika xalqlari ko'hna qit'aga qarab "oqmoqda". Ayni shu masalaga YeIni tarqalib ketishiga xavf solayotgan omillardan biri sifatida qaraladi. Arablar. Ular Yevropadan, ha, aynan o'z Vatanlaridan judo bo'lishlariga qay ma'nodadir sababchi bo'lgan mamlakatlardan boshpana so'rab bormoqda va u yerda esa turlicha qarshilanyaptilar. O'z Vatanlarini, uning behisob boyliklarini "kimlar"gadir tashlab ketmoqdalar. Tarixiy yodgorliklar, ma'naviy meros, madaniyat va qadriyat nimaligini bilmaydigan jangarilar esa xo'jasiz qolgan bu mulkni vayronaga aylantirib ulgurdilar, talon-taroj qilib tashlashdi. Qadimiy Bobil, Finikiya madaniyatlarini ko'rgan, Islom ilm-u fani bilan olamga dong taratgan Yaqin Sharq bugun qalban yovvoyi anglo-sakslar, vandallar-u gallarning avlodlari va manqurtsifatlar etigidan titrayapti, toptalmoqda. Bunga kim aybdor? Toza suv o'rniga ko'z yosh ichayotgan ayollar, yupun bolalar, ko'zlardagi alam va iztirob, bularning bariga kim sababchi? Bunga kimdir javob bera olarmikan?
Geopolitik nuqtayi nazardan yondashsak, javob oddiydek: ulkan miqdordagi energiya resurslari, o'ta muhim strategik joylashuv, savdo yo'llari kesishganligi va ularga egalik qilish yo hech qursa, ulardan bemalolroq foydalanish istagidagi qudratli "soyadagi" kuchlar. Shu jumladan, o'z manfaatini millat manfaatidan ustun qo'ygan bir to'da xoinlar, odam qonini to'kishni gunoh bilmaydigan, o'zganing tinchini buzishni xush ko'ruvchi, vahshiy bevatanlar. Kamina esa bu masalaga boshqacha dunyoqarash bilan qaraydi. Quyida shu xususida fikr yuritsak.
Har bir xalq o'z yurtidagi tinchlik va farovonlik uchun, avvalo, o'zi mas'uldir. U o'zgalarning qutqusiga uchmasligi, har bir jarayonga bosiqlik bilan qarashi kerak, shundagina uni xalq deyish mumkin. Qachonki biror muammoni baqir-chaqir va to'palonlar bilan hal etmoqchi bo'lsa, demakki, u xalq emas, oddiy bir olomondir. Biz yuqorida nomini tilga olgan xalqlar namoyishlarga chiqishlaridan boshlab "soyadagi kuchlar"ning makkorona tuzog'iga ilinishgandi. Qisqasi, shoshishdi, nodonlik qilishdi. Ular "sabr va bardosh Tangridan, shoshqaloqlik esa shaytondandir" degan hadisi sahihni unutishdi. Shaytonvachchalarning nog'orasiga o'ynashdi. Oqibatda esa ular soni millionlarni tashkil etuvchi qochoqlar to'dasiga aylandilar. Shaharlar vayronaga aylandi, iqtisod barbod bo'ldi, bu davlatlar xonadonlaridan fayz qochdi, boshqacha aytsak, uylarning chirog'i o'chdi. Bugun xorij matbuotlari jar solayotgan "qattiq siyosiy rejim", "ishsizlik", "nodemokratizm" kabilar ikkinchi darajali sabablar, xolos. Biz aytmoqchi bo'lgan asosiy fikr shuki, har bir xalq boshiga kelgan kulfatlar uchun, avvalo, o'zi sababchi va mas'uldir.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, urush har qanday vaziyatda ham eng yomon chora bo'lib qoladi. Tinchlik va osoyishtalikni qo'riqlash har bir xalqning o'z burchi. Ko'chaga hech bir xavotirsiz chiqish, o'zi xohlagan yumush bilan bemalol shug'ullanish, bolasini bog'cha-yu maktabga xotirjam jo'natish bugun ba'zi xalqlar uchun armon, orzu bo'lib qolyapti! Biz qanday baxtlimiz-a!?
No comments:
Post a Comment