Bugun internetga kirsang bir mavzuning
faol muhokamasiga duch kelasan: “Ana, Toshkent shahar hokimi ajrashayotgan
oilalarni televideniyeda ko‘rsatarmish. Bu odamlarning huquqini poymol
qilishning o‘zginasi!”
Rostdan ham ajrashayotganlarning
huquqlari buziladimi?
Xo‘sh, nima uchun bunday bayonot bilan
chiqildi? Bekorga, bejizga emasdir…
Avvalambor, bitta raqamni qayd etamiz —
oxirgi besh yilda Toshkent shahrida oilaviy ajrimlar soni uch barobarga oshgan!
Ayni vaqtda, bir yillik hisob-kitoblarga qaraganda, ajrimlar soni 32,4 foizni
tashkil etayotir.
Har yili o‘rtacha 4000 dan 4500 gacha
oilada ajrim qayd etilmoqda. O‘tgan to‘qqiz oylikda 3442 ta oila ajrashdi!
Bugungi kunda oilaviy ajrim bo‘icha 779 ta ish sudlar hamda FHDYo bo‘limlarida
ko‘rib chiqish jarayonida. Ushbu oilalarda 489 nafar voyaga yetmagan farzand
bor!
Xo‘sh, biz qayoqqa qarab bormoqdamiz?
Agar shu zaylda ketaversa, ajrimlarning foizi oshib borishiga shubha yo‘q.
Internetda aqlli boshlar juda ko‘p. Ayniqsa, donolik qilib bunday ajrimlarga
yetishmovchilikni bosh sabab qilib fol ochayotganlarga qarata boshqa gap bor:
Ajrimlarning bosh sababi —
yetishmovchilik, oilani boqa olmaslik emas! Ularning aksariyati o‘ziga to‘q,
boyligi o‘ziga yetarli xonadonlarda yuz berayotir. Hokim buni “To‘qlikka
sho‘xlik” deb atadi.
Bu ayni to‘g‘ri baho!
Oilaviy ajrimlarning sabablarini tahlil
qilar ekanmiz, ularning ba’zida o‘ta arzimas, aytishga, bahona qilishga tiling
bormaydigan vajlar ekaniga duch kelish mumkin.
Emishki, “kelin ovqatni sho‘r
pishirarmish”, emishki, “kelinning sepi munosib kelmaganmish”, emishki,
“kelinning otasi kuyovga yaxshi yordam bermasmish…”, “olti oyda mashina sovg‘a
qilmoqchi bo‘lgan qaynota o‘z va’dasida turmabdi”…
Undan ham oldin: Bir kursdoshim bo‘yi
yetgan qiziga kelayotgan sovchilarning berayotgan savollarini sanab berganida
hayratdan yoqa ushladim: Qizingizning sepini ko‘raylik.
Qaysi butikdan kiyinasizlar?
Mayli, kelin qilamiz-u, faqat qizingizni
biron hashamdor hovlidan chiqarasizlar, chunki bizga domdan kelin tushirish
uyat…
Eng ajoyibi, sovchilardan birontasi hoy,
qizing qayerda o‘qigan, ovqat qilishga, tikish-bichishga qanday, qo‘lida biror
hunari bormi, degan savol bermagan… Hayron qolarlikmi? Ayting, bu ketishda
borar manzilim qaysi tarafda?
To‘yga kelamiz: To‘yning bugungi
isrofgarchiligi asli nimaga kerak? Ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz — isrof
bo‘layotgan noz-ne’matlarni… Shuni isrof qilmay, me’yorida qilsak nima bo‘ladi,
axir?
Sabablarning eng ko‘ngilga og‘riq
beradigani va eng asosiylaridan biri qaynonalarga borib taqaladi. E’tibor
bering: Qaynona — ona!
Shahar hokimining o‘rinbosari Farida
Yo‘ldoshevnaning xonasida bir masalani fikrlashib turgandik, qabulxonadan
yig‘i-sig‘i ovozi keldi. Eshikni ochsam, to‘ladan kelgan, yoshi qirqlar
atrofidagi ayol va yonida aftidan, uning qizi… kotiba qiz Sanobarga bir nimalar
deb, baland ovozda gapiryapti. Qo‘lida ro‘molcha, ko‘zlarida nam.
“Keling, keling”, qilib uni ichkariga
taklif etdik.
Xullas, bu ayol yetti-sakkiz yil burun
ajrashgan, bir o‘g‘il va ikki nafar qizi bor ekan. O‘sha qizlarning ikkinchisi
yonida kelgani, u shahardagi kollejlardan birini ikki yil oldin tugatgan, ammo
hali pasport ololmayapti. Negaki, u hech qayerda ro‘yxatda turmaydi. Ayolning
til-zaboni tetikkina, chamasi uncha-munchaga tan beradiganmas, u sobiq erining
hovlisida yasharkan. Qaynonasi ikki kenja qizning ro‘yxatga qo‘yilishiga
rozilik bermayapti.
Mana, sarsongarchilikning mohiyati.
Darhaqiqat, uy qaynonaning nomida, qonunan uning mulki, unga daxl qilish
qonunga xilof. Demak, agar kimdir uning uyiga ro‘yxatga kirsa, uning muayyan
huquqini buzadi.
Mayli, bu kelinda ayb bordir, u asosiy
sababchi hamdir, bunisiga biron narsa deyishga haqqimiz yo‘q. Ammo norasida
ikki qizning huquqi-chi? Uni kim o‘ylaydi?
Murojaat qilib kelgan ayolning
so‘zlariga qaraganda, g‘urbatdan bezib ketgan qiz ikki bora o‘z joniga qasd
qilib turganida to‘xtatib qolingan.
Ba’zi huquqni pesh qiluvchilar hokimning
televideniyeda ko‘rsatish borasidagi fikrlariga darrov “oqilona baho” berishga shoshilishyapti. Ammo noto‘liq
oilalarning har birida ikki-uch nafardan voyaga yetmagan farzand borligini kim
o‘ylaydi?
Hokim mutasaddilarga qarata bir gapni achitib aytdi: “O‘sha norasidaning
o‘rniga o‘z bolangizni qo‘yib ko‘ring!”
Bolaning ro‘yxatga qo‘yilish “huquqi” bir sari. U otasiz oilada hayotdan
rozi bo‘lib o‘sadimi? Otasining mehriga to‘ymagan bola qanday to‘laqonli inson
bo‘lishi mumkin? U maktabdagi sinfdoshlari orasida ularga teng bo‘lolmay,
kamsitilgan, o‘ksitilgan holda ulg‘ayadi. Uning yeyish-ichishi, kiyinishi,
tug‘ilgan kunlari, orzu-niyatlari… hammasi poymol bo‘ladi-ku, axir! Ular o‘nlab
emas, yuzlab, hatto minglab! Bunday muhitda o‘sgan yigit-qizlar ertaga shu ona
shahrimizning kuniga yaraydigan, istiqbolli farzandlari bo‘lishiga kim
ishonadi?
Bilsangiz, hozir turli xorij mamlakatlariga chiqib, nom-nishonsiz
yurgan, o‘ligi yoki tirigidan xabar yo‘q yigit-qizlarning aksariyati hayotdan
norizo bo‘lib voyaga yetganlardir. Bilsangiz, ularning ko‘pchiligiga
xursandchilik, baxtli yashayotganlarning hayoti yoqmaydi! Ularning ko‘pchiligi
ertaga jamiyat uchun xavf keltirishi mumkin! Xo‘sh, endi ayting, kimning
huquqini himoya qilmoq kerak? Kimning huquqi poymol bo‘lyapti?
Kelinini xo‘rlab oyoqosti qilayotgan qaynona televideniyega chiqishga or
qiladimi?
Elning oldiga chiqib na dinda, va na dunyoviy hayotda eng qora qilmish
bo‘lmish — oilasidan voz kechishga qaror qilgan yigitda or bo‘lishi mumkinmi?
Ayniqsa, bolasini o‘z holiga tashlab, ko‘chaga chiqarganlarning vijdoni, uyati
bo‘lishiga ishonish qiyin. Gap ota-ona, kelin-kuyovning o‘zida bo‘lsa ham mayli
edi…
Imkoniyati bo‘la turib, bolalarini ko‘chaga haydab qo‘ygan, yillab
aliment to‘lovlarini to‘lamaydigan yigitning asli yigitlik g‘ururi, sha’ni,
burchi qayoqda qoldi?
Ochig‘i, oilalarimizda, ming afsuski, otalarning va yigitlarning
qadimdan millatimizga xos bo‘lib kelgan egalik o‘rni yo‘qolib boryapti.
O‘z onasini Qariyalar uyiga oborib qo‘ygan bir nufuzli vazirlikning
lavozimli xodimini aynan Farida Yo‘ldoshevna shaxsan vazirga qo‘ng‘iroq qilib
“xatosini tuzattirgani”ga guvohman.
Xo‘sh, biz qay tomonni qoralab ketmoqdamiz?
Darhaqiqat:
Toshkent shahar hokimining o‘sha yig‘ilishda aytilgan qarori imzolandi.
Joriy yilning 20-oktabrida chiqqan 947-sonli qaror “Toshkent shahrida oila
munosabatlarini mustahkamlash va nikohdan ajratish holatlarining oldini olishga
qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tegishli
davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish
to‘g‘risida” deb nomlangan.
Eng avvalo, shahar va tumanlar kesimida tuzilgan ishchi guruhlariga
oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida chuqur tahlillar olib borib, oila
qurayotgan shaxslarning majburiyat va mas’uliyatini oshirish, ajrim qayd
etilgan holatda birinchi navbatda voyaga yetmagan farzandlarning uy-joy bilan
ta’minlanishi, alimentning to‘liq undirilishiga erishish, undan bo‘yin tovlash
holatlariga qarshi amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish
yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilmoqda.
Imkoniyati bo‘la turib, oilasi, farzandlarini uy-joy bilan
ta’minlamagan, oilasini moddiy qiyin ahvolga solib qo‘ygan erkaklar,
fohishabozlik bilan shug‘ullanib oilalarning ajrimiga sababchi bo‘layotgan
ayollar keng jamoatchilik orasida muhokama qilinadi. Bir oy muddatda uy-joysiz
qolgan voyaga yetmagan farzandlar monitoring qilinib, ularning otalari
tomonidan ularga boshpana qilib berish masalasida jiddiy ish olib borish
masalasi ham ilgari surilmoqda.
Qarorda to‘ydan keyin kelinni bir oy muddatda (agar Toshkent shahrida
doimiy ro‘yxatda tursa) kuyov yashaydigan xonadonga (bu xonadon kimning mulki
bo‘lishidan qat’iy nazar) ro‘yxatga qo‘yish borasida vazifalar qo‘yilgan.
Umuman, bu borada ham kelinlar va voyaga yetmagan farzandlarning huquqlarini
ta’minlash bo‘yicha keskin ish olib boriladi.
Ushbu hujjatda har bir tumanda eng ko‘p oilaviy ajrimlar qayd etilgan
o‘n bir mahallaning ro‘yxati keltirilmoqda. Bular:
Bektemirda “Mirishkor”;
Mirobodda “Inoqobod”;
Mirzo Ulug‘bekda “Avayxon”;
Olmazorda “Qo‘shtut”;
Sergelida “Ziynat”;
Uchtepada “Qori yog‘di”;
Chilonzorda “Nafosat”;
Shayxontohurda “Yangiobod”;
Yunusobodda “Beg‘ubor”;
Yakkasaroyda “Damariq”;
Yashnobodda “Ahmad Yassaviy”.
Mazkur mahallalarda 2017-yilning 1-yanvariga qadar ishchi guruhlar keng
jamoatchilik, mahalla oqsoqollari hamkorligida profilaktika tadbirlarini
o‘tkazishadi.
Qarorda erta nikoh, “shar’iy nikoh” bo‘yicha ham qator choralar ko‘rish
belgilangan. Bundan buyon to‘yxonalar kelin-kuyovning yoshi, FHDYoga ariza
berilgani, o‘rta-maxsus o‘quv yurtida tahsil olayotgani va hokazo ma’lumotlarni
talab qiladi. Kasb-hunar kollejlarida o‘qiyotgan qizlarning turmushga chiqishi
hollariga barham berish masalasi ham keskin qo‘yilgan.
Ishchi guruhiga kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda aynan
qizlarni oilaga tayyorlash yo‘nalishida turli fakultativ mashg‘ulotlar, oila
to‘garaklari tashkil etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar hamkorligida
takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yilgan.
Nikoh to‘ylarini ortiqcha chiqimlarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan
o‘tkazish bo‘yicha ham tegishli talablar ilgari surilmoqda.
Eng muhim jihatlardan biri, tahlillar va xulosalardan kelib chiqib,
namunaviy nikoh shartnomasining loyihasini ishlab chiqish va qonunlarda uni
majburiy ravishda tuzish bo‘yicha normalarni nazarda tutuvchi yangiliklar
kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash masalasi ham kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etish lozimki, oila o‘zbek xalqining
muqaddas sanaydigan qadriyatidir. Uni asrab-avaylash nafaqat bugungi yurt
osoyishtaligi, jamiyatdagi ahillik, birlikka xizmat qiladi, balki ertangi
avlodlar uchun ham bebaho, beqiyos boylikdir. Shunday ekan, oilaviy ajrimlar
davlat hokimiyati organlari hamda jamoatchilikning kun tartibidagi eng birinchi
va bosh masalasidir.
Shahar hokimligi ayni mana shu mezon bilan baholagan holda harakat
qilmoqda.
PS: Darhaqiqat, bu borada jamoatchilik, aholining, har bir
hamyurtimizning jonkuyarlik, chuqur tahlil va asosga suyanuvchi, amaliy taklif
va mulohazalarini esa kutib qolamiz.
Husan Ermatov
Toshkent shahar hokimligi
Axborot xizmati rahbari