Saturday, 22 April 2017

Devona va So'fi

Qarorim yo’q ko’ngilda lahzaye, devona Mashrabmen,
Ichibmen tun-u kun may, tolibe mayxona Mashrabmen.
Boborahim Mashrab


“Yana bir toifalar lavandlik (ishyoqmaslik) birla ishlar qilurlar,
otlarin “devona” qo’yub, o’zlarini mastlardek qilurlar.
Shariat birla parvolari bo’lmas. Va yana ayturlarki: “Bizlar oshiqdurmiz,
bizlarga namoz va ro’za darkor emas”. Alarning ulfati Shaytondur.
Bu so’zlarga bovar qilib, andog’ gumrohg’a e’tiqod qilsa, ul Xudoni
dushmanidur. Na uchunkim, ular Xudoni oyatiga munkirdir.
Har kishi oyatga munkir bo’lsa, beshak kofir bo’lur”
So’fi Olloyor
“Maslak ul-mutaqqin” asaridan

Amu va Sirning orasida yastangan bu o’lka o’zining favqulodda daho shaxslariga azaldan boy. Ularni sanash va ta’riflash uchun vaqt kam, qog’oz qisqa. Mana shu buyuklar orasida hozir so’zlaydiganlarimiz – Boborahim Mashrab va So’fi Olloyordir. Ularning o’ziga yarasha hayot va ijod yo’li, maslaklari bor edi.
Mashrab Namanganda bo’zchi oilasida tug’ilgan, qaysi yilda tug’ilgani haqida haligacha aniq bir yilni ko’rsata olishmaydi. 1640-yil deyishadi, boshqa birovlar esa 1653-yilda deb aytadirlar. Yoshligidan uning tabiatida so’fisifatlik, majnunvashlik va qalandarnamolik aks eta boshlagan. O’z shahrida dastlabki ta’limni olgach, 23 yoshida Qashqarga ilm istab boradi. Qashqarda Ofoqxo’ja huzurida yetti yillik xizmat noxushlik bilan tugaydi: Mashrab sevgani uchun qattiq jazolanadi, jismonan majruh qilinadi. Shundan so’ng Mashrabning Toshkent, Xo’jand, Buxoro, Samarqand, Makka-yu Madina va Istanbul sayohati boshlanadi. U o’z zamonasining ko’plab mashhur shaxslari bilan uchrashadi. Unga ixlos qo’yganlar ko’p edi. Shoh Mashrab “elga shoh-u nafsga qul” Balx hokimi Mahmud Qatag’on tomonidan 1711-yilda osib o’ldirishga hukm etilgan. Qabri Ishkonmush degan joydadir.
So’fi Olloyor 1644-yilda Kattaqo’rg’on shahri yaqinidagi Minglar qishlog’ida tavallud topgan. Otasining farzand tarbiyasiga jiddiy qarashi sababli So’fi Olloyor dastlab o’z qishlog’ida o’qidi, 12 yoshida Buxoroga borib madrasalarda ta’lim oldi. So’fi Olloyor katta iste’dodga ega edi. U olti yoshida Qur’oni Karimni o’qib tushiradi. Buxorodagi Jo’ybor madrasasini imtiyozli tugatadi, buning uchun xonning maqtov yorlig’ini oladi hamda 25 yoshida xonlikning bojxona-soliq xizmati to’raligiga tayinlanadi. Ammo…
So’fi Olloyor favqulodda bilim sohibi bo’lganiga qaramay, hukmron tuzum kirdikorlari, jumladan, xalqning ayanch turmushi, tuban amaldorlar nohaqliklari sabab xizmat vazifasidan ketadi, taqvo yo’lini tanlaydi. Ba’zilar bu hodisaga boshqa bir voqeani ham sabab qilib ko’rsatadilar. Abdulazizxon shoirning akasini arzimas qilmishi uchun qatlga hukm qiladi, bundan ta’sirlangan So’fi taqvodorlikka yuz burgan ekan. 12 yillik shayx Habibulloh ta’limidan so’ng uning o’zi ham shayxlik darajasiga ko’tariladi va Panjikent, Urgut, Shahrisabz, Denov, Boysun, Qabadiyon, Qorategin va boshqa yerlarga safar qilib toliblarga shariat va tariqatdan ta’lim beradi. Hayotining oxirgi 11 yilini Katta Vaxshivor qishlog’ida (Oltinsoy tumanida) o’tkazadi. 1721-yilda o’sha yerda vafot etadi. Qabri ham o’sha joyda.
Bu ikki zotning tanlagan yo’liga nazar tashlaydigan bo’lsak, quyidagilarni ko’ramiz. Mashrab ham, So’fi Olloyor ham Ollohning oshiqlari edilar, ikkisi ham valiulloh (karomat sohibi) darajasiga chiqqan. Ammo ikkisi bir maqsadga yetishishda ikki xil usuldan ketgan edi. Boborahim Mashrab naqshbandiya tariqatiga kiradi hamda qalandarlikni tanlaydi. U Mansur Halloj izidan boradi va uningdek o’lishni xohlaydi. Mashrab ijodiga nazar tashlasak, uning lirik qahramoni Imomiddin Nasimiyning lirik qahramoni bilan ma’nan maslakdoshdir:
«Manga sigʻar ikki jahon, man bu jahona sigʻmasam».
Nasimiy
Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
Chu sultoni azaldurmanki, arshi a'loga sigʻmamdur.
Mashrab
So’fi Olloyor ijodida Islom ma’rifatini keng xalq orasiga yoyish, tariqatning inson kamoloti bilan bog’liq g’oyalarini keng targ’ib qilish namoyon bo’ladi. Shuningdek, uning lirik qahramoni Olloh oldida tavba qilayotgan va do’zaxdan najot istayotgan holda namoyon bo’ladi.

Xoliqo!
Qoyilman o’z nuqsonima,
Ko’b jafo qildim o’zumni jonima.
Zoti pokingdan inoyat bo’lmasa,
Hech ishonchim yo’q amal qilg’onima.

Xoliqo!
Qildim faoli kundani,
Qilmog’il rasvo mani – sharmandani.
Sen agar rahmat niqobin yopmasang
Aybi ko’b,nuqsoni ko’bdur bandani.

Xoliqo!
To’ktum ibodat tosini,
San tuzarsan bandani kam-ko’sini.
Qullaring bulg’onsa isyon loyig’a
Oqizursan mag’firat daryosini.

Xoliqo!
Qildim gunohi beadad,
Jon berar holatda san bergil madad.
Nafsi shayton ilkidin qutqormasang,
Bo’ldi mushkul holimizg’a, yo ahad!
So’fi Olloyor

Zamonasining bu ikki buyuk shoiri Qabadiyonda uchrashganligi haqidagi rivoyat ma’lumdir. Masalan, Xalq kitoblari turkumiga kiruvchi Qissai Mashrab[1] asarida bu uchrashuv quyidagicha hikoya qilinadi: Shoh Mashrab Qabadiyonga yetib keladi. Bundan xabar topgan So’fi Olloyor uni xushnud holda qarshi oladi. Ikkisining muloqoti jarayonida Shoh Mashrab aytadiki, So’fi Olloyor do’zaxga hushomad qilibdi, Puli sirotga hushomad qilibdi. Shoh Mashrab uni bu ko’prikdan o’tkazib qo’yishi mumkinligini ma’lum qiladi. Shunda So’fi Olloyor deydi: “Ey Mashrab, putingizning orasiga qarang”. Shoh Mashrab qarasa, yetti do’zax og’zi ochilib turibdi. U javob qaytaradi: “Ey so’fim, bu do’zaxlarni ko’rib muncha qo’rqarsiz? O’zini topqondin so’ng ani qo’lidan nima keladur? Himmatni baland tuting!” Shu joyda Shoh Mashrab bir g’azal o’qiydi, o’sha g’azaldan bir parcha keltiramiz:
Yetti do’zax mardi Haqni oldida gulzordur,
Qo’l tutarg’a rahnamo ham, mardi sohib kordur.

Gar qo’lingdin kelsa, hargiz mo’rchani og’ritmagil,
Ham Xudo bandam demas, har kimki dil ozordur.

To tiriksan diydadin har lahza to’kg’il, obi chashm,
Dilda darding bo’lmasa, ming toating bekordur.
Shoh Mashrab g’azallarini o’qib bo’lgach, ikki qo’li orasiga qarashni so’raydi. So’fi Olloyor Mashrabning qo’llari orasiga qarasaki, bir qancha farishta qiyomda, bir qanchasi ruku’da, ba’zilari su’judda, boshqa birlari qu’udda, yana birlari munojotda duo qilib turishibdi. Ustiga ustak, hammasining duodan maqsadi bir. Shunda Shoh Mashrab bu farishtalar Muhammadning (s. a. v.) ummatini jannatga kiritishini Ollohdan tilab turganliklarini aytadi. Shunday farishtalar insonni jannatga kirishini duo qilib turganda, So’fining o’ziga himmatliroq bo’lishi kerakligini uqtiradi. Shoh Mashrab gapini tugatgach Balxga, taqdiri azali tomon ketadi. Mashrab hayoti haqidagi qissalar turlicha nomlarda va talqinlarda tarqalgan bo’lsa-da, bu rivoyat o’sha kitoblarning barchasida deyarli yuqoridagicha, bir xilda bayon qilingan.
Shunday qilib, ulug’ Turkistonning bu ikki farzandining dardi bir edi – Olloh ishqi. Ikkisi Yaratganning jamoliga yetishishga umidvor edilar, biroq ularning yo’li ikki xil edi. Shoh Mashrab Ollohni anglashni o’zini anglashdan boshladi, o’zini qidirib yo’lga chiqdi va inson zotiga muhabbatli bo’lishga chaqirdi. Odamlarni sevishga undadi, hur fikrlilikni targ’ib qildi. So’fi Olloyor esa kishilarni do’zax bilan qo’rqitdi, uning maqsadi ezgu ekanligiga shubha qilmaymiz, ammo insonni “buni qilma, do’zaxga tushasan” degandan ko’ra, “bunday qil, shunda jannat eshiklari ochiqdir” deb uqtirish to’g’riroq bo’lgan bo’lardi, nazarimizda.




[1] Qissai Mashrab. To’plab, nashrga tayyorlovchilar: Sayfiddin Raf’iddin, Muhammad Yoqub Salim o’g’li, Sharofxon Jamolxon o’g’li. –T.: “Yozuvchi” nashriyoti, 1992.

Tuesday, 11 April 2017

Olamni munavvar etgan kitob

Kuni kecha turkiy davlatchilik tarixidagi buyuk siymolardan biri – Amir Temurning tavallud ayyomi respublikamizda keng nishonlandi. Uning mamlakat uchun qilgan xizmatlari yodga olindi. Sohibqiron zabt etilgan o’lkalardan nafaqat moddiy boyliklar va usta-hunarmandlarni, balki ma’naviy jihatdan bebaho yodgorliklarni ham Mavorounnahrga olib keladi. Bular qatoriga “Mushafi Usmoniy”ni ham kiritmoq joiz! Xalifa Usmon (r. a.) buyrug’i bilan ko’chirtirilgan olti nusxadan[1] biri sanalmish ushbu Qur’oni Karimning yurtimizga olib kelinishiga bog’liq taxminlar bir qanchadir, xususan, shayx Ismoil Mahdum shunday taxminlarning to’qqiztasini sanaydi[2]. Taxminlardan biriga yuzlansak, “Manjamul Umron” (Muhammad Amin Xonjiy) asarida Mushaf Basrada bo’lgani va uni Ibn Battuta ko’rgani, keyinroq esa Amir Temur uni Samarqandga olib ketgani bayon qilinadi. Xuddi shu fikrni rus olimi Shebunin “Ku’fiy Qur’on” nomli kitobida ma’qullaydi. XIX arda rus bosqinchilari “Mushafi Usmoniy”ni Peterburgga olib ketishlari chog’ida samarqandlik ulamolar, keyinroq Buxoro elchisi Yahyo Xo’ja Buxoriy ham bu kitobning Temurbek xazinasida bo’lganligi va Basradan olib kelinganligini ta’kidlashgan. Bu kitobga egalik qilish oson emas edi: “Ҳазрати Усмон Мусҳафининг қимматбаҳолигини, нодирлигини ҳамда унга эга бўлиш учун катта салоҳият талаб қилинишини эътиборга олсак, Мовароуннаҳрга Соҳибқирон Амир Темур юришлари даврида - 1375 йили Ироқдан олиб келингани тўғрисидаги тахмин ҳақиқатга яқин туюлади”[3].  Tarixchi olim Hamid Ziyoyev esa ushbu taxminlardan boshqa birini, ya’ni Temurbekning Oltin O’rdani zabt etishi va Saroy Berkadagi xonlar saroyidan ushbu muqaddas kitobni olib kelganligini asoslab berishga harakat qiladi[4]. Ba’zi rivoyatlar esa “Mushafi Usmoniy” Temurbekdan ham ancha avval Movarounnahrga olib kelinganiga ishora qiladi. 
Shayx Muhammad qozi Shoshiy[5] o’zining “Silsilat ul-orifin” asarida quyidagi voqea bayon qilinadi. Abu Bakr Muhammad bin Ali Qaffol Shoshiy al-Kabir[6] haj safarlarining biridan qaytishda Bag’dodga kirib o’tadi. O’sha paytda Arab xalifaligi va Vizantiya imperiyasi o’rtasidagi siyosiy vaziyat inqirozda edi, imperator Nikofor xalifaga ultimatum yuborgandi: unda arab tilidagi bu xatga munosib javob yo’llash, aks holda, o’lpon to’lash talabi bitilgandi. Talab bajarilmasa, urush qilish tahdid qilingan edi. Butun xalifalik ulamo-yu fozillari yig’ilib bu qasidaga javob yoza olmay turganlarida Qaffol Shoshiy ularga yordam beradi. Rumliklarning ultimatum bitilgan bu qasidasiga ortig’i bilan javob yozib, dushmanni mot qiladi. Shayx bu xizmati evaziga xalifalik xazinasidagi “Mushafi Usmoniy”ni so’raydi va xalifa istar-istamay Mushafni shayxga beradi. Shunday qilib, milodiy X asrda muqaddas kitob Shoshda paydo bo’lgan bo’lsa ehtimol. Bu rivoyatning o’zi ham alohida katta mavzu bo’lib, shayx Qaffol Shoshiy va uning bu xizmati haqida keyingi maqolalarimda bayon qilaman.
Endi o’rinli savol tug’iladi: “Mushafi Usmoniy” Temurbekdan asrlar avval Qaffol Shoshiy tomonidan olib kelingan bo’lsa, u yana qanday qilib Kichik Osiyoga borib qoldi? Izlanishlarning ko’rsatishicha, Mushaf XIII asr boshigacha Toshkentda bo’lgan bo’lsa kerak. Yuqorida nomi tilga olingan shayx Muhammad qozi Shoshiy o’z asarida bu faktni tasdiqlaydi[7]. Unga ko’ra, Mushaf Abu Muso mahallasida saqlangan va Xorazmshoh Muhammad Shoshni xarob qilgandan so’ng g’oyib bo’lgan. Tarixiy faktlarga tayansak, 1214-1215-yillarda Xorazmshoh qoraxitoylar bilan jang qilib, Shosh viloyatini ulardan tortib oladi va aholisini ko’chirtirib yuboradi[8]. Xo’sh, undan keyin nima bo’lgan bo’lishi mumkin? Mushaf qanday qilib Basraga borib qolgan? Bu o’rinda hali hamon tarixiy faktlar topilmaganligi uchun quyidagicha farazni o’rtaga tashlay olamiz, ya’ni Mushaf yashirin tarzda Saljuqiylar tomonga olib ketilgan va Basrada sultonga berilgan bo’lishi mumkin. Muqaddas kitobning Movarounnahrdan olib chiqib ketilishiga biroz vaqtdan keyin bostirib kelgan mug’ullar ham ma’lum darajada sabab bo’lganligi, ehtimol. Xorazmshohning bu muqaddas kitobga e’tibor qaratgan-qaratmaganligi masalasida biron narsa deyish mushkul, chunki biror manbada bu haqida gapirilmagan. Shunday qilib, aynan shu kitobni Ibn Battuta XIII asrning birinchi yarmida Basrada ko’rgan bo’lsa kerak. Oradan bir yarim asr o’tgach, Buyuk Temur u yerlarni zabt etadi va “Mushafi Usmoniy”ni Movarounnahrga qaytaradi!
Hozirda “Mo’yi Muborak” madrasasi Qur’on muzeyida saqlanayotgan “Usmon Mushafi” xalifa Usmon (r. a.)ning shaxsan o’zida saqlangan Bosh mushaf ekanligini shubha ostiga oluvchilar mavjud. Buning o’ziga yarasha obyektiv va subyektiv sabablari mavjud, ammo bu fikrlarni asossizligini isbot qilib chiqilgan tadqiqotlar ham bor[9]. 2000-yil 28-avgustda YUNESKO tomonidan bu Mushafning bosh nusxa ekanligini tasdiqlovchi sertifikat berilgan. Shuni ham unutmaslik kerakki, 2007-yilda Toshkent shahrini “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishiga ushbu Mushaf ham katta omil bo’lib xizmat qilgan.




[1] Shayx Ismoil Mahdum. Toshkentdagi Usmon mushafining tarixi. –T.: “Movarounnahr”, 1995
[2] Yuqoridagi manba.
[5] Xo’ja Ahror Valiyning xalifalaridan sanaladi, Toshkentda qozilik qilgan.
[7] Shayx Ismoil Mahdum. Toshkentdagi Usmon mushafining tarixi. –T.: “Movarounnahr”, 1995