Saturday, 20 January 2018

Muvaffaqiyatli diplomat bõlish uchun õn besh maslahat


(erkin tarjima[1])
Muallif: Robert Den Blekvill
Tarjimon: Quvonchbek Usmon

R. Blekvill 1939-yil 8-avgustda tuǧilgan. AQSHning sobiq diplomati, yozuvchi, Xalqaro munosabatlar kengashining yetakchi a’zosi va lobbist. U AQSHning Hindistondagi elchisi (2001–2003) va AQSH Milliy xavfsizlik kengashining Iroq bõyicha vakili bõlgan. Bu diplomat G. Kissinjerning sevimli shogirdlaridan hamda xalqaro munosabatlar va amaliy diplomatiya borasida qirq yillik boy tajribaga ega shaxs.
Tarjimondan


Oval ofis, Oq uyning ishlar xonasi, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi hamda chet el poytaxtlaridagi qirq yil davomida bõlib õtgan uchrashuvlarim mashhur diplomatlarning eng muhim xislatlari xususida fikr yuritishimga turtki bõldi. Har bir uchrashuvda turfa ustozlardan õrganish imkoniyati bor edi. Bu yerda keltirilgan 15 xislat omadli diplomat uchun juda zarur ekanligiga ishonaman.

Xalqaro   munosabatlar, diplomatiya san’ati va mahoratiga bõlgan doimiy ishtiyoq-u qiziqishning mavjudligi. Agar bu mavzu sizni qoniqtirmasa, sizda dunyoni õrganishga undaydigan yengib bõlmas instinkt bõlmasa, boshqa kasb qidira qoling.

Tahlilchilik qobiliyatingizni kõrsating. Hozirgi madaniyatimiz mafkuraviy moyillik va mustahkamlikni raǧbatlantiradi. Bizdan dastlabki ma’lumotlarga ega bõlmasimizdan fikr sõraladi. Tahlil qilib bõlmasingizdan keladigan buyruqlar bosimiga chidamli bõling. “Inson aqli faktlar va sabablar tufayli harakatga kelishi haqidagi ishonchimga zid bõlgan behisob isbotlarga qarshi qaysarlik qilayotgan behafsala maktab õqituvchisi edim”, deganida Den Echeson bu mushkulotni tushungan edi.

Tez va soz yozing. Tezkor, sifatli yozish qobiliyatingizni muntazam oshirib boring. Buyuk yozuvchilarni õqing va ulardan õrganing. Jorj Oruel, E.B. Uayt hamda Jon Makfi ijodini õqishga harakat qiling.

Qisqa va ravon sõzlang. Jorj Shultsning kuzatishicha, bilim egallashda tinglashning ahamiyati yetarlicha baholanmaydi. Diqqat qiling, faqat kerak bõlganda gapiring hamda mulohazalaringizni lõnda ifodalang. Ammo   oliygohda bular yuqori baholanmaydi.

Tafsilotlarga sinchkovlik bilan e’tibor qarating. Tahliliy ishingiz Prezidentga yoki Bosh vazirga, vaqtinchalik rahbaringizga yoxud hamkasbingizga mõljallanganidan qat’iy nazar, ularning har biri benuqson xizmatga loyiqdirlar. Haqiqiy imkoniyatlaringizdan kamini qabul qilmang. Jef Bezos ta’kidlaganidek, “agar õz ishingizning mirisidan-sirisigacha bilmasangiz, pand yeysiz”.

Pishiq va amaliy muzokarachi bõling. Diplomatning maqsadi “ha” javobini olish emas. Undan kõra mamlakatingiz milliy manfaatlariga eng yaxshi xizmat qiladigan narsadan boshlang. Sõngra yuqoridagi talablarga imkon qadar yaqin bõlgan muzokara natijalariga erishish ilojini qidiring. Õzingiz uchun aniq belgilangan “qizil chiziq”lar õrnating va ulardan tashqariga chiqmang. Jeyms Beyker maslahat berganidek, “hech qachon õzgaga bajariladigan ishlar tartibini belgilatmang” yoxud “jilovni berib qõymang”.

Uzoq muddatli jismoniy va aqliy chidamlilikni shakllantiring. Kuniga 12–16 soatlab hokimiyat va lavozim mas’uliyati bilan ishlash kerak bõladi, stress va bosim ichida bõlasiz. Baquvvat bõling.

Xavfli vazifalarni qabul qiling. Diplomatlar tez-tez tahdidli hududlarda xizmat qiladilar va ba’zida ish joylarida halok bõlishadi. Liviyadan tortib Iroq-u Afǧonistongacha va undan nari joylar, bu faqat tevaragi noyob va nodirliklarga tõla yerlarda bajariladigan xizmatlar emas. Bu vazifaga kirishishdan burun jasoratingiz yetish-yetmasligi haqida õylab kõring.

Tarixni õrganing. Harvard universitetini bitirgan buyuklardan Ernest Mey va Richard Noystatd vaqt silsilasi bõylab fikrlashni ustalik bilan maslahat beradilar. Ular tarix ilmi mavjud vaziyatlarda puxta va aniq siyosiy yõl-yõriq bermasligini inkor etmaydilar, biroq aynan u tanlovlaringizni kõrsatib beradi. Shu bilan birga, tarix siyosatni ifodalash va qõllash bilan boǧliq asosiy masalalarni kõtarib chiqadi. Boshlanishiga Henri Kissinjerning “Qayta qurilgan dunyo”[2] kitobini õqigan yaxshi.

Hokimiyatga õz fikringizni mulohazakorlik bilan ayting. Agar siyosat haqiqatda murakkablashayotgan bõlsa, unga qarshi chiqishga tayyor turing. Ammo paytini topib e’tiroz bildiring. Boshliǧingizning joniga tegib ketmang. Bu siyosiy tafovutlar chõqqiga chiqqan taqdirda ham, “uvillamang”, yumshoqroq aytganda, dardingizni dasturxon qilmang. Iste’foga chiqing.

Boshliǧingizga sodiq va haqiqatgõy bõling. Qanchalik ma’qullamasligingizdan qat’iy nazar, yuqoridan kelgan qarorga hech qachon shubha bildirmang. Qachonlardir shunday qaror bõlib qolganda, sizning kasb burchingiz bu qarorni õrinlatib bajarishdir. Jamoat joylarida rahbariyatingiz qarorini pichirlab rad etishda hech qanaqa jasorat yõq va hech qachon, ayni paytda qanchalik maqsadga muvofiq kõrinmasin, rasmiy boshliqlaringizga yolǧon gapirmang va firib bermang. Aks holda, ishdan bõshatilasiz.

Siyosiy qayishqoqlikni rivojlantiring. Agar gersog Vellington hech qachon jangni boy bermaganda, u õsha mashhur gersog Vellington bõlolmasdi, boshqa kõpgina sarkardalar ham shunday va siz ham. Vaqtinchalik siyosiy maǧlubiyatlarga tayyor turing, sõngra ǧayrat-la keyingi kurashlarni davom ettiring.

Munosib ish tajribasiga erishing. Vaqtingizni, quvvatingizni va sa’y-harakatingizni shaxsiy kamolotingizga sarflang. Katta hokimiyat va tezda keluvchi mansabga chanqoq bõlmang. Kõpgina ishlarda bõlgani kabi diplomatiyada ham tajriba muvaffaqiyatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Uyǧonish davri musavvirlari talab qilganidek, shogirdlik shaxs kamolotining zaruriy bosqichilaridandir. Siz suv taqsimoti bõyicha yaxshi ta’lim olgan, ammo sira quvur õrnatib kõrmagan vodoprovodchini yollagan bõlarmidingiz?

Õz siyosiy mafkurangizni aniqlab oling. Tashqi siyosat sohasidagi lavozim taklifi qanchalik jozibador ekanligi muhim emas. Siz õzingizdan sõrangki, ishlash taklif etilayotgan tashkilot sizning mafkurangizga mutanosibmi yoki yõq? Bunday qilmaslik tuganmas kasbiy oǧriq va azobni õzingizga chaqirish bilan barobardir.

Omadga duch kelganingizda undan foydalaning. Napaleondan qanday turdagi sarkardalarni izlayotganini sõrashganda, “omadlilarini” degan ekan. Qachonki jahondagi hodisalar foydalanishingiz mumkin bõlgan qulay siyosiy fursatlarni berganda, tayyor turing. Shuningdek, (siz erisha oladigan yoki erishishni istaydigan) lavozim kõtarilishida davom etish qismatingizning taqdirlovidir. Bunda sanalgan boshqa 14ta xususiyatga muntazam e’tiborli bõlish karyerangizda ma’lum darajada omadli bõlishga xizmat qiladi.




[1] Asliyatda: “Ideal qualities of a successful diplomat”
[2]Asliyatda: “A world restored”.