Friday, 24 February 2017

Bizga parlament televideniyesi kerakmi?

Parlament faoliyati uni saylab qo’ygan xalqni qiziqtirishi shubhasiz. Fuqarolar o’z hududlaridan saylangan deputat yil bo’yi nima qilishini, kun tartibida nimalar borligini, bergan va’dalarini bajarayotgan-bajarmayotganligini bilishni istaydi. Shuningdek, u parlament majlislarida o’z hududi manfaatlarini qanday himoya qilishi  saylovchilar uchun ham qiziqarli, ham manfaatlidir. Shu qatorda demokratiyaning asosiy tamoyillari bo’lgan ochiqlik va shaffoflik ham ta’minlanishi zarur. Parlament va fuqarolar o’rtasida bo’shliq mavjud bo’lib, uni to’ldirish zarur. Bularning barchasida parlament televideniyesining o’rni beqiyosdir.

Parlament faoliyatini yoritish, xalqqa yetkazish maqsadida ma’lum darajada ishlar amalga oshirilgan bo’lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot xizmati va Senatining Axborot xizmatini tashkil etish shular jumlasidandir. Qonunchilik palatasi huzurida “OAV vakillarini akkreditatsiya qilish qoidalari” ishlab chiqildi va 2010-yil 5-aprelda tasdiqlandi. Jurnalistlarni akkreditatsiya qilishdan maqsad – Qonunchilik palatasi, uning Kengashi, qo’mitalari va komissiyalarining, deputatlar birlashmalarining faoliyati, palatada o’tkaziladigan tadbirlar haqida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shu bilan birga, ushbu jurnalistlar ishini qonuniy tartibda tashkil etish, deb ta’kidlangan. Akkreditatsiya ishlarini Qonunchilik palatasi Matbuot kotibi tashkil etadi. Umuman olganda, akkreditatsiya ishlarining o’zi alohida bir jarayon bo’lib, uni batafsil bayon qilish zarur emas. E’tiboringizni OAV tahririyatlari akkreditatsiya qilishga tavsiya eta oladigan jurnalistlar soniga[1] qaratmoqchimiz:
·       axborot agentliklari uchun 4 nafargacha vakil, ulardan biri fotomuxbir bo’lishi lozim;
·       teletahririyatlar uchun 12 nafargacha vakil (3tadan guruh taqdim etiladi va guruhlar tarkibida teleoperator, texnik xizmat ko’rsatuvchilar bo’lishi nazarda tutilgan);
·       radiotahririyatlar uchun 3 nafargacha vakil;
·       kundalik nashrlar uchun esa 4 nafargacha vakil;
·       haftalik nashrlarga 2 nafargacha vakil.
Oylik va boshqa turdagi nashrlar bir martalik akkreditatsiya uchun buyurtma bera oladilar, xolos.
“Akkreditatsiya guvohnomasi”ni olgan jurnalistlar 2 yillik muddatda palata faoliyati ma’lumotlari bilan ta’minlanadilar, reportajlar tayyorlaydilar, basharti, biror “ishkal”[2] qilib qo’ymasalar. Hozirgi kunda akkreditatsiya qilingan jurnalistlar soni 131tani[3] tashkil etadi. Parlament faoliyatini yorituvchi jurnalistlarning kasb mahoratini hamda tajribasini oshirish, shu bilan birga, ularning Qonunchilik palatasi bilan aloqalarini yana ham qalinlashtirish maqsadini ko’zlab Parlament jurnalistlari klubi tashkil qilingan va u muntazam ishlashi aytiladi. Isbot tariqasida klub har oyda mahoratli jurnalistlarni majlislarga chorlab, parlament hayotini yoritish bo’yicha tajriba almashilishini ta’kidlash joiz. Klub efirga uzatilgan va chop etilgan materiallarni tahlil ham qiladi, faol jurnalistlarning materiallari yuqori baholangan taqdirda ularni rag’batlantiradi ham.

Endi aynan shu masalada ochunda[4] nima gaplar bo’layotganligi, qanaqa ishlar amalga oshirilgani haqida qiziqib ko’rsak. Ko’p emas, roppa-rosa bir yil avval Yevropa eshittirishlar ittifoqi (European Broadcasting Union) 40ta davlatda[5] parlament hayoti qay tariqa va darajada yoritilishi masalasida tadqiqot o’tkazgan. Unga ko’ra 40 mamlakatning 20tasida aynan parlament hayotini yoritishga mo’ljallangan telekanal mavjud ekan, Italiya va  Vengriyada esa ham radio, ham telekanal parlament faoliyatidan to’xtovsiz xabar berib turar ekan. Shulardan 22tasida ushbu kanallar jamoat axborot vositalari xizmati (Public Service Media) tomonidan boshqarilsa, 12ta davlatda (Turkiya, Fransiya, Ispaniya, Irlandiya kabilarda) bu kanallarni  parlament boshqarar ekan. Litva va Vengriyada parlament kanallari xususiy shaxslar tomonidan boshqariladi, biroq ular jamoat instituti sifatida qabul qilinadi. Germaniya va Italiyada esa har ikkisi birgalikda telekanalni boshqaradi. Ushbu qirqta mamlakatning 39tasida parlament faoliyati jonli efirga uzatiladi, faqatgina Kiprda texnik sabablarga ko’ra buning iloji yo’q. Buning uchun siz o’sha davlat parlamentining yoki telekanalning veb-sahifasiga kirishingiz kerak. Turkiya, Makedoniya va Shveysariyadan tashqari barcha mamlakatlarda parlament sessiyalarining arxivlari ham saqlanadi. Bu davlatlarning ko’pida parlament yalpi majlislarini efirga uzatishadi. 23tasida esa yalpi majlislar bilan bir qatorda qo’mita majlislari ham olib uzatiladi. To’g’ri, hamma qo’mita majlislari ham ochiq tarzda o’tkazilavermaydi, bu qo’mitaning xohishiga bog’liq.
O’rganilgan mamlakatlarning 24tasida parlament faoliyati qayta ishlanib efirga uzatiladi, ya’ni reportaj parlament ishining mohiyatini ochib beradi va faoliyatning kerakli joylaridan tayyorlanadi. Turkiya bu ro’yxatga kirmaydi, shu sababdan, parlament majlislaridagi turk deputatlari janjal-u mushtlashishlarining videotasvirlari internet tarmoqlarida keng tarqalgan. O’rganilgan davlatlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib aholiga axborot yetkazish darajasi 75%ni tashkil etgan, parlamentlar asosan Twitter va Facebook tarmoqlaridan foydalanishar ekan.
Parlament faoliyatini televideniye orqali yoritish Yevropa Ittifoqi parlamenti uchun ham xos bo’lib, u onlayn-televideniye (web-TV) sanaladi. Ushbu televideniye xizmati Yevroparlament sessiyalarini, qo’mita majlislarini, yangiliklar va turli munozaralarni, ma’rifiy ko’rsatuvlarni jonli efirda uzatishni o’z ichiga oladi. Shu bilan birga, har bir ko’rsatuvda Yevroittifoqning rasmiy tillaridagi subtitrlar ham mavjud.
Biz yuqorida Yevropada parlament televideniyesi qay darajada taraqqiy etganini ko’rdik. Parlament telekanallari faqat bu hudud bilan cheklanib qolmagan. Masalan, AQSHda C-SPAN[6] telekanali mavjud bo’lib, u xususiy, notijorat, nohukumat tarmoq[7] hisoblanadi. Bu kanal 1979-yilda tashkil etilgan. Ushbu kanalning auditoriyasi 12 million kishi atrofida bo’lib, aholining 4%ini qamrab oladi. Telekanal rahbarlarining so’zlariga qaraganda auditoriyani “ovoz bergan, qatnashgan, saylovni moliyalashtirishga ko’maklashganlar”[8] tashkil etadi. C-SPAN xodimlari Yevropadagi hamkasblari bilan doimiy tajriba almashinib turishadi. Kanada ham parlament televideniyesi sohasida o’z tajribasiga ega, Umumpalata va Senatga oid barcha narsani ommaga uzatib turadigan bu kanalning nomi CPAC (Cable Public Affairs Channels) bo’lib, u foyda olishga mo’ljallanmagan, xususiy telekanaldir. Auditoriyasi saylov davrida 3 million, boshqa paytlarda 1.5-2 million tomoshabindan iborat. Parlament sessiyalari jonli efirda uzatiladi. Janubiy Amerikada Chili bu sohadagi tajribasi bilan ajralib turadi, hozirda u yerda ikkita telekanal parlament faoliyatini yoritib boradi, ya’ni Quyi palata uchun alohida, Senat uchun alohida. Ikki palata o’zlariga tegishli kanalni moddiy ta’minlaydi. To’g’ri, bunda ba’zi muammolar bor, biroq yaxshi ishlamoqda. Osiyoga yuzlanadigan bo’lsak, Tailand, Vyetnam (bu turdagi telekanalga aholisi qiziqmasa ham) kabilarda bu sohada ma’lum tajriba orttirilgan.

Shunday qilib, yuqoridagi ma’lumotlar bizni o’ylashga majbur qildi. Bizda Oliy Majlis faoliyatini yoritib borish, efirga uzatish qay darajada? Qoniqarlimi? Shu savol yuzasidan haftalik teledasturlarga qarab chiqdik. Butun respublika miqyosidagi telekanal – “O’zbekiston”da parlamentimiz faoliyati sutkada 9 marta beriladigan “Axborot” information dasturida hamda haftada 2 marta namoyish etiladigan “Parlament hayoti” teleko’rsatuvida yoritiladi. Shu bilan birga boshqa telekanallarning axborot dasturlarida ham kuzatish mumkin. Aynan “Parlament hayoti” ko’rsatuvini olaylik, u chorshanba kuni soat 18:05 – 18:25 oralig’ida beriladi, payshanba kuni esa soat 14:15 – 14:35 oralig’ida. Ko’rinib turibdiki, haftada 40 daqiqa efir parlament uchun maxsus ajratilar ekan. Bu oz emasmikan-a? Taraqqiy etgan va etayotgan ko’pgina davlatlarda davlatmi, nodavlatmi telekanallar mavjud va ular parlamentlari majlislari, yig’ilishlarini to’g’ridan to’g’ri uzatadi, maxsus dasturlar namoyish etadi, iloji boricha to’liq yoritishga harakat qiladi. Parlament va jamoatchilik ham bu kanallarni doimo qo’llab-quvvatlab turadi. Balki biz ham parlament jurnalistikasida yangi islohotni amalga oshirarmiz? Bizga ham parlament televideniyesi kerak emasmi, deb o’ylab qoldik.
Yuqoridagi o’y-fikrlar va xorij amaliyoti bilan ozroq tanishuv O’zbekiston uchun ham alohida parlament telekanali kerak (!) degan xulosani berdi. O’rinli bir savol tug’iladi: bu kanal tashkil etilsa, yil davomida muntazam ishlashi uchun yetarlicha material mavjudmi? Javobimiz: “ha, mavjud”. Asoslaymiz: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 150 nafar bo’lib, palatada fraksiyalar, qo’mitalar va komissiyalar mavjud. Ularning har biri muayyan vaqtda yig’ilishlar o’tkazishadi. Oliy Majlis Senatida esa 100 nafar senator bo’lib, yiliga kamida 3 marta Senat majlislari bo’lib o’tishi belgilangan. Bundan tashqari, Senatda 6ta qo’mita[9] mavjud va ularning majlislari Senat majlislari oralig’ida o’tkazib turiladi. Shu bilan birga, har bir senator va deputatning faoliyati - alohida bir mavzu. Telekanalda namoyish etiladigan axborot-informatsion dasturlar, xorij parlamentlaridan reportajlar, boshqa ma’rifiy ko’rsatuvlar unga bo’lgan qiziqishni oshiradi, auditoriyani kengaytiradi, telekanalning mazmunini boyitadi. Ko’rinib turibdiki, telekanal uchun bir yilga oshib-toshib ketadigan materiallar mavjud. Auditoriya qiziqishini, doirasini ushlab turish uchun ko’rsatuvlar tilining soddaligi, xalqonaligi va tumtaroq, balandparvoz gaplardan xoliligi ham o’ta muhim ahamiyat kasb etishini unutmaslik kerak. Uzatilayotgan materiallarda har bir qabul qilingan qonunning xalqqa aniq sharhlab berilishi, uning davlat hayotida ishlayotganini ko’rsatib berilishi, o’ylaymizki, juda ko’ngildagidek ish bo’lgan bo’lardi. Xullas, telekanallarimiz safiga yangi “ParlamentTV”[10]ni qo’shadigan payt allaqachon keldi!




[1] http://parliament.gov.uz/uz/informations/accreditation-rules/
[2] “Ishkal” deganda biz jurnalistning noqonuniy xatti-harakat qilib qo’yishi, sha’niga dog’ tushirishi kabilarni nazarda tutdik.
[3] http://parliament.gov.uz/uz/informations/journalists/
[4] Jahon, olam, dunyo
[5] www.ebu.ch/files/live/sites/ebu/files/Publications/EBU-MIS%20-%20Parliamentary%20Broadcast%20Services%20in%20Europe.pdf
[6] https://en.wikipedia.org/wiki/C-SPAN
[7] Bu telekanalning internetda ham o’z sahifalari bor.
[8] http://www.ipu.org/PDF/publications/ebu_en.pdf
[9] http://senat.uz/uz/committee/index.html
[10] Telekanalning nomi o’zimizcha o'ylab topilgan bo’lib, boshqacha nomlar qo’ysa ham bo’ladi. Masalan, “UzParlament”, “UPTV”, “ParliamentUz” va hakozo.

No comments:

Post a Comment