Parlament faoliyati uni saylab qo’ygan xalqni
qiziqtirishi shubhasiz. Fuqarolar o’z hududlaridan saylangan deputat yil bo’yi
nima qilishini, kun tartibida nimalar borligini, bergan va’dalarini
bajarayotgan-bajarmayotganligini bilishni istaydi. Shuningdek, u parlament
majlislarida o’z hududi manfaatlarini qanday himoya qilishi saylovchilar
uchun ham qiziqarli, ham manfaatlidir. Shu qatorda demokratiyaning asosiy
tamoyillari bo’lgan ochiqlik va shaffoflik ham ta’minlanishi
zarur. Parlament va fuqarolar o’rtasida bo’shliq mavjud bo’lib, uni to’ldirish
zarur. Bularning barchasida parlament televideniyesining o’rni beqiyosdir.
Parlament faoliyatini yoritish, xalqqa yetkazish
maqsadida ma’lum darajada ishlar amalga oshirilgan bo’lib, Oliy Majlis
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati va Senatining Axborot xizmatini
tashkil etish shular jumlasidandir. Qonunchilik palatasi huzurida “OAV
vakillarini akkreditatsiya qilish qoidalari” ishlab chiqildi va
2010-yil 5-aprelda tasdiqlandi. Jurnalistlarni akkreditatsiya qilishdan maqsad
– Qonunchilik palatasi, uning Kengashi, qo’mitalari va komissiyalarining,
deputatlar birlashmalarining faoliyati, palatada o’tkaziladigan tadbirlar
haqida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shu bilan birga,
ushbu jurnalistlar ishini qonuniy tartibda tashkil etish, deb ta’kidlangan.
Akkreditatsiya ishlarini Qonunchilik palatasi Matbuot kotibi tashkil etadi.
Umuman olganda, akkreditatsiya ishlarining o’zi alohida bir jarayon bo’lib, uni
batafsil bayon qilish zarur emas. E’tiboringizni OAV tahririyatlari
akkreditatsiya qilishga tavsiya eta oladigan jurnalistlar soniga[1]
qaratmoqchimiz:
·
axborot agentliklari uchun 4 nafargacha vakil, ulardan
biri fotomuxbir bo’lishi lozim;
·
teletahririyatlar uchun 12 nafargacha vakil (3tadan
guruh taqdim etiladi va guruhlar tarkibida teleoperator, texnik xizmat
ko’rsatuvchilar bo’lishi nazarda tutilgan);
·
radiotahririyatlar uchun 3 nafargacha vakil;
·
kundalik nashrlar uchun esa 4 nafargacha vakil;
·
haftalik nashrlarga 2 nafargacha vakil.
Oylik
va boshqa turdagi nashrlar bir martalik akkreditatsiya uchun buyurtma bera
oladilar, xolos.
“Akkreditatsiya
guvohnomasi”ni olgan
jurnalistlar 2 yillik muddatda palata faoliyati ma’lumotlari bilan
ta’minlanadilar, reportajlar tayyorlaydilar, basharti, biror “ishkal”[2]
qilib qo’ymasalar. Hozirgi kunda akkreditatsiya qilingan jurnalistlar soni 131tani[3]
tashkil etadi. Parlament faoliyatini yorituvchi jurnalistlarning kasb
mahoratini hamda tajribasini oshirish, shu bilan birga, ularning Qonunchilik
palatasi bilan aloqalarini yana ham qalinlashtirish maqsadini ko’zlab Parlament
jurnalistlari klubi tashkil qilingan va u muntazam ishlashi
aytiladi. Isbot tariqasida klub har oyda mahoratli jurnalistlarni majlislarga
chorlab, parlament hayotini yoritish bo’yicha tajriba almashilishini ta’kidlash
joiz. Klub efirga uzatilgan va chop etilgan materiallarni tahlil ham qiladi,
faol jurnalistlarning materiallari yuqori baholangan taqdirda ularni rag’batlantiradi
ham.
Endi aynan shu masalada ochunda[4]
nima gaplar bo’layotganligi, qanaqa ishlar amalga oshirilgani haqida qiziqib
ko’rsak. Ko’p emas, roppa-rosa bir yil avval Yevropa eshittirishlar ittifoqi (European Broadcasting Union) 40ta
davlatda[5]
parlament hayoti qay tariqa va darajada yoritilishi masalasida tadqiqot
o’tkazgan. Unga ko’ra 40 mamlakatning 20tasida
aynan parlament hayotini yoritishga mo’ljallangan telekanal mavjud ekan,
Italiya va Vengriyada esa ham radio, ham
telekanal parlament faoliyatidan to’xtovsiz xabar berib turar ekan. Shulardan
22tasida ushbu kanallar jamoat axborot vositalari xizmati (Public Service
Media) tomonidan boshqarilsa, 12ta davlatda (Turkiya, Fransiya, Ispaniya,
Irlandiya kabilarda) bu kanallarni
parlament boshqarar ekan. Litva va Vengriyada parlament kanallari
xususiy shaxslar tomonidan boshqariladi, biroq ular jamoat instituti sifatida
qabul qilinadi. Germaniya va Italiyada esa har ikkisi birgalikda telekanalni
boshqaradi. Ushbu qirqta mamlakatning 39tasida parlament faoliyati jonli efirga uzatiladi, faqatgina
Kiprda texnik sabablarga ko’ra buning iloji yo’q. Buning uchun siz o’sha davlat
parlamentining yoki telekanalning veb-sahifasiga kirishingiz kerak. Turkiya,
Makedoniya va Shveysariyadan tashqari barcha mamlakatlarda parlament
sessiyalarining arxivlari ham saqlanadi. Bu davlatlarning ko’pida parlament
yalpi majlislarini efirga uzatishadi. 23tasida esa yalpi majlislar bilan bir
qatorda qo’mita majlislari ham olib uzatiladi. To’g’ri, hamma qo’mita
majlislari ham ochiq tarzda o’tkazilavermaydi, bu qo’mitaning xohishiga
bog’liq.
O’rganilgan mamlakatlarning 24tasida parlament
faoliyati qayta ishlanib efirga uzatiladi, ya’ni reportaj parlament ishining
mohiyatini ochib beradi va faoliyatning kerakli joylaridan tayyorlanadi.
Turkiya bu ro’yxatga kirmaydi, shu sababdan, parlament majlislaridagi turk
deputatlari janjal-u mushtlashishlarining videotasvirlari internet tarmoqlarida
keng tarqalgan. O’rganilgan davlatlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib
aholiga axborot yetkazish darajasi 75%ni tashkil etgan, parlamentlar asosan
Twitter va Facebook tarmoqlaridan foydalanishar ekan.
Parlament faoliyatini televideniye orqali yoritish
Yevropa Ittifoqi parlamenti uchun ham xos bo’lib, u onlayn-televideniye (web-TV) sanaladi. Ushbu televideniye xizmati Yevroparlament
sessiyalarini, qo’mita majlislarini, yangiliklar va turli munozaralarni,
ma’rifiy ko’rsatuvlarni jonli efirda uzatishni o’z ichiga oladi. Shu bilan
birga, har bir ko’rsatuvda Yevroittifoqning rasmiy tillaridagi subtitrlar ham
mavjud.
Biz yuqorida Yevropada parlament televideniyesi qay
darajada taraqqiy etganini ko’rdik. Parlament telekanallari faqat bu hudud
bilan cheklanib qolmagan. Masalan, AQSHda C-SPAN[6]
telekanali mavjud bo’lib, u xususiy, notijorat, nohukumat tarmoq[7]
hisoblanadi. Bu kanal 1979-yilda tashkil etilgan. Ushbu kanalning auditoriyasi
12 million kishi atrofida bo’lib, aholining 4%ini qamrab oladi. Telekanal
rahbarlarining so’zlariga qaraganda auditoriyani “ovoz bergan,
qatnashgan, saylovni moliyalashtirishga ko’maklashganlar”[8]
tashkil etadi. C-SPAN xodimlari Yevropadagi hamkasblari bilan doimiy tajriba
almashinib turishadi. Kanada ham parlament televideniyesi sohasida o’z
tajribasiga ega, Umumpalata va Senatga oid barcha narsani ommaga uzatib
turadigan bu kanalning nomi CPAC (Cable Public
Affairs Channels) bo’lib, u foyda olishga mo’ljallanmagan, xususiy
telekanaldir. Auditoriyasi saylov davrida 3 million, boshqa paytlarda 1.5-2
million tomoshabindan iborat. Parlament sessiyalari jonli efirda uzatiladi. Janubiy
Amerikada Chili bu sohadagi tajribasi bilan ajralib turadi, hozirda u yerda
ikkita telekanal parlament faoliyatini yoritib boradi, ya’ni Quyi palata uchun
alohida, Senat uchun alohida. Ikki palata o’zlariga tegishli kanalni moddiy
ta’minlaydi. To’g’ri, bunda ba’zi muammolar bor, biroq yaxshi ishlamoqda.
Osiyoga yuzlanadigan bo’lsak, Tailand, Vyetnam (bu turdagi telekanalga aholisi qiziqmasa ham) kabilarda bu sohada
ma’lum tajriba orttirilgan.
Shunday qilib, yuqoridagi ma’lumotlar bizni o’ylashga
majbur qildi. Bizda Oliy Majlis faoliyatini yoritib borish, efirga uzatish qay
darajada? Qoniqarlimi? Shu savol yuzasidan haftalik teledasturlarga qarab
chiqdik. Butun respublika miqyosidagi telekanal – “O’zbekiston”da parlamentimiz
faoliyati sutkada 9 marta beriladigan “Axborot” information dasturida hamda haftada
2 marta namoyish etiladigan “Parlament hayoti”
teleko’rsatuvida yoritiladi. Shu bilan birga boshqa telekanallarning
axborot dasturlarida ham kuzatish mumkin. Aynan “Parlament hayoti” ko’rsatuvini
olaylik, u chorshanba kuni soat 18:05 – 18:25 oralig’ida beriladi,
payshanba kuni esa soat 14:15 – 14:35 oralig’ida. Ko’rinib
turibdiki, haftada 40 daqiqa efir parlament uchun maxsus ajratilar ekan. Bu oz
emasmikan-a? Taraqqiy etgan va etayotgan ko’pgina davlatlarda davlatmi,
nodavlatmi telekanallar mavjud va ular parlamentlari majlislari,
yig’ilishlarini to’g’ridan to’g’ri uzatadi, maxsus dasturlar namoyish etadi,
iloji boricha to’liq yoritishga harakat qiladi. Parlament va jamoatchilik ham
bu kanallarni doimo qo’llab-quvvatlab turadi. Balki biz ham parlament
jurnalistikasida yangi islohotni amalga oshirarmiz? Bizga ham parlament
televideniyesi kerak emasmi, deb o’ylab qoldik.
Yuqoridagi o’y-fikrlar va xorij amaliyoti bilan ozroq
tanishuv O’zbekiston
uchun ham alohida parlament telekanali kerak (!) degan xulosani berdi. O’rinli bir savol tug’iladi: bu kanal tashkil etilsa, yil davomida muntazam ishlashi
uchun yetarlicha material mavjudmi? Javobimiz:
“ha, mavjud”. Asoslaymiz: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 150
nafar bo’lib, palatada fraksiyalar, qo’mitalar va komissiyalar mavjud. Ularning
har biri muayyan vaqtda yig’ilishlar o’tkazishadi. Oliy Majlis Senatida esa 100
nafar senator bo’lib, yiliga kamida 3 marta Senat majlislari bo’lib o’tishi
belgilangan. Bundan tashqari, Senatda 6ta qo’mita[9]
mavjud va ularning majlislari Senat majlislari oralig’ida o’tkazib turiladi.
Shu bilan birga, har bir senator va deputatning faoliyati - alohida bir mavzu. Telekanalda
namoyish etiladigan axborot-informatsion dasturlar, xorij parlamentlaridan
reportajlar, boshqa ma’rifiy ko’rsatuvlar unga bo’lgan qiziqishni oshiradi,
auditoriyani kengaytiradi, telekanalning mazmunini boyitadi. Ko’rinib
turibdiki, telekanal uchun bir yilga oshib-toshib ketadigan materiallar mavjud.
Auditoriya qiziqishini, doirasini ushlab turish uchun ko’rsatuvlar tilining
soddaligi, xalqonaligi va tumtaroq, balandparvoz gaplardan xoliligi ham o’ta
muhim ahamiyat kasb etishini unutmaslik kerak. Uzatilayotgan materiallarda har
bir qabul qilingan qonunning xalqqa aniq sharhlab berilishi, uning davlat
hayotida ishlayotganini ko’rsatib berilishi, o’ylaymizki, juda ko’ngildagidek
ish bo’lgan bo’lardi. Xullas, telekanallarimiz safiga yangi “ParlamentTV”[10]ni
qo’shadigan payt allaqachon keldi!
[2] “Ishkal”
deganda biz jurnalistning noqonuniy xatti-harakat qilib qo’yishi, sha’niga dog’
tushirishi kabilarni nazarda tutdik.
[5] www.ebu.ch/files/live/sites/ebu/files/Publications/EBU-MIS%20-%20Parliamentary%20Broadcast%20Services%20in%20Europe.pdf
[7]
Bu telekanalning internetda ham o’z sahifalari bor.
[10] Telekanalning
nomi o’zimizcha o'ylab topilgan bo’lib, boshqacha nomlar qo’ysa ham bo’ladi. Masalan,
“UzParlament”, “UPTV”, “ParliamentUz”
va hakozo.