Tuesday, 15 May 2018

Qadimgi Rim va Atilla

Muallif: Yevgeniy Zamyatin, asar 1928–1935-yillarda yozilgan.
Asar qahramonlari: yosh Atilla, otasi Medyug, akasi Bleda, imperator Gonoriy va uning singlisi Platsidiya, murabbiy Bass, vizantiyalik tarixchi Prisk, Atillaning tarbiyachisi Adolb, xunlar yetakchisi Uld va boshqalar.
Tarjimon: Mirpo‘lat Mirzo (ruschadan).
Nashriyot: “O‘zbekiston” NMIU, 2016.


Atilla. Xunlarning afsonaviy yetakchisi. Navbatdagi Xun imperiyasining xoqoni. Xalqlarning buyuk ko‘chishi davridagi katta tarixiy shaxs. Ikkala Rim imperiyasining ham yengilmas raqibi va nihoyat, turkiy dunyo tarixidagi atoqli qo‘mondonlardan biri. U xususida ko‘plab ilmiy-tarixiy asarlar yozilgan. Ayni paytda, u tarixiy romanlar qahramoni ham. Ushbu tarjima asar Atillaning tug‘ilish va o‘spirinlik davrini, xususan Rimdagi hayotini (garchi xira, qora ranglari ko‘p bo‘lsa-da) badiiy bo‘yoqlarda  bayon qiladi.
Asar muallifi Y. Zamyatin ham tarixchi, ham yozuvchidir. Uning hayoti inqiloblar, to‘polonlar va urushlar davriga to‘g‘ri keldi. Rossiyadagi oktabr inqilobi natijasida Yevropada xalqlarning kichik ko‘chishi yuz berdi desak, adashmaymiz. Son-sanoqsiz ijodkorlar, san’atkorlar va ilm ahli Rossiyadan G‘arbga qarab ko‘chdi. Bunga bolsheviklar sababchi bo‘lgani sir emas. Yozuvchimiz ham ular qatorida edi. U Parijdan qo‘nim topdi va ijodda davom etdi. Ehtimol, bu taloto‘plar, xaos yozuvchini o‘z fikrlarini bildirishga undagan. Xususan, asarda tasvirlangan voqealar ham shunday taloto‘plardan iborat edi...
***
Milodiy V asrning boshlariga kelib G‘arbiy Rim imperiyasi har tomonlama (siyosiy, iqtisodiy, ma’nan) inqirozni boshdan kechira boshladi. Boshqacha aytganda, qon va zulm ustiga qurilgan va to‘rt asr yashagan saltanat tanazzuli yaqinlashayotgandi. Odamlarda kelajakka umid so‘nib borar; mehnatga tobi yo‘q, kayf-u safoga o‘ch, axloqan aynigan olomon paydo bo‘lgandi. Pul ko‘p, ammo mahsulot yo‘q edi. Yozuvchi bu jarayonni quyidagicha tasvirlaydi:
“Hech bir zamonda o‘lmaydiga tilla ham birdan qadrsizlandi, odamlar unga ishonchini yo‘qotdilar. Holbuki, bu so‘nggi umid edi, hayotda boshqa sobit narsa qolmagandi” [Zamyatin Y. 3-bet].
Jamiyat tanazzuli tabiat hodisalariga ko‘chgan bo‘lib, qish qattiq kelib, uchib ketayotgan qushlar ham muzlab, pastga qulardi. Yoz shunday keldiki, daraxtlar uch martadan gulladi; jazirama avjiga chiqib qushlar yer tugul dov-daraxtga ham qo‘nolmasdi. Bu issiqda odamlar uylaridan qochib chiqib, dalalarda hayvondek to‘da-to‘da bo‘lib yashashardi. Vaqtni unutishgandi.
Yer yorilib ketishi haqida karomat qiluvchi avliyolar ko‘paydi. Ammo yer yorilmadi. Natijada, bu yolg‘on ortidan cherkovning “misi chiqdi”. Odamlar rohiblarga ishonmay qo‘ydi. Yer titrashlari tingach, to‘fon yuz berdi. Ko‘pchilikning boshiga yetdi.
Buzuqlik tabiiy holatga aylandi. Bepushtlik ko‘paydi. Bu holat asarda quyidagicha tasvirlanadi:
“Boy odam, bamisoli, o‘limi oldidan hamma narsasini ulashishga shoshilgandek, ayollar o‘zlarini duch kelganga hadya qilaverdilar. Hammasidan ham ular farzand ko‘rishni endi ortiq istamay qo‘ydilar…” [Zamyatin Y. 5-bet]
Oqibatda, aholi kamaya boshladi. Sharqdan dushman bostirib kelardi, ammo askar yo‘q edi. Rim erkaklari jang qilishga moyilligini yo‘qotgandi. Shunday qilib, o‘sha davrdagi Rimning hayot tarzi asarda achchiqqina qilib tasvirlanadi.
Sharqdan keluvchi odamlar to‘foni xunlar emas edi, balki slavyanlar edi. Ularga Radagost boshchi edi. Negadir, shu yerga kelganda tarjimon bu faktni e’tibordan qochiradi, ya’ni:
“ularga nomi xudolarnikidek jaranglovchi Radagost rahnamolik qilardi”[Zamyatin Y. 8-bet] deb tarjima qiladi. Asarning aslida esa “russlarning xudolaridan birining nomi bilan ataluvchi Radagost” deyilgan. 
Tarjimon nimadan andisha qilgan ekan-a? Yana bir ma’lumot: asarning asil nomi boshqacha, ya’ni “Xudoning qamchisi”Бич божей»).
Voqealar rivojida Radagostni skiflar (aslida xunlar) sardori Uld to‘xtatgani va Rimning xaloskoriga aylangani aks ettiriladi. Shu joyda sahnaga Atilla chiqadi. Amaki va jiyan uchrashadi. Shundan Atillaning bolaligi tasvirlanuvchi voqealar bayoniga ko‘chiladi.
Asarni o‘qish davomida kitobxon Atilla Etil daryosi (hozir Volga) yonida tug‘ilgani, uni tug‘ayotib onasi o‘lganini bilib oladi. So‘ng uning bolalik yillarini, Rimga garov sifatida yuborilganini o‘qiydi. Ayni paytda, Atilla bolaligidan temir irodali, qat’iy, alohida fe’lli shaxs bo‘lganini kuzatadi. Rim imperatori saroyida yashayotganida uning Rimni sharaflovchi so‘zlarni aytmagani ham asarning diqqatga sazovor joylaridan biridir: 
“Yashasin Rim!” hamma baravar qichqirdi. Atilla shoxga o‘xshash, tikkaygan jingala sochli manglayini quyi solib, miq etmadi. Bass uning oldiga keldi. “Nega mum tishlab turibsan?” Atilladan sado chiqmadi. Hamma ko‘zlar Atillaga qadalgandi; u buni his etdi. “Mening tilim og‘riyapti” – dedi u; rim so‘zlari og‘zidan pichirlab, tishlariga urilib chiqdi” [Zamyatin Y. 93-bet]
Atilla Rimda yasharkan o‘zining kelajakdagi raqiblarini yaxshilab o‘rganadi, ularning madaniyati, ojizliklari bilan tanishadi. Bu unga kelajak yurishlarida qo‘l kelgan bo‘lsa, ajabmas. O‘z navbatida unutmaslik kerakki, yozuvchi Atillaga iloji boricha xolisona yondashishga harakat qiladi.
Image result for Emperor HonoriusAsarda yana bir qahramon borki, bu konstantinopollik tarixchi Priskdir. U Rimga ilm olish uchun keladi, ammo bu yerdagi hayot tarziga sho‘ng‘ib keta boshlaydi. Shu bilan birga, imperiyadagi siyosiy-ijtimoiy voqealarni kuzatib boradi. Asarni o‘qirkan, kitobxon rimliklarning hayot tarziga guvoh bo‘ladi. Unda aks ettirilgan, imperator saroyidan boshlab eng faqir kishi hayotigacha kuzatiladigan kayf-safo, buzuqchilikni o‘qib, bunday axloqsiz jamiyat qulashi haqligiga ishonib boradi. Prisk Konstantinopolga qaytgach, Vizantiya tarixini yozmoqchi bo‘ladi. Biroq, tarixning shunday davri kelayotgandiki, xohlasin-xohlamasin, bundan qochib qutulolmasdi. Yangi davr boshlanayotgandi. Bu davr xunlar – Atilla davri edi. Prisk o‘z kitobida yozganlaridan quyidagilari vaziyatni yaqqolroq aks ettiradi: 
“Zero bizning qo‘llarimiz qal’ani boy bergan mag‘lublarning qo‘llari kabi ojizdir, qismatimiz esa allaqachon o‘zga xalqlar qo‘llariga o‘tib bo‘lgan…” [Zamaytin Y. 151-bet].
Xulosa qilishga oshiqar ekanmiz, bu qissa tarixning murakkabliklar, inqiloblar, inqirozlar avj olgan davridan ta’sirlanib yozilganini unutmaslik kerakligini yodga solmoqchimiz. Atilla shaxsiyati juda murakkab, uni o‘z tarixiy sharoiti tarbiyalagan. U shunday bo‘lishga majbur edi. Ammo unda hech kimda uchramaydigan qat’iyat, mag‘rurlik, taqdir inom etgan iqtidor va zehn bor edi. Uni dushmanlar jang maydonida yenga olmasdilar. Faqat va faqat xiyla bilan yo‘q qilish mumkin edi. Buyog‘i endi boshqa mavzu…

Zamyatin Y. /Qadimgi Rim va Atilla [Matn]: qissa; ruschadan M.Mirzo tarjimasi. -Toshkent: "O'zbekiston" NMIU, 2016. - 152 bet.

1 comment:

  1. Casino 1xbet Bonus Code - Air Jordan 3
    2Xbet where can you buy air jordan 18 retro red suede Bonus 파랑새 토토 Code · Deposit: 100% bonus up to $200 · air jordan 18 retro shop Sports: Football, Basketball, Basketball · Minimum Deposit: 스포츠 토토 승부 식 분석 벳피스트 $10 · Players: how can i order air jordan 18 retro racer blue 1,

    ReplyDelete