Friday, 9 March 2018

Mafkurasiz mamlakat haqidagi o‘ylar


Har bir davlat jahon siyosati miqyosida va ichki ishlari doirasida o‘z faoliyatini ma’lum bir prinsiplar, qoidalar va tarixiy taraqqiyotdan kelib chiqqan an’analarga tayanib olib boradi. Xalqning manfaatidan kelib chiqib, amaliy ish olib boruvchi davlat yuqoridagi qoidalarni o‘ziga bayroq qilib olgan bo‘ladi. Yillar davomida sharoit o‘zgarsa-da, mafkura tubdan o‘zgarmaydi. Faqatgina toza g‘oyalar bilan to‘yinishi mumkin. Shu qatorda, turli davlat mafkuralari, umuminsoniy qadriyatlar jihatidan istisno etganda, bir-birini aslo takrorlamaydi.

Har safar Konstitutsiyamizning 12-moddasini o‘qiganimda xayolimda bir fikr takrorlanaveradi: qanday qilib davlat mafkurasiz yashashi mumkin? O‘rni kelgani uchun ushbu moddani to‘liq keltiraman: “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”.
E’tiboringizni ikkinchi qismga qarating. Demak, biror-bir mafkura davlat mafkurasi bo‘lolmas ekan, unda davlat qaysi ma’naviy asoslarga tayanib o‘z faoliyatini olib boradi? Insonni inson qilib ushlab turgan narsa bu uning iymon-e’tiqodidir, davlatni davlat qilgan narsa esa uning mafkurasidir. Unda O‘zbekiston degan mamlakatda davlat faoliyati to‘laqonli va izchil davom etishi qanchalar umidli?

Insof bilan aytish kerakki, yuqoridagi fikrlar Konstitutsiya mualliflarini ham o‘ylantirgan va ular keyingi davrda o‘z oldilariga xalqning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi, ularning manfaatlarini ifodalovchi milliy mafkura yaratish vazifasini qo‘yishgan. Davlat mafkurasining hayotiy zarurat ekanligini ham ta’kidlashgan: “Uning (muallif izohi: mafkuraning) yana bir vazifasi shundan iboratki, u o‘z ijodkori bo‘lgan ijtimoiy guruh yoki millatning nurashi yoki inqirozga yuz tutishiga to‘sqinlik qilib, uning yashovchanligini ta’minlab turadi[1]”.

Mustaqillikning dastlabki davrida milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasi butun jamiyat oldida turardi va hozir ham turibdi. Uni yaratish yo‘lida qator salmoqli ishlar qilingani barchaga ayon. Milliy istiqlol g‘oyasi fanini bog‘chadan boshlab o‘qitishadi va bu oliy ta’lim muassasasigacha da’vom etadi. Ba’zi hollarda esa undan keyin ham o‘rganishga, imtihon topshirishga to‘g‘ri keladi. Biroq…
O‘tgan 27 yil ichida bu mafkura xalqimizga qanchalik singishdi? Ularning barcha qatlamlari ongiga to‘liq yetib bordimi, degan haqli savol tug‘iladi. Keling, bir hayotiy misol keltiray. O‘zim viloyatdanman, u yerda katta yoshli qatlam (asosan, 40-50 yosh) orasida ba’zida sobiq SSSRga bo‘lgan nostalgiyani bir necha bor uchratganman. Bu toifadagi kishilar u davrlarni eslaganda ko‘zlarida yoshlik xotiralari yonadi va tamshanib qo‘yishadi. Hatto “kommunizmga erta yetamiz-indin yetamiz, deb yurib, endi bilsak, kommunizmda yashab qo‘ygan ekanmiz” qabilidagi gaplarni ham eshitib qolasiz. Boshida bunday holat faqat mening qishlog‘imda, tumanimda mavjud deb yurardim. Yaqinda bo‘lgan voqea esa bunday emasligini ko‘rsatdi. Vaziyat taqazosi va qiziqish yuzasidan poytaxt atrofidagi bir tumanga hasharga borib qoldim. Mutlaqo begona odamlar – kombinat ishchilari. Begona bo‘lsa-da, samimiy insonlar. Suvchilar bug‘doy sug‘oryapti. Ular ham sodda, samimiy va dangalchi kishilar. Yoshlari o‘rta yoshdan o‘tgan. Ishchilar va suvchilar bilan davra qilib tamaddi qilar ekanmiz, ularning gurungiga quloq tutaman. Yodimda qolgani – SSSR paytida gugurtning arzimas tiyin turishi, magazin mudirlarining sovun va o‘simlik moyini xaridorning o‘zi o‘lchab olaverishini aytishlari (o‘sha paytlardagi savdo xodimlari bunday mollarga qo‘l tekkizgisi kelmas ekan), 70 so‘m oylik olingani-yu, bu pulning ro‘zg‘orga yetgani va hakozolar. “Endi u davrlar qayda…”

Nostalgiya bormi, demak, bugungi kunimizda nimadir kam. Mafkuramikan? Yana fikr yuritaylik-chi.

So‘nggi paytlarda telekanallardagi hind va turk seriallari borasida salbiy fikrlar ko‘paydi. Jamiyatdagi ko‘pgina axloqiy muammolarning ildizini bu seriallarga bog‘lash uchrayapti. Seriallarni yaxshi-yomonga bo‘lish niyatim yo‘q, shunchaki, ayni mavzuga aloqador tomonini aytmoqchiman. Birorta serialni taqiqlash bilan ish bitmasligi aniq. Eshikni bekitsangiz, teshikdan kiradi. Eng istiqbolli yechim – bu aholida mafkuraviy immunitetni shakllantirish. Odamlarimiz o‘z saviyalari tufayli bunday filmlarni ko‘rmay qo‘ysin. (Shu qatorda, ularga tanlov huquqini ham berish joiz: istagan G‘arb kinosini ko‘rsin, istagan islomiy mazmundagisini ko‘rsin). Buning uchun millat mafkurasi bo‘lishi kerak-ku? Bu yoqda esa u konstitutsiyaviy norma bilan taqiqlab qo‘yilgan.
Kimdir shu joyida xalq mafkurasi va davlat mafkurasi alohidaligi haqidagi e’tirozlarini bildirishi ham mumkin. E’tirozini davom ettira turib, davlat birorta mafkurani qurol qilib, faqat uning qoidalarini qo‘llab faoliyat yuritishi taqiqlangan, desa ham ajab emas. Biroq, qanday qilib xalq mafkurasi bilan hisoblashmay faoliyat yuritib bo‘ladi? Bu holat davlat va xalq o‘rtasida kattakon jarlik paydo qilmaydimi? Axir, davlatning asosi xalq bo‘lsa...

Endi atrofga ham bir nazar tashlasak. Fransiya. Ozodlik va erkinlik g‘oyalari beshigi deyish xato bo‘lmasa kerak. Amaldagi Beshinchi respublika Konstitutsiyasining 2-moddasi fransuz milliy mafkurasining umumiy ko‘rinishini aks ettiradi. Zero, ayni shu modda bilan “Ozodlik, Tenglik, Birodarlik” fransuz xalqining shiori o‘laroq belgilangan. Ayni paytda “Xalq boshqaruvi, xalq bilan birgalikda va xalq uchun” tamoyili ham qaror topdi. Fransiya Konstitutsiyasida mafkura so‘zi biror marta ishlatilmagan, demakki, davlat mafkurasi ham taqiqlanmagan. Fransuz mafkurasi xususida gap ketganda gollizm maydonga chiqadi. Biroq bu alohida mavzu.
Yaponiya. Imperatorlik an’analarini qadrlovchi bu davlat imperator shaxsidan xalqni birlashtiruvchi kuch sifatida foydalanadi. Shuning uchun ham Konstitutsiyasining dastlabki bobini imperatorga bag‘ishlagan bo‘lsa ehtimol. Yaponlar Konstitutsiya orqali davlat mafkurasini taqiqlashmagan. U yerda aynan imperator idealogiyasi ijtimoiy hayotga, ichki va tashqi siyosatga nisbatan davlatning faoliyatini belgilab beradi.
Rossiya Federatsiyasi. Ko‘pgina sobiq Sovet respublikalari qatori u ham davlat mafkurasini taqiqlab qo‘ygan (RF Konstitutsiyasi 13-modda 2-qismi). MDH miqyosida olib qaraganda, barcha davlatlarda yangi milliy mafkura yaratish vazifa qilib qo‘yilgan. Rossiya ham bundan mustasno emas. Rus ziyolilari zimmasiga yangi milliy va federativ sharoitga mos bo‘lgan mafkura yaratish yuklangan. Bu maqsadda ular muntazam ravishda konferensiyalar, anjumanlar tashkillashtirib turishibdi. Diqqat qilish kerak tomoni – bu jarayonda shovinizm unsurlari ham ko‘zga tashlanishi hollari uchramoqda.

MDH davlatlaridagi mafkuraviy holatning umumiy jihati shundaki, mustaqillikka erishilgach, yangi iqtisodiy va siyosiy tizim yaratish vazifasi oldinda turardi. Bu vaziyatda kommunistik mafkura yo‘q qilindi yoki maksimal darajada cheklandi. O‘tmishda bo‘lib o‘tgan qatag‘onlar va boshqa ko‘rguliklarning sababchisi ham davlat tomonidan bir mafkuraning yakkahokimligi o‘rnatilishi bo‘lgani davlat mafkurasi konstitutsiyaviy darajada taqiqlanishiga olib keldi. To‘qsoninchi yillarning boshida bu tabiiy hol va tarixiy sharoit taqozosi ham edi. Biroq, o‘tgan vaqt bu holatning abadiy qolishi mumkin emasligini ko‘rsatmoqda. Masalan, davlatchilikni mustahkamlash yo‘lidagi islohotlar va uning tuzilmasini yanada taraqqiy ettirish maqsadida Konstitutsiyamizga o‘zgartirishlar kiritildi. Demak, bugungi vaziyat unga yana bir tuzatish kiritish lozimligini taqozo etmoqda, ya’ni 12-moddaning ikkinchi qismini bekor qilish yoki mazmunan butkul o‘zgartirish hayotiy zaruratga aylanib ulgurdi. Mustaqillik davrida ishlab chiqilgan milliy mafkurani xalq ruhiga yaqinlashtirish, o‘zbek xalqi xarakterini chizayotganda uning barcha jihatlarini e’tiborga olish kerak. Faqatgina uning sabrliligini, mehmondo‘st va qo‘li ochiqligini, mehnatsevarligini ta’rif-u tavsif qilmasdan, bir zamonlar buyuk millatlar qatorida turganligi va ajdodlarining toza hamda qaynoq qoni hamon tomirlarida oqayotganini eslatish, to‘g‘ri so‘zlilik, vijdonlilik va ishbilarmonlik, eng muhimi, jasurlik kabilar bu xalq tabiatining ajralmas qismi ekanligini yodga solib qo‘yish lozim.

Xulosa qilib aytganda, bizga milliy mafkura kerak va bu milliy mafkura davlat va xalq manfaatlarining mushtarakligi, mamlakat yaxlitligi, odamlarimizning asil va umrboqiy tabiatini ifodalashi, hayotning qiyin pallalarida bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishi kerak.



[1] O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga sharh / A.A. Azizxo‘jayev [va boshq.]; O‘zb.Res. Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik in-ti. –Qayta ishlangan va to‘ldirilgan 2-nashr. –Toshkent: O‘zbekiston, 2013. 59-bet.