Monday, 16 January 2017

"Amir Temur" ozarbayjon talqinida

Muallif: Yunus O’g’uz
Tarjimon: ozarbayjonchadan Usmon Qo’chqor tarjimasi
Nashriyot: “Yangi asr avlodi”, 2013-yil
Qahramonlar: Amir Temur, Halil Sulton, Sayyid Baraka, tojir Oqbobo (Temurning josusi, xabarchisi; savdogar), Shohruh Mirzo, Sulton Boyazid, uning yonidagilar, Rim papasi Bonfatsiy IX, yordamchisi Innokentiy, Yevropa qirollari, Mironshoh, Shayx Ibrohim (Ozarbayjon shohi), Shodimulk, Saroymulkxonim, Sulton Faraj va uning amirlari, Ibn Xaldun (arab tarixchisi), hind sarkardalari, Shom arboblari, Taxmazbek (Temurning qo’riqchiboshisi) va boshqa ko’plab to’qima obrazlar va tarixiy  shaxslar.
Voqealar Samarqand, Hind, Rim va, umuman, Temur qadami yetgan joylarda sodir bo’ladi.
 Voqealar rivoji: Asar 2 kitobdan iborat. Dilogiyaning 1-kitobi “Yuksalish sari” deb nomalanadi. Unda pir Sayyid Barakaning Temur bilan suhbatidan boshlanuvchi voqealar Hindni zabt etish bilan tugaydi.
“Dunyoning hokimi” nomli 2-kitobda Temurning Kichik Osiyoga yurishi, bir qancha mamlakatlarni egallab, Sulton Boyazidni mag’lub etishi va dunyo hokimiga aylanishi yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangan.
Asar asl tarixiy manbalarga tayangan va Amir Temur haqida xolisona gapiriladi, uning tarixdagi o’rnini haqqoniy ta’kidlaydi.
O’ziga xos jihati: Yozuvchi qahramonga ozarbayjon nuqtayi nazaridan emas, balki turkiy xalqlar vakili sifatida qarab, Amir Temurni turkiylarning so’nggi xoqoni deb ataydi. Asarda turkiy xalqlar taqdiriga befarq qaramagan, ularning yakdilligi, ittifoqi va Buyuk turk (usmonli turklar ham shuning ichida) shon-shavkatini tarannum etuvchi ijodkor ruhi sezilib turadi. Quyidagi parchani keltiramiz:
“…
Amir Temur “Ko’kda bir Olloh, yerda bir xoqon” degan shiorni hayotga tatbiq etgan so’nggi turkiy hukmdor bo’ldi. Ushbu buyuk fotihdan keyin turkiy tuproqlar va turkiy davlatlar hech qachon vohid holga kela olmadi.
…”.
Yana bir jihati shundaki, Yunus O’g’uz Ozarbayjonni “Abadiy el” – Turonning yuragi deb ataydi. Sababi bu xaritadan bilinadi.

Taassurotlar va munosabat
Asar ma’qul bo’ldi, ichidagi imlo xatolariga, albattta, nashriyot aybdor. Shu xatolar bo’lmaganda, hech to’qishmasdan, yana ham ko’proq zavq bilan o’qilardi.
Asarning ko’lami katta. Makon va zamon ulkanligiga qaramasdan yozuvchi hammasini yorita olishi uning bilimi va mahoratidan dalolat beradi.
Bizning turkiy tarixga qiziqishimiz, turkiy xalqlar taqdiriga befarq emasligimiz va ularga bo’lgan o’zgacha mehrimiz asarga bo’lgan munosabatimizni oydinlashtiradi. Bu kabi asarlar jamiyatga ko’proq kerak, ayniqsa, turkiy xalqlar jamiyatiga!