
XX asrning birinchi choragi. Dunyoda evrilish-u
o’zgarishlar shamoli tinimsiz esmoqda. Ilm-fan tezdan tez taraqqiy etmoqda,
san’at va adabiyot yangidan yangi cho’qqilarga chiqmoqda, fuqaro huquqlari
doirasi kengaymoqda, qisqasi, dunyo yana-da go’zallashmoqda. Orada bo’lib
o’tgan URUSH odamlarni faollashtirib yuborgan. Ayollarga ham saylash huquqi
berilgan, erkaklar bilan teng maqomda va hakozolar.

Bizning tariximizda M. Behbudiy, A. Avloniy, A. Qodiriy,
Cho’lpon, Fitrat kabilar qanchalik o’ringa ega bo’lsa, M. Kozimiy ham jonkuyar,
vatanparvar ijodkorligi bilan Eron tarixida shunchalik o’ringa ega. Biz
Qodiriyni romanchiligimiz asoschilaridan biri sifatida bilamiz. “O’tkan kunlar”
romani sujeti Turkiston o’lkasining XIX asrdagi holidan xabar beradi, unda
o’zbek xalqining asl farzandlari bilan bir qatorda “palag’da tuxum”ga o’xshash
bolalari ham borligi va ular o’rtasidagi kurash, davr muammolari aks etgan.
Cho’lpon esa o’z romanida (“Kecha va kunduz”) XX asr boshlaridagi Turkiston
holidan xabar beradi. Ular qanday muammolarni ko’tarib chiqqanini sizga aytib
o’tirishim shart emas, albatta. M. Kozimiy ham Eron adabiyotida zamonaviy
romanchilik asoschilaridan biri bo’ldi. Agar e’tibor bersak, u ham turkistonlik
hamkasblari bilan bir davrda adabiyot olamiga qadam qo’ygan. Uning dastlabki
romani “Qo’rqinchli Tehron” bo’lib, uni 1922-yilda yozib tugatgan. Kitobning
1-qismi Tehronda 1921-yilda, 2-qismi Berlinda 1924-yilda nashr etilgan. Asarni
o’zbek tiliga G’afur G’ulom va Sotiboldi Yo’ldoshevlar mahorat bilan tarjima
qilishgan. M. Kozimiy jurnalistika sohasida ham ishlaydi (“Erani javan” jurnali
bosh muharriri, 1926-yil). Bundan keyingi ijodidan “So’ligan gul”, “Qimmatga
tushgan rashk” romanlari, publitsistik asarlari, tarjimalari joy olgan. U Eron
adabiyotida alohida o’rin tutadi. “Qo’rqinchli Tehron”da Eronning ijtimoiy
hayoti, xalqning boshidagi mashaqqatlar, “egilib-bukilib ketgan” adolat,
ayollarning ayanch ahvoli aks ettirilgan.
* * *
Sevgi!
U doimo kurashishni talab qiladi. Ammo, qo’rqinchli va mutaassib Tehronda sevgi
uchun kurashish oson bo’lmaydi. U mislsiz jasorat talab qiladi. Faqatgina
jasorat emas, aql ham zarur. Bosh qahramon Farruxda jasurlik bor, aql ham
yetarlicha topiladi. Biroq johil va mansabparast, badnafs kimsalar egallab
olgan bu mamlakatda sof muhabbat qadr emas, zavol topadi. Bunday mamlakatda ota
deputat bo’lish uchun qizini erga beradi, boshqacha aytganda, sotadi. Uning
uchun qizi bir uyatsiz va betayin kimsaga turmushga chiqishi – bir tiyin! Unga
faqat katta mansablar kerak. U ayollarga manfaat yo’lidagi bir vosita, mansab
pillapoyalaridagi narvon deb qaraydi. Kozimiy janoblari bunday kimsalarning
xarakterini quyidagi parchada ayon ko’rsatib qo’ygan: “Qizim, inson daraxtni mevasidan
bahramand bo’lish uchun ekadi, farzand ham shunga o’xshagan narsa, ya’ni undan
biror manfaat ko’rishni istaydi: ... Endi men ham seni erga bermoqchi bo’laman,
senga munosib bir er ham topib qo’yganman. Eng oxiri, sening shu to’yingdan
foydalanib, deputat bo’lmoqchiman”. Bunaqa insonlarning e’tiqodi faqatgina
pul. Ular dunyoni pul ustiga qurilgan deb hisoblashadi. (“Qo’rqinchli Tehron”:
roman/M. Kozimiy. –T.: Yangi asr avlodi, 2013, –34-35-betlar.)
Bu
mamlakatda yigitlar faqatgina moddiy manfaat uchun uylanishadi. Ular kuni bilan
va tuni bilan turfa iflos joylarga oyoq bosganlari yetmagandek, halollik va
poklik ustidan kulishadi, masxaralashadi. Ular uchun kimnidir chuv tushirish
zo’rlik belgisi va xislat, to’g’rilik esa go’yoki illat. To’g’ri odam ular
nazdida landovur, telba yoxud jinoyatchi! Albatta, bu ta’rif barcha eronlik
yigitlarga oid emas, biroq aksariyati shunday. Ularning fikr-u yodi kayf-safoda.
Misol tariqasida quyidagi parchani keltiramiz: “Qizni olaman, aytganlariday bir
o’q bilan uch nishonni birdan uraman, bir tomondan, ehtirosimni shunday go’zal
qizning suhbati bilan qondiraman, ikkinchi tomondan, uning davlatini sarflab,
boshqa tannozlar bilan aysh-ishrat qilaman, undan keyin otam bechoraga yordam
beraman, qashshoqlikdan qutuladi” (“Qo’rqinchli Tehron”: roman/M.
Kozimiy. –T.: Yangi asr avlodi, 2013, –45-bet). Bu shahzodaning, Eron
shahzodasining fikri! “Tehron”da[1]
yana shunday shaxslar borki, ular bilan tanisha turib nafratdan bo’g’riqib
ketasiz. Bu zodagonlar or-nomusni bilmaydilar, xotinlarini birovga qo’shishdan
uyalmaydilar, ya’ni ular dayusdirlar: “Unday bo’lsa, bilib qo’yishing kerakki, har
bir ish uchun avvali jindakkina shunaqa “sovg’a” berilishi lozim. Ish
o’rinlagandan keyin ziyofat beriladi. Demak, bu ish, ya’ni mening darajamning
ortishi uchun seni u kecha u yerga borib kelishing bir sovg’a qatorida edi.
Lekin, ishning hali “ziyofati” bor” (“Qo’rqinchli Tehron”: roman/M.
Kozimiy. –T.: Yangi asr avlodi, 2013, –79-bet.). Ayol bechora esa qarshilik
ko’rsata olmaydi, chunki unda huquq yo’q! Uning so’zini inobatga olmaydilar, u
savodsiz! U inson emas, balki bir matoh kabidir! U xo’rlanadi, haqoratlanadi,
toptaladi, ko’chada qoladi, qo’ldan qo’lga o’tishi ham mumkin. Bularning bari mumkin.
Nafaqat Tehronda, balki butun Eronda shunday bo’lishi mumkin. Chunki, Eronni
ashroflar-u eshonlar, ulamolar johillik to’ri bilan o’rab olganlar, mamlakat
qonini zulukdek so’riydilar. Kezi kelganda “ocharchilik yilida kambag’allarga atala
tayyorlash uchun ikki qadoq un bergan”ligini aytib maqtanadigan nazari
past, makruh narsadan tortinmaydigan hojilarning oshig’i olchi bo’ladi. Shayx
degan tabarruk nomga dog’ tushirib, ta’magirlik qilguvchi kimsalar qanchadan qancha
edi Tehronda. Ularning boshida esa eshonlar turar, foyda kelishi mumkin bo’lgan
vaziyatlarda hech ikkilanmasdan davlat va dunyoviy ishlarga “burun suqardilar”.
Faqatgina Tehron emas, butun boshli Eron
qo’rqinchli va zulmatga burkangan edi. Adib bu manzaralarni ko’z o’ngizda
shunday chizib beradiki, vujudingiz nafratdan titrab ketadi.
Mamlakat
aholisi sudxo’rlar sirtmog’iga ilingan, xurofotga berilgan, Olloh deb turib
sag’anaga sig’ingan edi, yani jaholat domida edilar. Axloqsizlik, buzuqlik,
nashavandlik, qimorbozlik butun shaharga yoyilgan, ashroflar bu ishda ilg’or
edilar, chunki bu ishlarni qilishga pul kerak bo’lar, pul esa faqat zodagon-u
boylarda bor edi. Bu ayniganlar Lut qavmining ishidan ham qaytmasdilar. Tehronning
ko’plab ko’chalarida fohishaxonalar, takyaxonalar ochiqdan ochiq faoliyat
yuritar, hukumat bunga panja ortidan qarardi. Endi aytingchi, qanday qilib
bunday chirkin muhitda sof muhabbatni asrab qolish mumkin?
Asarni
o’qir ekansiz, bu qo’rqinchli zulmat ichra ziyoli va oqko’ngil shaxslar ham
borligi, ularning bir-birini qo’llashga intilishi, do’stligi sizni ruhlantiradi.
Axir, hamma birdek yomon bo’la olmaydi, agar shunday bo’lganda dunyo
ag’dar-to’ntar bo’lgan bo’lardi! Sof tuyg’ular bizni yorug’lik tomon boshlaydi,
yovuzlikka qarshi kurashga chorlaydi. Gohida bu kurashlarda qurbonliklar
beriladi, chidam va sabr-matonat talab qilinadi. Farruxning sevgisini saqlab
qolishga urinishi (Mahin bilan qochib ketish, turli choralar qo’llash) behuda
bo’ldi, ammo u bu kurashda Ahmadalixon, Javod, Qurbonali singari vijdonli
insonlar yordami bilan omon qola oldi, do’stlar orttirdi. Demak, Eron uchun hamon umid bor!
Asar
tafsilotlarini to’liq keltirib o’tirmaymiz, qilgan xulosamiz shuki, muhabbat
hayot mazmunidir, u har kimga ham berilmaydi, bir marta qalbga kirgan sevgi
hech qachon uni tark etmaydi. Yordan ajralmoq mumkindir, zero, o’lim haqdir,
ammo yorning sevgisi qalbda mayoq kabi yonib turaveradi. Asar qahramonlari
nojoiz qurilgan tuzumni o’zgartira olmadilar, ammo o’z hayotlarini yaxshi
tomonga bura oldilar. Ularning chekkan azoblari uchun qasosi olinmas balki,
biroq ular kurashganlari uchun baxtga erishdilar! Maqolamizni bosh qahramonning
quyidagi so’zlari bilan tugatishni ma’qul ko’rdik: “Menga kelganda shuni aytish
kerakki, agar men o’g’limni tarbiyalay olsam, agar uni o’z zamondoshlariday
vatan taqdiriga befarq qarovchi, tanbal bo’lib qolishiga yo’l qo’ymasam – unda
qurbim yetganicha o’z burchimni ado etgan bo’laman”.
Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Bu asarni deyarli 600 betga yaqinligini ko‘rganimda, boshlashga biroz ikkilangandim. Ammo bu maqolangizni o‘qib chiqib, bu asarni o‘qish istagi menda kuchaydi.
ReplyDeleteO'qib dahshatdan qotganman. Siz esa juda o'rinlatibsiz...
ReplyDeleteAytganday, ancha yillar o'tibdi. Blogingizga nazar tashlamay qo'ygandirsiz... Ammo, sizga baribir rahmat!!!
ReplyDelete